Breaking News

“Vagner” isyoni Putinni zaiflashtirdimi? Generallar Gerasimov va Surovikin qayerda


General Sergey Surovikin va Prezident Putin
General Sergey Surovikin va Prezident Putin

AQSh rasmiylari “Vagner” guruhining isyoni Prezident Putinni zaiflashtirgani, Rossiyaning Ukrainadagi urushi muvaffaqiyatsizlikka uchragani haqidagi da’volarini ta’kidlashda davom etmoqda.

Xalqaro hayot - 29-iyun, 2023-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:24 0:00

Prezident Jo Baydenning aytishicha, isyon Putinni qanchalik zaiflashtirganini aytishga hali erta, biroq u Ukrainada urushni boy berayotgani aniq.

“Putin o’z yurtida urushni boy beryapti, dunyoda esa yakkamoxovga aylandi. Nafaqat NATO, nafaqat Yevropa Ittifoqi tomonidan. Yaponiya, 40 ta mamlakat tomonidan”, - dedi Bayden.

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken urush boshidagi va hozirgi vaziyat o’rtasidagi farqga e’tibor qaratadi.

“16 oy oldin rus qo’shinlari Kiyev ostonasida edi. O’tgan dam olish kunlari esa ular Rossiya poytaxti Moskva tomon yurish qildi. Putinning o’zi yaratgan yollanma qo’shinlari. Bu Ukrainaga qarshi bosqinning Putin uchun muvaffaqiyatsizlikka aylanganini ko’rsatmoqda”, - dedi u.

AQSh Tinchlik instituti tahlilchisi Xezer Eshbining aytishicha, Putin Prigojinning harakatlari natijasida tushgan obro’sini ko’tarishga, o’zini kuchli qilib ko’rsatishga urinmoqda.

"Isyon ayrim davlat tizimlarining puch ekanini namoyish etdi, chunki Prigojinning harakatlariga qarshi jiddiy qarshilik bo’lmadi, odamlar isyonga yo’l berdi”, - deydi u.

Bayden va Blinken kabi Eshbi ham Putinning Ukrainadagi urushi Rossiyaning o’ziga zarar bo’lganini aytadi.

Chorshanba kuni Rossiya rahbari Dog’istonning Derbent shahrida mahalliy aholi bilan uchrashdi. Putin nega aynan Derbentga borgani ma’lum emas, U mahalliy masjidda ham bo’lib, respublika muftiysi Putinga Qur’on kitobini hadya qildi.

G’arbdagi kuzatuvchilar nazarida, Putinning Dog’istonga borishdan maqsadi isyondan so’ng xalq uni qo’llab-quvvatlayotganini ko’rsatish uchun bo’lgan.

Bu o’rtada ayrimlar Rossiyaning yuqori martabali generallari ko’zga ko’rinmay qolganiga e’tibor qaratadi. Tasdiqlanmagan manbalarga ko’ra, ulardan biri hibsda bo’lishi mumkin.

Yevgeniy Prigojin vagnerchiar bilan Moskva tomon yurish qilganida Mudofaa vaziri Sergey Shoygu va Qurolli kuchlar bosh shtabining rahbari Valeriy Gerasimovni unga topshirishni talab qilgan edi. Prigojin har ikkisini layoqatsizlikda ayblagan.

Isyonchilar chekinishga qaror qilishi va Prigojin Belarusga chiqib ketishga ko’nishi ketidan Putin harbiylar ishtirokidagi bir necha tadbirda qatnashdi, ammo ularda na Gerasimov, na general Sergey Surovikin ko’rindi.

Gerasimov Ukrainada jang qilayotgan rus qo’shinlarining qo’mondoni, Surovikin esa uning o’rinbosari.

Seshanba kuni “Nyu-York Tayms” gazetasining AQSh razvedkasidan olingan ma’lumotga tayanib uzatilgan xabarida aytilishicha, Surovikin isyon rejalanayotgani haqida oldindan bilgan va hozir mana shu ish bo’yicha tergov o’tkazilmoqda.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Surovikin yoki Prigojinning qayerda ekanidan bexabarligini aytgan.

General Prigojinni qo’llab-quvvatlaganini aytayotgan AQSh rasmiylari G’arb razvedkasi Surovikin isyonchilarga yordam bergan-bermaganini aniq bilmasligini bildirdi.

Ayrimlar harbiy qo’mondonlik tarkibida o’zgarishlar bo’lishini taxmin qilmoqda.

Xabarlarga ko’ra, ularning ba’zilari isyonni bostirish uchun yetarlicha qat’iyat ko’rsatmagan, isyon boshida vagnerchilarni bu yo’ldan qaytarishga harakat qilmagan.

"Prigojin Shoygu va Gerasimov ishdan olinadi, Putin unga quloq soladi deya umid qilgan edi, ammo isyon aksincha ularning mavqeini o’zgarishsiz qoldirdi, garchi Shoyguning qobiliyatsizligi ko’plarga ayon bo’lsa-da, qurolli kuchlarda undan nafratlanishsa-da”, - deydi Vashingtondagi Karnegi jamg’armasining eksperti Maykl Kofman.

Checheniston va Suriyada harbiy mahoratini namoyish etgan Surovikinni esa armiyada hurmat qilishadi, uni Prigojin ham bir necha bor olqishlagan, G’arbdagi harbiy tahlilchilar esa uni qobiliyatli qo’mondon deb ta’riflaydi.

Londondagi Qirol kollejining professori Lorens Fridmenning aytishicha, agar Surovikin lavozimidan olinsa, Rossiyaning Ukrainadagi amaliyoti zarar ko’rishi mumkin.

Prigojinning o’zi hozir Belarusda. U yerda qancha bo’lishi va nima bilan shug’ullanishi hozircha ma’lum emas. Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko Belarus harbiylari vagnerchilar tajribasini o’rganishi kerak degan.

Prigojinning isyoni va ko’zga ko’ringan generallarning g’oyib bo’lishiga qaramay, rus qo’shinlari Ukrainadagi harakatlarini susaytirgani yo’q. Mudofaa vazirligining bildirishicha, seshanba kuni Kramatorsk shahridagi restoranga raketa hujumida Ukraina qurolli kuchlarining ikki generali, 50 ga yaqin ofitseri hamda 20 tagacha xorijiy yollanma jangchilar va harbiy maslahatchilar yo’q qilingan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG