Yangi yildan oldin Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy davlatning ommaviy axborot vositalari ustidan nazoratini kengaytirishga qaratilgan qonun loyihasini imzoladi. Ba’zilar buni senzuraga harakat deya tanqid qildi.
"Nazarimizda, ushbu hujjat erkin axborot oqimi ustidan yanada qattiqroq nazoratni o’rnatishga qaratilgan harakatdir”, - deydi Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasidan Gulnoza Said.
Qonunda Ukrainaning Teleradio kengashiga ommaviy axborot vositalariga faoliyat uchun litsenziya berish yoki uni olib qo’yish vakolati berilgan.
"Qonunda ko’rsatilgan tuzilmani to’laqonli mustaqil milliy nazorat organi deb hisoblamaymiz”, - deydi Yevropa jurnalistlari federatsiyasidan Rikardo Guterres.
Tashkilot vakili qabul qilingan qonunda kengashga jazo choralarini qo’llash, jarima solish va hatto sud qarorisiz matbuot organlari faoliyatini to’xtatish vakolati berilganidan xavotirda.
Ukraina milliy jurnalistlar uyushmasi ham tashvish bildirib, teleradio kengash mustaqil faoliyat yuritmasdan Zelenskiy hukumatining buyrug’iga ko’ra ishlashini ta’kidlaydi.
"Matbuotga doir qonunchilikning muhim tomoni milliy media nazoratchining siyosiy ravishda mustaqil bo’lishi kerakligida”, - deydi uyushma vakili Sergey Tomilenko.
Rasmiylar yangi qonunni himoya qilarkan, matbuot bungacha istalgan ma’lumotlarni, jumladan rus propagandasini uzatib kelganini aytadi.
"Kengash o’z faoliyatining aksar qismida batamom kuchsiz edi. Buni Rossiyaga xayrixoh telekanallardan bilsa ham bo’ladi. Hech kim hech narsa qila olmagan. Kengash vakolatlarining kengaytirilishi mustaqillikni kafolatlash yo’lidagi muhim qadamdir”, - deydi Ukraina madaniyat va axborot siyosati vazirining o’rinbosari Taras Shevchenko.
279 sahifalik qonun loyihasiga deputatlar mingga yaqin sahifadan iborat tuzatishlar ham kiritdi. Hujjatning eng qattiq tanqidga olingan bandlari yakuniy ko’rinishiga kiritilmadi.
"Hujjatga tanqidiy yondashuvimiz iyul oyidan beri yumshagan bo’lsa-da, uni mamlakatda matbuot erkinligini kafolatlashga yetarli deb bilmaymiz”, - deydi Guterres.
Facebook Forum