Breaking News

Bayden Polshadan turib, Putinni Ukrainadagi urushni bas qilishga chaqirdi


Varshava, Polsha, 21-fevral, 2023
Varshava, Polsha, 21-fevral, 2023

Rossiya Ukrainaga bostirib kirganiga bir yil to'lar ekan, Amerika rahbari Jo Bayden Kiyevga borib, Vashington bu davlatni quvvatlashda davom etishini bildirdi.

Ertasiga esa Bayden qo'shni Polsha poytaxti Varshavadan turib, Rossiya rahbari Vladimir Putinni agressiyani to'xtatishga va urushni darhol bas qilishga chaqirdi.

"Kiyev mustahkam. Kiyev mag'rur, o'ziga ishonchi yuksak. Kiyev ozodligini boy bermagan", - dedi Bayden.

NATO Ukrainaga madadkor va shunday bo'lib qoladi, deya ta'kidladi Amerika prezidenti. Putin Ukrainani qisqa paytda o'ziga bo'ysundiraman, deb o'ylagan edi, bu maqsadga erisha olmadi va aslo erishmaydi, dedi Bayden.

Varshavada Prezident Baydenni yaqindan tinglayotgan omma, 21-fevral, 2023
Varshavada Prezident Baydenni yaqindan tinglayotgan omma, 21-fevral, 2023

Bugun Qrimning Sevastopol shahridan Rossiya parlamentiga murojaat qilgan Putinga ko'ra, Amerika unga qarshi proksi urush olib bormoqda, NATO uning davlati tinchligiga raxna solmoqda.

Putin atom arsenalini nazorati bo'yicha shartnomani bekor qilganini aytdi. Kreml Oq uyni oradagi ishonchni yemirib, Rossiyani hurmatsizlayotganlikda ayblaydi.

Bayden deydiki, Ukraina hududiy yaxlitligini buzgan va xalqaro qonunlarga qarshi qadam tashlagan Rossiya orqaga qaytishi va qo'shni davlatni tinch qo'yishi shart.

Vashington yetakchiligidagi xalqaro koalitsiya Ukrainani qurollantiraveradi va agressorga qarshi sanksiyalarni kuchaytiraveradi, deydi Amerika rahbari.

"Putin biz Ukrainani yolg'iz tashlab qo'yamiz, deb o'ylagan. Aslo tashlab qo'ymaymiz."

Prezident Vladimir Putin Qrimdan turib, Rossiya parlamentiga murojaat qildi, 21-fevral, 2023
Prezident Vladimir Putin Qrimdan turib, Rossiya parlamentiga murojaat qildi, 21-fevral, 2023

Polsha Ukraina bilan eng uzoq chegaraga ega va qo'shni davlatga chetdan qurol-aslaha asosan uning hududi orqali kirmoqda. AQSh Prezident Andjey Dudadan hamkorlik uchun minnatdor.

Varshavada Bayden bilan uchrashar ekan, Duda NATO a'zolarini Ukrainaga yordamni oshirishga undadi.

"Ukraina busiz oldinga harakat qila olmaydi. Qo'rqmasdan madad beravering", - deydi Polsha rahbari Yevropa hukumatlariga qarata.

Bayden Varshavada NATOning sharqiy qanoti - to'qqiz davlatning rahbari bilan vaziyatni muhokama qilib, AQSh Ukrainaga kecha e'lon qilgan 450 million dollarlik yordam paketini tushuntirgan. Bu ko'mak o'z vaqtida yetib borishi uchun Amerika bu mamlakatlarga tayanishini bildirgan.

Amerika shu kungacha Ukraina xavfsizligi uchun 24 milliard dollardan oshiq miqdorda yordam bergan.

Prezident Baydenning nuqti paytidagi Varshava, Polsha, 21-fevral, 2023
Prezident Baydenning nuqti paytidagi Varshava, Polsha, 21-fevral, 2023

Bayden deydiki, Ukraina va Rossiya orasida qachon tinchlik muzokaralari boshlanishi Putinga bog'liq. Asosiy shart - uning qo'shinlari qo'shni davlat hududini tark etishi kerak.

Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitro Kuleba deydiki, uning davlati uchun urushning tugashi ikki qismdan iborat bo'ladi. Birinchidan, Ukrainaning hududiy yaxlitligi mutlaq tiklanadi, ya'ni 2014-yilda bosib olingan Qrim ham unga qaytarilishi shart. Ikkinchidan, Rossiya Ukrainaga keltirgan barcha zararni to'lashi shart.

Putin esa bugungi ma'ruzasida urush davom etishini qayd etib, strategik qurollar ham ishga solinishi haqida ogohlantirgan.

Prezident Vladimir Putin Qrimdan turib, Rossiya parlamentiga murojaat qildi, 21-fevral, 2023
Prezident Vladimir Putin Qrimdan turib, Rossiya parlamentiga murojaat qildi, 21-fevral, 2023

Bayden Rossiya Ukrainani hech qachon yakson qila olmaydi, yuta olmaydi, deya ishonch bildirmoqda.

"Biz Rossiyani misli ko'rilmagan miqyosdagi sanksiyalar bilan jazolayapmiz. Biror davlat bunchalik ko'p cheklov bilan yuzlashmagan. Yangi sanksiyalar ham joriy etilmoqda", - deydi Amerika prezidenti.

Baydenga ko'ra, Putinning ahvoli barcha diktatorlar va yakkahokimlar uchun saboq bo'lishi kerak. Liberalizmga asoslangan xalqaro tartibni buzishga urinish, davlatlarning mustaqilligi, hududiy yaxlitligi va suverenitetiga hujum qilishga dunyo har doim keskin javob beradi, deydi Amerika prezidenti.

Amerika nazarida bugungi Rossiya harbiy jihatdan bag'oyat zaiflashgan, iqtisodi o'ta tushkun ahvolda, xalqaro maydonda yakkalangan.

"Rossiya ahli bunday tuzumda yashashni istamaydi, buni bilamiz. Millionlab rossiyaliklar erkin nafas olishni, farovon kun kechirishni xohlaydi", - dedi Bayden Varshavadagi nutqida.

Rossiya davlat matbuoti AQSh rahbarining bu murojaatini tahdid sifatida yoritgan. Moskvada siyosatchilar Vashingtonni gegemoniyada va Rossiya qudratini sindirib, uni o'ziga bo'ysundirishga urinayotganlikda tanqid qilib keladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG