Breaking News

Rossiya Ukrainani dron xurujlarida ayblamoqda


Moskvada dron tushgan imoratlardan biri, 30-may, 2023
Moskvada dron tushgan imoratlardan biri, 30-may, 2023

AQSh Ukrainaga 300 million dollarga teng harbiy yordam yetkazadi. Havo kuchlarini quvvatlovchi bu ko'mak Rossiyaga qarshi qudratni oshiradi, deya bildirmoqda Pentagon. Bu orada Moskvadagi dron xurujlarida Rossiya hukumati Kiyevni gumon qilmoqda.

Joriy oyning o'zida Rossiya Kiyevga 17 bor havodan hujum qilgan. Bugun Moskvada kamida sakkiz dron hamlasi kuzatilgan. Ikki kishi jarohatlangan, ikki turarjoyga zarar yetgan.

Prezident Vladimir Putin vaziyatdan xabardor, deydi uning matbuot kotibi Dmitriy Peskov. Ukraina hukumati sukutda.

Vashington munosabat bildirishga shoshmayapti, biroq biror davlatga yoki uning aholisiga xurujlar yoqlanmaydi, deydi Davlat departamenti so'zlovchisi.

Bayden ma'muriyati Ukraina harbiy salohiyatini ko'tarishga bel bog'lagan va bundan maqsad Rossiya aggressiyasiga munosib javob berish, deydi rasmiylar.

AQShga ko'ra, urushni bas qilishning eng oson yo'li - Rossiya qo'shinlarining Ukrainadan chiqib ketishi. Biroq Kreml bunday qarordan yiroq.

May oyi boshida ham Moskva drondan nishonga olingan edi. Ukraina o'shanda ham Kremlga hamlada ayblangan.

Prezident Vladimir Putin bugun Moskvada iqtsodiy ko'rgazmaga borgan
Prezident Vladimir Putin bugun Moskvada iqtsodiy ko'rgazmaga borgan

Bugun Rossiya kuchlari dronlar orqali Kiyevda 20 martadan ko'proq hujum qilgan. Dronlar Ukraina tomonidan yo'q qilingan.

Ukraina qo'mondoni Serhiy Popkoning aytishicha, dushman dron va raketalarni ishga solmoqda. Oxirgi hujumlarda Eronning "Shahad" dronlari qo'llangan.

Ular birma-bir yakson qilinmoqda, deydi Kiyevdagi harbiy rahbarlar, ammo chiqindilar aholi punktlari ustiga tushmoqda, odamlar hayotiga raxna solmoqda.

Popko deydiki, dron qoldig'i bir uyga o't tushirgan. Bir kishi o'lgan, uch kishi jarohat olgan. Xususiy mulk vayron bo'lgan.

Rossiya Kiyevni nishonga olishda davom etar ekan, Ukraina kuchlari qo'shni davlat egallab olgan hududlarni qo'lga kiritmoqchi. Qo'shinlar yangi amaliyotlarga shaylanmoqda.

“Bunday terror xurujlari bizga va butun dunyoga faqat halokat keltiradi. Rossiya yovuz va shafqatsiz tuzum. O'zining boshini yeydi, bu aniq. Yovuzlik faqat mag'lubiyat bilan yakun topadi", - deydi Ukraina rahbari Volodomir Zelenskiy.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG