Breaking News

Rossiya Ukrainaga qo'shin tortganiga bir yil to'ldi


Bugun Ukrainada Rossiya bosqinining bir yilligi xotirlanmoqda. Kiyevdagi marosimda Prezident Vladimir Zelenskiy saf tortgan askarlarga murojaat qilib, barchasiga vatan mudofaasi uchun minnatdorchilik bildirdi, ayrimlarini “Ukraina qahramoni” nishoni bilan taqdirladi.

Xalqaro hayot - 24-fevral, 2023-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:11:31 0:00

Urush har ikki tarafdan minglab harbiy va tinch fuqaroning o’limiga sabab bo’lyapti. Kreml maxsus harbiy amaliyot kattaroq urushning oldini olish uchun boshlanganini, Rossiya Ukrainaga qo’shin kiritishga majbur bo’lganini da’vo qiladi.

NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg Rossiyaning 2008-yilda Gruziyada, 2014-yilda Qrim va Donbassdagi harakatlarini qoralab, hozirgi urush ana shu mojarolarning davomi ekanini aytdi.

"Urush qachon tugashini bilmaymiz. Ammo tugaganidan so’ng tarix takrorlanmasligini kafolatlashimiz zarur. Ukrainaga harbiy salohiyat, kuch-qudrat bag’ishlashimiz kerak toki Rossiya unga yana hujum qilmasin”, - dedi Stoltenberg.

Ayni paytda Donetsk viloyatining Baxmut shahri uchun shiddatli janglar kechmoqda. Rus qo’shinlari shahardan uch kilometr naridagi Berxovka qishlog’ini ishg’ol qilganini bugun ma’lum qildi.

G’arb rasmiylari Rossiya o’tgan yil kuzida safarbar etilgan askarlar ishtirokida katta hujum boshlashini taxmin qilyapti. Ayni paytda Rossiya Ukraina hududining 20 foizini nazorat qilmoqda.

Urushning bir yilligiga bag’ishlangan telemurojaatida Zelenskiy Ukraina mag’lub bo’lmaganini, joriy yilda g’alaba qozonishga harakat qilishini bildirdi.

Zelenskiy Litvadagi anjuman ishtirokchilariga ham virtual murojaat qilib, Rossiya boshqa qo’shni davlatlarga hujum qilmasligi uchun Ukrainada mag’lub bo’lishi kerakligini aytdi.

Litva Prezidenti Gitanas Nausedaga ko’ra, Ukrainaning g’alabasi qoidalarga asoslangan xalqaro tartibni himoya qilishga yordam beradi.

"Kremlning imperialistik ishtahasi Ukraina davlatchiligi va Yevropaning xavfsizlik arxitekturasiga tahdid solmoqda”, - dedi u.

Rossiya nazoratidagi Qrimda bugun maxsus harbiy amaliyot paytida halok bo’lgan askarlar xotirlandi.

Moskvaliklar urushning bir yilligida mojaroga munosabatini bildirar ekan, ixtilof tezroq Rossiya g’alabasi bilan tugashiga umid bildirdi.

"Urush yomon narsa, ammo bundan boshqa chora yo’qligini ko’rdik. Biz o’z mustaqilligimiz, erkinligimiz, farzandlarimiz kelajagini himoya qilyapmiz”, - deydi Marina ismli ayol.

“Butun dunyo Rossiyaga qarshi turibdi. NATO Ukraina orqali biz bilan jang qilyapti, Ukrainani qurol, harbiy texnika bilan ta’minlayapti. G’alabamizni kutamiz. Imkon bo’lsa, shu yiliyoq”, - deydi Yevgeniy ismli yana bir moskvalik.

Yevrosiyo guruhi deb nomlanuvchi siyosiy tahlil markaz prezidenti Ian Bremmerning aytishicha, o’tgan yilgi sovuq urush bir yilda qaynoq urushga aylanib ketdi.

“Urushni to’xtatishning yagona yo’li bu sulhdir. Ammo hech bir taraf hozirgi bosqichda bunga tayyor emas. Ukraina 24-fevraldan beri boy berilgan hududlarini qaytarib olmoqchi. Ruslar esa minglab odamni urushga safarbar etdi, Putin belgilangan maqsadlariga erisha olgani yo’q. Ukrainaning to’rtta viloyatini noqonuniy ravishda Rossiyaga qo’shib oldi, ammo hammasini nazorat qilgani yo’q. Shu sabab tomonlar o’zini sulhga tayyor deb ko’rmayapti”, - deydi ekspert.

Ukrainani qo’llab-quvvatlayotgan mamlakatlar bugun qo’shimcha yordam berilishi haqida ma’lum qildi. Xususan bugun Kiyevga borgan Polsha Bosh vaziri Mateush Moravetskiy Polshaning to’rtta “Leopard-2” nemis tanklari Ukrainaga yetkazilganini aytdi.

Shvetsiya shunday tanklardan 10 tasini va samolyotga qarshi “HAWK” tizimlarini berishi haqida e’lon qildi.

Daniya hukumati Ukrainaga AQShning F-16 qiruvchi samolyotlarini uzatishga qarshi emasligini bildirdi.

Germaniya Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer Berlindagi maxsus marosimda uning mamlakati Ukrainani hamisha qo’llab-quvvatlashini aytdi.

Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron ham “Katta Yettilik”ka a’zo davlatlar rahbarlari bilan virtual muloqotda Fransiya Ukraina bilan birdam ekanini ta’kidladi.

AQSh Prezidenti Jo Bayden esa guruhdagi hamkasblari bilan Ukrainaga qo’shimcha yordam berish xususida maslahatlashishini ma’lum qildi.

Gruziya Prezidenti Salome Zurabishvili nazarida esa, Rossiya bu urushni boy berdi.

"Hozirgi vaziyatda Gruziya hukumatining xalqaro hamjamiyatdan ajralib qolganidan, ko’pchilikka tushunarsiz bo’lgan “betaraf yoki muvozanatli pozitsiyasi”ni turli bahonalar bilan asoslashga harakat qilayotganidan afsusdaman. Ayniqsa o’z boshidan ayni narsalarni bir emas, bir necha marta o’tkazgan mamlakatning bunday pozitsiyasi menga tushunarsizdir”, - deydi Gruziyaning asli fransiyalik prezidenti.

2008-yilda Rossiya bilan qisqa muddat jang qilgan bu mamlakatda prezident va Bosh vazir Irakliy Garibashvili turli siyosiy partiyalarga mansub bo’lib, Garibashvili G’arbning Rossiyaga qarshi sanksiyalariga qo’shilmagan, Rossiya bilan munosabatlarni ushlab turishga harakat qilmoqda.

Ukraina urushining bir yilligi arafasida Ukraina va unga ittifoqchi mamlakatlar homiyligida BMT Bosh Assambleyasida Rossiya bosqinini qoralovchi rezolyutsiya qabul qilindi. Hujjatda rus qo’shinlarini Ukrainadan chiqarish da’vati yangraydi. Rossiya va yana olti mamlakat rezolyutsiya loyihasiga qarshi ovoz berdi, 32 davlat, jumladan Xitoy, Hindiston va O’zbekiston betaraf bo’ldi, BMTning 141 ta a’zosi uni qo’llab-quvvatladi. O’tgan yilgi o’xshash rezolyutsiyaga ham 141 mamlakat ovoz bergan edi.

BMT Bosh Assambleyasi hujjatlari Xavfsizlik Kengashinikidan farqli o’laroq, yuridik kuchga ega emas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG