Breaking News

Ukraina urushi: Rossiyaga xavfsizlik kafolatlari beriladimi?


10-oyga kirgan Ukraina urushi ortidan Rossiyaga xavfsizlik kafolatlarini taqdim etish bo’yicha muzokaralar yana siyosiy sahnaga qaytishi mumkin.

Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronning matbuotdagi intervyusiga ko’ra, u AQShga qilgan safari davomida Jo Bayden bilan “ertangi kun xavfsizlik arxitekturasini” muhokama qilgan.

Makron Rossiya NATOning kengayishidan muntazam xavotir bildirib kelayotganini eslatar ekan, bu xavotirlarni muhokama qilish, Rossiyaga xavfsizlik kafolatlari taqdim etish zaruriyati haqida gapirgan.

Fransiya prezidenting bu bayonoti Ukraina urushidan avval Rossiya va G’arb o’rtasida xavfsizlik kafolatlari bo’yicha o’tgan muzokaralarni yodga solmoqda.

Fevral boshida Moskvada Rossiya va G’arb o’rtasida global xavfsizlikka doir muzokaralar o’tgan. NATO kengayishi, Ukraina va Gruziyani alyansga qabul qilmaslik, xavfsizlikning yangi arxitekturasi kabi masalalar muhokama qilingan muloqot natijasiz tugagan edi.

Makron bu muzokaralar doirasida Vladimir Putin bilan faol muloqot olib borgan, tomonlar Moskvada matbuot anjumani ham uyushtirishgan. Unda Putin Rossiya o’z talablariga NATOdan javob kutishini ta’kidlagan edi.

Rossiyaning bu talablari NATO yetakchilari, jumladan, AQSh tomonidan rad etilgan. Oradan ikki hafta o’tib, Rossiya Ukrainaga qarshi urush boshlagan edi.

Prezident Makronning bu tashabbusi uning AQShga safari, Bayden bilan muloqoti ortidan qilinmoqda. Bayden Putin muzokaralarga tayyor bo’lgan taqdirda bunday uchrashuv ehtimolini inkor etmadi.

Ayni paytda Makron va Putin muloqotiga hozirlik ko’rilayotgani, bu suhbatdan avval Makron va Prezidenti Volodimir Zelenskiy o’rtasida muzokaralar o’tishi ta’kidlanyapti.

Ukrainada Fransiya prezidentining Rossiyaga xavfsizlik kafolatlarini taqdim etish haqidagi tashabbusi keskin tanqidlar bilan kutib olindi.

Ukraina prezidenti devonidan, Xavfsizlik kengashidan bu borada bildirilgan munosabatlar Rossiya o’z qo’shinlarini Ukraina hududidan olib chiqmas, Ukrainaga yetkazgan zararini qoplamas ekan, muzokaralar haqida gap bo’lishi mumkin emasligi haqida.

Hukumatdagi bu keskin pozitsiyadan qat’i nazar, Ukraina ittifoqchilar yordamiga o’ta muhtoj, ayniqsa harbiy texnika masalasida.

Urush qishda qanday bo’ladi?

AQSh razvedkasi qish Ukraina urushi shiddatini bir necha oyga susaytiradi degan fikrda. Milliy razvedka idorasi direktori Avril Xeynsdan iqtibos keltirilayotgan ma’lumotga ko’ra, Ukraina ham, Rossiya ham qish mavsumini kelgusi janglarga texnik jihatdan tayyorgarlik ko’rish uchun sarflashi ehtimoli yaqin.

Darhaqiqat, so’nggi haftalar front chizig’ining aksariyat hududlarida og’ir janglar ketayotgani yo’q, tomonlar asosan mudofaa bilan band.

Bu hafta Ukraina energetik obyektlarining o’qqa tutilishi ham bir qadar kamaydi. Ayrim harbiy ekspertlarga tayanilsa, bu qahraton qish bilan bog’liq, xususan Rossiya tomonidan keng qo’llab kelingan Eronda ishlab chiqarilgan dronlarning plastik detallarga egaligi, bunday sovuqlarga moslashmagani bilan.

Ammo AQSh razvedkasi fikriga barcha ekspertlar ham qo‘shilayotgani yo’q. Mustaqil manbalar yog‘ingarchilik ortidan sustlashgan janglar haqiqiy qish boshlanishi bilan yana keskinlashishini faraz qilishmoqda.

Qish mavsumi ta’sir o’tkazmagan frontlar ham bor, xususan Baxmut uchun kechayotgan shiddatli janglar.

Xalqaro ekspertlar, xususan AQShda asoslangan Urushlarni o’rganish instituti ekspertlari Ukraina armiyasi bu shaharni yaqin vaqtda boy berishi mumkinligini ham taxmin qilishadi.

Ekspertlarga ko’ra, Rossiya armiyasi yirik yo’qotishlar evaziga bu shaharni qo’lga kiritgan taqdirda ham uning strategik ahamiyati unchalik katta emas. Aksincha, Severedonetsk uchun kechgan janglar kabi Rossiya armiyasi imkoniyatlari parchalanishiga xizmat qilishi mumkin.

Qurbonlar soniga doir ziddiyatlar

Baxmut uchun janglar og’ir, shafqatsiz kechmoqda. 3-dekabr kuni bu shahar atrofida Ukraina tomonida jang qilgan besh nafar gruziyalik jangchi halok bo’lgani ma’lum qilindi.

Ukraina tomoni odatda jangdagi yo’qotishlar haqida ma’lumot bermaydi. Bu holatda o’lgan jangchilar Gruziya fuqarolari ekanligi istisno. Ularning Baxmut uchun janglarda halok bo’lgani ham Ukrainaning Gruziyadagi elchixonasi tomonidan bildirilgan.

Bu hafta Rossiyaning Ukrainaga bosqini haqida ma’ruza qilgan Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Leyen Rossiya bosqini boshlanganidan buyon ukrain armiyasi qurbonlari 100 mingdan oshgani haqida gapirdi.

O’lganlar soniga doir raqamlar Ukraina tomoni e’tiroziga sabab bo’lishi ortidan Yevrokomissiya rahbari murojaati qayta tahrir qilindi, uning video murojaatidan Ukraina talafotlari soniga doir raqamlar olib tashlandi.

Dastlab aytilgan, keyinchalik qayta tahrir qilingan bu ma’lumot matbuot diqqatidan chetda qolgani yo’q.

Yevrokomissiya olib tashlangan raqamlar ochiq manbalardan olingani bilan izohlagan bo’lsa, Ukraina tomoni “o’lgan harbiylar soni yopiq ma’lumotlar sirasiga kirishi”ni bildirdi.

Ukraina tomoni keyinchalik qurbonlarga doir raqamlarni rasman ochiqladi. Prezident devoni urushda halok bo’lgan ukrain harbiylari soni 10 mingdan 13,5 minggacha bo’lgan raqamlarni tashkil etishini ta’kidladi.

284-kun davom etayotgan Ukraina-Rossiya urushi qurbonlariga doir rasmiy ma’lumotlarga tayanilsa, har ikki tomondan o’lganlarning umumiy soni 20 ming harbiy atrofida deyish mumkin.

Ammo bu ma’lumot mustaqil manbalarda keltirilayotgan raqamlardan keskin farq qiladi. Ayrim mustaqil manbalarda Ukraina urushidagi umumiy qurbonlar soni 200 ming kishidan oshib ketganligi ham ta’kidlanadi.

Ittifoqchi davlatlar armiyasi Ukraina urushiga kiradimi?

Bu hafta Belarusga safar qilgan Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu Prezident Aleksandr Lukashenko va Mudofaa vaziri Viktor Xrenin bilan uchrashdi.

Shoyguning safaridan asosiy maqsad Rossiya-Belarus ishtirokida tuzilgan mintaqaviy qo’shinlarning jangovar tayyorgarligi bilan tanishish sifatida taqdim qilingan.

Shoygu bilan uchrashgan Lukashenko Ukraina urushi, G’arb mavzusini chetlab o’tmadi. U yagona armiya tashkil etgan ittifoqchi davlatlar (Rossiya-Belarus) har qanday tashqi tahdidlarga tayyor ekanligi haqida bayonot qildi.

Rossiya-Ukraina ittifoqi doirasida tashkil qilingan mintaqaviy qo’shinlar soni 100 ming atrofida deb ko’riladi. Bu qo’shinlar Ukrainaga qarshi urushda ishlatilishi mumkinligiga doir xavotirlar mavjud.

Ekspertlar Moskva Minskni Ukraina urushiga jalb qilishga urinib kelayotgani, Shoyguning Belarusga safari ham shu bosim doirasida amalga oshganini ehtimol qilishadi.

Belarus Rossiya armiyasiga o’z hududidan foydalanishga izn bergan, ammo Prezident Lukashenko bu urushga bevosita tortilishdan ehtiyot bo’lib kelmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG