Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bugun Londonda bo’lib, Britaniya parlamentida qonunchilarga murojaat qildi. Ukrainada urush salkam bir yil oldin boshlanganidan beri mamlakatni deyarli tark etmagan Zelenskiy o’tgan yil dekabrida Vashingonga borib kelgan.
Londonga tashrifi chog’ida u G’arbni Ukrainaga og’irroq qurollar berishga chaqirdi.
Britaniya Bosh vaziri Rishi Sunak ukrainalik harbiy uchuvchilar va dengiz piyoda askarlarini Britaniyada harbiy tayyorgarlikdan o’tkazish dasturlari kengaytirilishi haqida ma’lum qildi. London Kiyevga “Chellenjer” tanklarini berishga rozi bo’lgan va ukraina tankchilarini ushbu texnika bilan muomala qilishga o’rgatmoqda.
"Maqsadimiz Ukrainaga joriy yilda ushbu mojaroda hal qiluvchi harbiy g’alabaga erishishda yordam berishdir”, - dedi Sunak.
Zelenskiy yaqinda tanklar berishga rozi bo’lgan G’arbdan endi harbiy samolyotlar va uzoq masofaga uchadigan raketalar so’ramoqda.
''Rossiya mag’lub bo’lishini bilamiz. Va bu g’alaba dunyoni o’zgartiradi, dunyo ko’pdan beri kutgan o’zgarish bo’ladi”, - dedi Zelenskiy.
Ukraina prezidenti bugun Parijda ham bo'lib, Fransiya va Germaniya rahbarlari bilan ko'rishmoqchi. Ertaga esa Bryusselga borib, Yevropa Ittifoqi sammitida qatnashadi.
Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoyguning seshanba kuni aytishicha, AQSh va uning ittifoqchilari Ukrainani og’ir qurollar bilan ta’minlamoqda, uni ochiqchasiga Rossiya hududiga hujum qilishga undayapti.
"Bunday harakatlar NATO mamlakatlarini mojaroga tortmoqda va eskalatsiyaning misli ko’rilmagan darajasiga yetaklashi mumkin”, - dedi u.
Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi rahbari Oleksiy Danilovning aytishicha, Rossiya kelasi bir necha haftada Xarkov va Zaporojye viloyatlarida yirik hujum boshlashi mumkin.
Ukraina ham bahorgi hujumga hozirlanmoqda. Buning uchun G’arb va’da qilgan tanklar va uzoq masofali raketalar yetkazilishi zarur.
Zelenskiy
Facebook Forum