Breaking News

Markaziy Osiyo Rossiyaga qarshi sanksiyalarga qo'shiladimi?


Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovga ko’ra, G’arb Markaziy Osiyo davlatlarini Rossiyaga qarshi sanksiyalarga qo’shilishga undamoqda, buning uchun bosim va talablar qo’ymoqda.

Lavrov Moskvada o’tkazgan matbuot anjumanida AQSh, Yevropa Ittifoqi va Yaponiyani Markaziy Osiyoga bosim ko’rsatayotgan kuchlar sifatida sanab o’tdi.

Rossiya bosh diplomatiga ko’ra, G’arb mintaqa davlatlariga “Rossiya urushda yutqazishi, shuning uchun avvaldan g’olib tomonda bo’lish”, kabi tavsiyalar bermoqda. Uning aytishicha, aks holda “mintaqa G’arb sarmoyasi, bozorini yo’qotishi, sanksiyalarni aylanib o’tishda Rossiyaga zinhor yordam bermaslik” haqidagi tahdidlar ham mavjud.

Bu Markaziy Osiyo va G’arb munosabatlari iliqlashishi soyasida Moskva tomonidan yo’llanayotgan navbatdagi ogohlantirishdir. Avvalroq Moskva tomoni tahdidli bayonot bilan chiqqan edi.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri o’rinbosari Aleksandr Sternik Rossiyaning Markaziy Osiyoga nisbatan siyosati strategik sabrga asoslangani, ammo mintaqa davlatlarining Rossiyaga qo’yilgan sanksiyalar bilan bog’liq biror nojo’ya harakatlari ularga misli ko’rilmagan iqtisodiy zarbalar berishi haqida ogohlantirgan.

Ayni paytda Markaziy Osiyo, xususan, O’zbekiston to’qnash turgan energetik inqiroz shu ogohlantirish oqibatimi, yo’qmi, noma’lum.

Ammo Rossiya va Markaziy Osiyo munosabatlarida zimdan tarangliklar kuzatiladi. Ayniqsa agar Vladimir Putin tomonidan olg’a surilgan “uch tomonlama gaz ittifoqi” tashabbusini O’zbekiston va Qozog’iston inobatsiz qoldirgani, Moskvaning “gaz ittifoqi” doirasidagi shartlari rad etilgani nazarda tutilsa.

O’zbekiston va Qozog’iston matbuotida Rossiya energetik resurslarni bosim vositasiga aylantirayotganiga doir chiqishlar mavjud. Moskva taklif qilayotgan “gaz ittifoqi” shartlari qabul qilingan taqdirda mintaqa, ayniqsa O’zbekiston yanada kuchliroq bosim ostida qolishi ta’kidlanadi.

Avvalroq O’zbekiston energetika vaziri mamlakat Rossiyadan gaz sotib olishga tayyorligi, faqat bu “qandaydir ittifoqlar” doirasida emas, tijorat bitimiga muvofiq amalga oshishi zarurligini bildirgan edi.

Qozog’iston tomoni “gaz ittifoqi” tashabbusini Rossiyaga nisbatan sanksiyalar tartibi buzilishi ehtimoli bilan rad etgan.

Ammo so’nggi ma’lumotlarga ko’ra, Rossiya va Qozog’iston gaz bo’yicha hamkorlikni nazarda tutuvchi “Yo’l xaritasi”ga kelishgan. Bu boradagi bitimni Rossiya tomonidan “Gazprom”, Qozog’iston tomonidan bosh vazir o’rinbosari imzolagan.

“Gaz ittifoqi” sanksiyalar tartibini buzishini ehtimol qilgan Qozog’iston hukumati Rossiya bilan energetik sohadagi hamkorlik ikki tomonlama va o’zaro manfaatli shartlarga muvofiq davom etishini bildirgan.

Qozog’iston Markaziy Osiyoda Rossiya bosimiga bevosita ochiq davlat. O’rtadagi chegara 7 ming kilometrga yaqin.

Rossiya siyosatchilari so’nggi paytda, ayniqsa Ukraina bosqini ortidan Qozog’istonda rus tilli aholi kamsitilayotgani, qozoq millatchiligiga doir iddaolarni jiddiy kuchaytirishgan.

Prezident Qosim-Jo’mart To’qayev Moskva bilan murosa qilish, Ukraina masalasida muvozanatni ushlashga urinib keladi, ammo bu siyosat tanqidlardan xoli emas.

Qozoq muxolifatchilari mamlakat 30 yildirki Rossiya bosimi ostida qolayotganida yetakchilarni aybli ko’rishadi.

“To’qayevning hokimiyatga kelishi o’zi Putining roziligi bilan amalga oshgandi. Yanvar inqiloblarida xalq uni ag’darib tashlamoqchi edi, lekin yana Putinning yordami bilan hokimiyatini ushlab qoldi. To’qayevning har zamonda Putinga e’tiroz bildirishi, go’yo Ukraina hududiy yaxlitligini qo’llashi, bu shunchaki jamoatchilik uchun o’yin. Chunki qozoqlarning aksariyati Ukraina tomonida. Aslida qozoq hukumati Moskvani har tomonlama qo’llayapti, bunga sanksiyalar ortidan Rossiyaga o’tayotgan yuk hajmi bir necha o’n barobarga oshgani ham dalil”, - deydi qozoq muxolifatchisi Erjan Turg’umboy.

To’qayevning har zamonda Putinga e’tiroz bildirishi, go’yo Ukraina hududiy yaxlitligini qo’llashi, bu shunchaki jamoatchilik uchun o’yin. Chunki qozoqlarning aksariyati Ukraina tomonida.

Ukraina masalasida nafaqat Qozog’iston, balki Markaziy Osiyoning barcha davlatlari rasman betaraflik maqomida.

Bu betaraflikka AQSh ham, Yevropa Ittifoqi ham tushunish bilan yondashdi, aloqalarni rivojlantirishga tayyorlik izhor qildi. Qozog’istonda ilk bor Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi sammiti o’tkazildi.

Markaziy Osiyo yetakchilari qatnashgan bu sammitda Yevropa Kengashi prezidenti Sharl Mishel Yevropa Ittifoqi an’anaviy tarzda Rossiya ta’sir doirasida ko’rib kelingan Markaziy Osiyo davlatlari bilan har tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirishga tayyor ekanini aytdi.

Bu sammitdan biroz o’tib, Germaniya Tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok O’zbekiston va Qozog’istonda muzokaralar o’tkazdi. Berbok Toshkentdagi matbuot anjumanida Markaziy Osiyo faqat Rossiya va Xitoyning ta’sir doirasiga tushib qolmasligi zarurligini ta’kidladi.

Rossiya Markaziy Osiyo hududi geostrategik manfaatlariga kirishini ta’kidlab keladi. Rossiya bilan yirik iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy aloqalarga ega mintaqa hukumatlari bu da’voni ochiq rad etmaydi, ammo jamoatchilikda bu iddaoga nisbatan norozilik kuchli.

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi, bu mamlakat hududlarini anneksiya qilishi ortidan mintaqa jamoatchiligida Moskvaga nisbatan norozilik jiddiy oshgan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG