Breaking News

Lukashenko ittifoqdoshlarni Ukraina urushida taraf tanlashga chaqirmoqda


Belarus rahbari Prezident Aleksandr Lukashenko ayni damda Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti raisi
Belarus rahbari Prezident Aleksandr Lukashenko ayni damda Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti raisi

Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko Rossiya yetakchiligidagi harbiy ittifoqni Ukraina urushi bo’yicha aniq pozitsiya egallashga chaqirmoqda.

U buni Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT) Bosh kotibi, qozoq diplomati Imangali Tasmagembetov bilan uchrashuvda aytdi.

“Agar kimdir (Kollektiv xavfsizlik shartnomasi doirasida) Rossiya-Ukraina ziddiyati bizga tegishli emas deb jimgina panada turmoqchi bo’lsa, bunday bo’lmaydi, vaqti keladi. Bu ertaga bo’lishi mumkin. Aniq bir pozitsiyani egallash talab etiladi. Albatta men milliy manfaatlarga zid ravishda qiling, demoqchi emasman", - degan Lukashenko Tasmagembetov bilan Minskda gaplashar ekan.

Belarus prezidenti ayni paytda KXShT raisi. Blokka Armaniston, Rossiya, Belarus, Qozog’iston, Qirg’iziston va Tojikiston a’zo. Bu davlatlarning aksariyati Ukraina urishi bo’yicha rasman betaraflik maqomida.

Lukashenkoning chaqirig’i Rossiya o’z ittifoqchilarining neytralligidan norozi ekanligini ham ko’rsatadi.

Rossiya rahbari Vladimir Putin, Kreml, Moskva, 8-fevral, 2023
Rossiya rahbari Vladimir Putin, Kreml, Moskva, 8-fevral, 2023

Belarus prezidentining ta’kidlashicha, KXShT a’zolari tashqi tahdidlarga qarshi o’z siyosatlarini muvofiqlashtira oladi, chunonchi tashkilotning yangi rahbarida bu borada malaka yetarli.

Tasmagambetov Qozog’istonda Nursulton Nazarboyev davrida prezident ma’muriyati rahbari edi, shuningdek, bosh vazir o’rinbosari. Qozog’istoning Rossiyadagi elchisi ham bo'lgan.

Tasmagambetov Kremlga juda yaqin, rossiyaparast siyosatchi sanaladi.

Qozoq muxolifatchisi Erjan Turg’umbay deydiki, jamoatchilikda Rossiya tomoni Qozog’iston prezidentligiga Qosim-Jo'mart To’qayev o’rniga aynan Tasmagambetov nomzodini surgan, degan qarash keng.

“Keyin u Moskvada ishladi ancha vaqt, uni elchi qilib olib ketishdi. U yoqda orttirgan tajribasidan so’ng harbiy ittifoqqa bosh kotib qilib qo’yishmoqda. Tasmagambetov nomzodi Qozog’iston emas, Putin tomonidan surilganiga mutlaqo shubha qilmayman. Bular sekinlik bilan KXShTni Ukrainaga urushiga tortishmoqchi. Tasmagambetov yangi lavozimida albatta Moskva tomonidan surilgan maqsad, vazifalarni bajarishga harakat qiladi. Lekin men bu tashkilotning faoliyatida biror o’zgarish bo’lishiga shubha bilan qarayman. Bosh kotiblar shunchaki kelib, ketishadi”, - degan fikrda Turg’umbay.

Qozoq diplomati Imangali Tasmagembetov Kremlda, 2017-yilgi foto
Qozoq diplomati Imangali Tasmagembetov Kremlda, 2017-yilgi foto

Tasmagambetov KXShT bosh kotibi sifatida hozircha biror bayonot bilan ko’zga tashlangani yo’q.

Harbiy ittifoqdagi vaziyat esa ancha tarang. Avvalroq Armaniston tashkilot doirasidagi harbiy mashg’ulotlarga mezbonlik qilishni rad etgan edi. So’nggi ma’lumotga ko’ra, bu harbiy mashg’ulotlarni Qirg’izistonda o’tkazishga kelishilgan. Bundan tashqari harbiy ittifoq qo’shinlari Belarusda rejalangan harbiy mashg’ulotlarga ham jalb qilinishi mumkin.

Minsk Rossiyaga Ukrainadagi urushda turli darajada ko’maklashib kelmoqda. Ukrain-Belarus aloqalari yanayam keskinlashgan. Lukashenko NATO Ukraina orqali mamlakatga hujum qilishi mumkin, deya xavotir bildirib keladi. Ukraina esa Rossiya armiyasi yana qayta aynan Belarus orqali bostirib kirishiga tayyor turibdi.

Bunday vaziyatda KXShT qo’shinlarining Belarusda harbiy mashqlar o'tkazishi neytrallik maqomini ushlab kelayotgan davlatlardan siyosiy hushyorlik talab etadi. Ayniqsa, Rossiya Ukraina urushiga KXShT kuchlarini jalb qilishi mumkin, degan taxminlar inobatga olinsa.

Erjan Turg’umbay fikricha, mintaqa, xususan Qozog’iston uchun betaraflik shunchaki niqob.

“Haqiqatda, Qozog’iston sanksiyalar ostidagi Rossiyaga imkon qadar ko’mak berib kelyapti. Ikki o’rtadagi savdo aloqalari, tovarlar qatnovi avvalgi yillarga solishtirganda jiddiy oshgan. Albatta, Prezident To’qayev rasmiyatchilik uchun har narsa deyishi mumkin. Lekin u Moskva tomonidan chizilgan chiziqdan chiqmasligi hammaga ayon. Chunki Moskva uning hokimiyatda qolishini kafolatlab turibdi, jumladan KXShT kuchlari yordamida ham. Shunday ekan, mintaqa davlatlarini Ukraina masalasidagi neytarlligi shunchaki gaplar, Moskva ham buni ko’rib, bilib turibdi”, - deydi u.

Avvalroq Rossiya parlamenti vakili, senator Vladimir Jabbarov Rossiya KXShT qo’shinlarini Ukraina urushiga aralashtirmaydi, deb chiqqan edi. Senatorga ko’ra, Rossiya Ukrainadagi harbiy amaliyotni tashqi ko’maksiz ham yakunlashga qodir.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG