Urush domiga tortilgan Ukrainada qrim-tatarlar farzandlari islomiy maktabda tahsil olmoqda. Islom bu yerda birinchi sinfdan o’qitiladi.
Islomiy talablarga muvofiq, ilg’or zamonaviy usuldagi bu maktab Kiyev viloyatida yashayotgan musulmon qirim-tatarlar jamoasi tomonidan bunyod qilingan.
Maktab direktori, loyiha asoschilaridan biri Nozim Saidaxmetov tadbirkor. U Qirg’izistonda, surgundagi qrim tatarlar oilasida tug’ilgan. Oila 90-yillarda Qrimga qaytgan. Nozim o’rta maktabni Qrimda tugatib, oliy ta’limni Turkiyada olgan.
2014-yilda Rossiya Qrimni ishg’ol qilishi ortidan ko’plab qrimliklar singari Saidaxmetov ham Kiyevga ko’chib keldi, faoliyatini shu yerda davom ettirmoqda.
Nozim Saidaxmetovning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, maktabdagi ta’limning asosiy maqsadi yana majburan surgunga tushgan qrim-tatarlarga o’z tili va dinini unutmaslikka yordam berish. Qrim-tatar tili va islom asoslari muhim darslar sirasiga kiradi.
Maktab direktori muovini, qrim-tatar tili o’qituvchisi Gulnoza Hojigeldiyevaning ta’kidlashicha, Rossiya bosqini tufayli o’z vatanlarini tark etishga majbur qrim- tatarlar uchun bu kabi maktablarning o’rni juda muhim.
Asosan qrim-tatarlar jamoasi tomonidan moliyalashtirib kelinayotgan bu maktabda darslar Ukraina ta’lim tizimi va islomiy qadriyatlar muvofiqlashtirilgan tarzda olib boriladi. Maktab binosining birinchi qavati o’g’il bolalar, ikkinchi qavati qizlar uchun ajratilgan; bu ko’proq yuqori sinflarga taalluqli. Nozim Saidaxmetov maktabda eng ilg’or zamonaviy ta’lim usullarini joriy etmoqchi, ayni paytda maktab laboratoriyasi tashkil etish harakatida yuribdi.
Rossiya bosqini bu maktab faoliyatiga ham o’z ta’sirini o’tkazdi. Urush, raketalar xavfi ortidan ko’plab musulmonlar Ukrainani tark etdi, maktabda o’quvchilar siyraklashdi.
Ayni paytda 30 dan oshiq o’quvchi qolgan. Maktab rahbariyati urush tugab, bolalar yana o’qishga qaytishiga ishonadi, sho bois sinfxonalarni takomillashtirish ishlari davom etmoqda.
Facebook Forum