AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Bill Berns 14-noyabr kuni Turkiyada Rossiya razvedka idorasi rahbari Sergey Narishkin bilan uchrashgan. Oq uyning bildirishicha, Berns Narishkinni Kremlning atom qurollarini ishlatish haqidagi tahdidlari xususida ogohlantirgan.
Anqaradagi muloqotda Ukrainadagi urushni to'xtatish borasida so'zlashilmagan, deydi rasmiylar, asosiy mavzu yadro arsenali bo'lgan.
Berns Rossiyada hibsda o'tirgan ikki amerikalik taqdirini ham ko'targan. Narishkinning javobi mavhum.
Bern-Narishkin muloqoti Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan beri ikki davlat rasmiylari orasidagi eng yuqori darajadagi yuzma-yuz so'zlashuv.
Amerika hukumati Kiyevni bu uchrashuv haqida oldindan boxabar qilgan.
Prezident Jo Bayden Indoneziyada Katta Yigirmalik uchrashuvida Xitoy va boshqa davlatlarning rahbarlari bilan Ukraina haqida gaplashgan.
Baydenning aytishicha, Rossiyaning atom qurollari ishlatishi mumkinligi borasida ogohlatirib kelayotgani mas'uliyatsizlikdir va qabul qilib bo'lmas holat.
Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Berns va Narishkin uchrashganini tasdiqlar ekan, tashabbus Amerikadan chiqdi, degan.
Turkiya bu muloqotga mezbonlik qilganidan mamnun va Ukraina-Rossiya tinchlik muzokaralari uchun ham ochiq ekanini eslatmoqda.
Don mahsulotlari eksporti bo'yicha BMT, Ukraina va Rossiya orasida kechgan muzokaralar ham Turkiyada o'tgan edi.
Berns va Narishkin Turkiya razvedka agentligi qoshida ko'rishgan.
Bu orada AQSh Moliya vazirligi Rossiya harbiy-sanoat kompleksiga sanksiyalarni oshirib, 14 shaxs va 23 muassasani qora ro'yxatga qo'shgan. Unda Tayvan, Fransiya va Shveytsariyadagi tashkilotlar ham bor.
Bayden Rossiya qo'shinlarining Xersonni tark etganini olqishlagan. .
“Bu - Ukraina uchun juda muhim g'alaba. Ukraina xalqi va armiyasining jasorati va idorasini aks ettiradi", - dedi prezident.
Kremlning tahdidlariga qaramay, deydi Amerika rasmiylari, Rossiya o'z atom qurollari pozitsiyasini o'zgartirmagan. Biroq Bayden ma'muriyati Rossiyaga "bunday po'pisalar o'rinsiz" deya eslatib kelmoqda.
Putin bu qurollarni Ukrainaga qarshi ishlatmasligini aytgan.
Bayden Bernsni o'tgan yili Moskvaga yuborib, Ukrainaga bostirib kirmaslikka chaqirgan.
Aslida razvedka idoralari rahbarlarining uchrashuvlari sir tutiladi, ammo Vashingtonda bu borada oshkoralikni ma'qul ko'radi.
Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken urush boshlanganidan beri bir necha tadbirlarda birga qatnashdi, ammo yuzma-yuz alohida muloqot qilmadi. Telefonda gaplashgan xolos.
Ikki davlat mudofaa vazirlari va milliy xavfsizlik maslahatchilari ham bir necha bor telefon orqali muloqot qilgan.
Facebook Forum