Ukraina uchuvchilari F-16 qiruvchi samolyotlarini boshqarishni o’rganib, ulardan Rossiya qo’shinlariga qarshi janglarda foydalanishga shay. AQSh va Yevropa davlatlari treninglarni tezlashtirish yo’lida hamkorlik qilmoqda.
Urush boshlanganidan beri ukrainalik harbiy uchuvchi Rostislav Lazarenko 330 dan ortiq parvozlarni amalga oshirdi. Ilk topshiriqni urushning birinchi kunida bajargan.
“Nima bo’lishini bilmasdik. Qrimdan kelayotgan 700 harbiy texnikadan iborat kolonnaga hujum qilishni ko’zlayotgandik. Qog’ozda rejamizni tuzib uchoq tomon borarkanmiz, sherigim Sasha “qo’rqayapman” dedi. “Men ham qo’rqayapman, ammo ularni biz yo’q qilmasak, kim qiladi? Taqdirimizda bor ekan”, deganman unga”, - deya eslaydi uchuvchi.
Qrimdan yo’lga chiqqan yirik rus harbiy karvonini o’shanda Lazarenko va uning sherigi yakson qilgan. 2022-yil 24-fevral tongida kechgan janglarda sherigi Sasha halok bo’lgan.
Uchog’i olovli tutun ichida qolgan Lazarenko tirik qolgan. Shundan buyon 28 yashar bu uchuvchining bosqinchilarga qarshi kurashi to’xtagan emas.
Ko’plab hamkasblarim, deydi Lazarenko, ilg’or F-16 qiruvchi samolyotlarini o’rganishga shay.
“O’z jamoamni, xalqimizni yaxshi bilaman. Biz bu yerda jang qilarkanmiz, ular treningga borib, qunt bilan o’rganadi. Qo’llaridan kelgancha tezroq yangi uchoqlarni o’zlashtirib, ortga qaytishadi”, - deydi Lazarenko.
Xavfsizlik nuqtai nazaridan familiyasini aytmagan uchuvchi Oleksiy ham Lazarenko bilan birga harbiy missiyalarda qatnashadi.
“F-16 ruslarning Su-35 qiruvchilarining ustunligini yo’qqa chiqaradi, chunki F-16 bilan o’t ochish masofasi kengayadi. Ukrainaning bosib olingan hududlarida dushmanni yo'q qilish imkoniyatiga ega bo'lamiz”, - deydi Oleksiy.
Uning aytishicha, tildagi farqqa qaramasdan ukrainalik uchuvchilar allaqachon F-16 haqida ko’p narsa bilishadi.
“Samolyot tizimlari, parvozlar, taktikalarni o’rganish bizning uchuvchilarimiz uchun katta muammo emas. Instruktorlarimiz aytganidek, uchoqni his etish kerak. Bu ukrain va ingliz tillarida birdek kechsa kerak”, - deydi pilot.
Ukraina Harbiy-havo kuchlari vakili Yuriy Ignatga ko’ra, simulyatorda mashg‘ulotlar boshlangan.
“F-16 da ekranlar sensorli. Qanday ishlashini yosh bola kompyuter o'yinini o'rganganidek, bosqichma-bosqich o'rganasiz. Moslashish uchun vaqt kerak”, - deydi Ignat.
Uchuvchilar mashqlarga tayyor.
“O’nlab pilotlar va aviamuhandislar tanlab olingan va ular navbat bilan turli mamlakatlarga yuboriladi. Ular allaqachon ingliz tilini biladigan, yosh va motivatsiyasi bor uchuvchilar”, - deydi Ignat.
Tajribali ukrainalik uchuvchilar F-16 ni o’zlashtirishiga taxminan to‘rt oy ketadi, bu kutilganidan ikki oy kamroq.
Uchuvchilarni tayyorlash, F-16 larni Ukrainaga yetkazish bo’yicha xalqaro koalitsiyaga Daniya va Niderlandiya boshchilik qilmoqda.
Facebook Forum