Breaking News

Ukraina askarlari Germaniyada harbiy mashg'ulot boshladi


Harbiy tayyorgarlikdan o'tayotgan Ukraina askarlari
Harbiy tayyorgarlikdan o'tayotgan Ukraina askarlari

Germaniyada AQSh harbiylari Ukraina kuchlarini kengaytirilgan tartibda jangovar tayyorgarlikdan o’tkazish mashg’ulotlarini boshladi. Besh haftadan sakkiz haftagacha bo’lgan muddat ichida 500 ga yaqin ukrainalik askarlar batalyoni treningni tugatib, jang maydoniga qaytishga tayyor bo’ladi, dedi AQSh qo’shma harbiy shtabi boshlig’i general Mark Milli.

Dasturda qatnashish uchun yuzlab ukrainalik harbiylar bir necha kun oldin Germaniyaga yetib kelgan. Bu yerda ular turli qurollar va harbiy texnikalar bilan ishlashni, jamoaviy jangovar harakatlarni o’rganadi.

Hozirgacha bu mashg’ulotlarning aniq boshlanish muddati noaniq qolayotgan edi.

Qo'shma qurolli mashg'ulotlar Ukraina askarlarining jangovar ko'nikmalarini oshirishga qaratilgan bo'lib, qatnashchilar hujum boshlash yoki Rossiya hujumlarini qaytarish yo’nalishlarida tayyorgarlikdan o’tadi.

Milllining Germaniyaga safari chog’ida jurnalistlarga aytishicha, Ukrainaga yo‘l olgan bir qator yangi qurollar, artilleriya, tanklar va boshqa texnika vositalari ishtirokida o’tkaziladigan murakkab mashg‘ulotlar Ukrainaga Rossiya egallab olgan hududlarni qaytarib olishda yordam beradi.

“Ukraina oʻzini himoya qila olishi uchun bu qoʻllab-quvvatlash haqiqatan ham muhim”, - dedi Miller.

Uning so‘zlariga ko‘ra, maqsad va’da qilingan barcha qurol-yarog‘ va jihozlarni Ukrainaga vaqtida yetkazib berish. Ungacha tayyorgarlikdan o’tayotgan askarlar bu qurollardan qanday foydalanishni o’rganib oladi, dedi AQSh generali.

Germaniyadagi mashg’ulotlar Ukraina qo‘shinlari sharqiy Donetsk viloyatida shiddatli janglar olib borayotgan bir paytda amalga oshirilmoqda. Rossiya harbiylari so’nggi kunlarda Soledar shaharchasi ustidan nazorat o‘rnatganini da‘vo qildi. Ukraina esa shaharda janglar davom etayotganini bildirdi.

Agar Moskva qo'shinlari Soledarni haqiqatdan ham qo’lga kiritgan bo’lsa, bu ularga bir necha oydan beri janglar davom etayotgan kattaroq Baxmut shahriga yaqinlashishga imkon beradi.

Rossiya, shuningdek, Kiyev, shimoli-sharqdagi Xarkov va janubi-sharqdagi Dnepr shaharlariga yangi raketa zarbalarini boshladi. Dneprdagi turar-joy binosiga uyushtirilgan so’nggi hujumda halok bo‘lgan odamlar soni 30 dan oshgani xabar qilinmoqda.

Germaniyada boshlangan harbiy dastur, dastlab, kichik otryadlarni o’z ichiga oladi va asta-sekin kattaroq bo'linmalar ham qamrab olinadi. Trening butun batalyonni o’z ichiga oladigan yanada murakkab jangovar mashqlar bilan yakunlanadi.

AQSh allaqachon 3100 dan ortiq ukrainalik askarni ba'zi qurollar, jumladan, gaubitsalardan, zirxli transport vositalaridan hamda HIMARS deb nomlanuvchi yuqori harakatchanlikdagi artilleriya raketa tizimidan foydalanish va ularga xizmat ko'rsatish bo'yicha tayyorgarlikdan o’tkazdi. Boshqa davlatlar ham o'zlari taqdim etgan qurollar bo'yicha ukrainaliklar uchun mashg'ulotlar o'tkazmoqda.

O'tgan oy yangi dasturni e'lon qilar ekan, Pentagon matbuot kotibi general Pat Rayderning aytishicha, bu mashg’ulotlar “jang maydonida samarali qo‘shma harbiy operatsiyalar va harakatlarni o‘tkazishda ilg‘or jamoaviy tayyorgarlik darajasini oshirish”ga xizmat qiladi.

Millining aytishicha, AQSh bu turdagi mashg'ulotlarni o'tgan yili fevral oyida Rossiya bosqinidan oldin o'tkazgan. Ammo urush boshlanganidan so‘ng, AQSh Milliy gvardiyasi va Ukraina ichida mashg‘ulot o‘tkazayotgan maxsus amaliyot kuchlarining barchasi mamlakatni tark etgan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG