Breaking News

Rossiya armiyasi Ukraina hujumiga 500 mingga yaqin qo’shin tashlamoqchimi?


Donetsk - urush maydoni
Donetsk - urush maydoni

16-fevralga qadar Rossiya Ukrainaga yirik hujum boshlashi, bu amaliyotga 500 minggacha qo’shin jalb qilinishi kutilmoqda. G’arb matbuoti razvedka manbalariga tayanib yozishicha, keng ko’lamda kutilayotgan bu hujum uchun zarur kuch Donbassda yig’ilmoqda.

Ukrainaning Lugansk viloyati gubernatori Sergey Gayday tomonidan tarqatilgan ma’lumotda ham Rossiya qo’shinlari 15-fevraldan keyin yirik hujumlar boshlashi ta’kidlanadi.

Har ikki manbada ham Rossiya armiyasining yirik hujumi Donbass frontida harbiy texnika, jangovar taktik batalyonlar to’lanayotgani bilan izohlanadi.

Rossiya armiyasining yaqin muddatda keng qamrovli hujum boshlashiga doir farazlar anchadan buyon mavjud, ammo hozirgacha aniq muddatlar haqida gap bormayotgan edi. Ukraina rasmiylariga tayanilgan bu muddat urushga bir yil to’layotgan paytga to’g’ri kelmoqda.

O’tgan yil 24-fevralda Rossiya armiyasi Ukrainaga bostirib kirgan edi. Sal kam bir yildirki Ukrainada qaqshatqich urush davom etyapti.

Rossiya armiyasi Ukrainani 20 foizga yaqin hududini ishg’ol qilgan, har bir aholi punkti uchun og’ir janglar kechmoqda.

Ukraina armiyasi shimolda Xarkov viloyati, janubda Xersonni ishg’oldan ozod etishga muvaffaq bo’ldi, ammo so’nggi oydan urush maydonidagi tashabbus yana Rossiya tomoniga qaytgan.

Donetskda Solidar shahri boy berildi, yana bir yirik shahar Baxmut uchun janglar bir necha oydan buyon davom etmoqda, so’nggi vaziyatga ko’ra shahar rus qo’shinlari tomonidan deyarli qurshovga olingan.

Rossiya tomonidan tarqatilayotgan ayrim ma’lumotlarda Baxmut uchun janglar shahar ichiga ko’chgani, ukrain armiyasi shaharni tark eta boshlagani aytiladi. Bu xabarlar Ukraina tomonidan rad etildi, jumladan Ukraina mudofaa vazirligi Baxmut “zabt etilmas istehkom” ekanligiga doir bayonot tarqatdi.

Avvalroq Prezident Volodimir Zelenskiy ham Baxmut uchun janglar davom etishini aytgan edi.

Zelenskiy va Mudofaa vazirligining Baxmutga doir bu bayonotlari qator harbiy ekspertlar, jumladan ittifoqchi davlatlar ham Ukrainaga Baxmutni tashlab chiqish, kuchni kelajakdagi janglar uchun saqlashni tavsiya qilishlari manzarasida diqqatli ko’rinadi.

So’nggi haftada frontda shaklangan vaziyat Ukraina uchun haqiqatda xavotirli.

G’arb, ittifoqchi davlatlar va’da qilgan tanklar, boshqa zirhli harbiy texnika hali Ukrainaga yetib kelmadi, armiya Rossiya qo’shinlarining yirik hujumini qaytarishga hozirlik ko’rmoqda.

Ukraina razvedka boshqarmasi yaqindagi hisobotida Rossiya tomoni rejalayotgan hujumlar muddatiga to’xtalmaydi, ammo Rossiya armiyasi bu amaliyotga zaxiradan chaqirilgan 500 mingga yaqin askarlarni jalb qilishi ta’kidlanadi.

Ayni paytda Ukraina armiyasi soni 800 ming atrofida, Rossiya armiyasi soni bir milliondan oshiq ko’riladi.

Rus pravoslav cherkovi ukrainaliklar haqida nima dedi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:01:51 0:00

Har ikki tomon urush maydoniga cheklangan miqdorda qo’shinlar tashlagan, ammo bir yil davom etayotgan urush yirik talafotlar keltirmoqda, qo’shinlar, qurol-aslaha, harbiy texnika zaxirasi urush taqdirini hal etadi.

Rossiya armiyasining frontga tashlayotgan qo’shinlari, harbiy texnikasi, NATO tomonidan Ukrainaga ko’rsatilgan so’nggi harbiy yordam, tanklar, zirhli texnika, o’rta masofaga mo’ljallangan raketa qurilmalari janglar shiddatini yangi bosqichga chiqishidan darak bermoqda.

Rossiya rejalayotgan yirik hujumlar shu bosqichni boshlashi, Ukraina armiyasi uchun tez fursatda NATO standartidagi og’ir texnikaga moslashish hal qiluvchi ahamiyat kasb etishi ta’kidlanmoqda.

So’nggi ma’lumotlarga ko’ra, Ukraina harbiylari Polshada “Leopard” tanklarida jang qilish, Britaniyada zamonaviy raketa tizimlari, AQSh esa F-16 samolyotlari boshqaruvi bo’yicha tezlashtirilgan mashg’ulotlarni o’tashmoqda.

Ukraina mudofaa vazirligi qo‘shinlar sonini to’ldirish uchun chaqiruv jarayonini o’tkazmoqda, mamlakat ichki ishlar vazirligi yangi tuzilma - “Hujum gvardiyasini” shakllantirmoqda.

Ukraina armiyasi rejalayotgan qarshi hujumga tashlanishi kutilayotgan tuzilma 8 ta brigadadan tashkil topishi, eng zamonaviy harbiy texnik vositalar bilan ta’minlanishi, tarkib zaxiradagi chaqiruv hisobidan emas, faqat ko’ngilli ravishda xizmat qilishga qaror qilgan fuqarolardan tashkil topishi e’lon qilingan.

Ichki ishlar vazirligi doirasida shakllanayotgan bu brigadalardan biri bevosita Qrimni ishg’oldan ozod qilishga ixtisoslashgani, bu brigadaga “Qora-Tog’” nomi berilgani ko’rsatilgan.

Yakunlanayotgan hafta Ukraina urushida, xususan frontda, Rossiya armiyasining Donbass frontidagi siljishi davom etayotganiga qaramasdan, keskin burilishlar qilmadi, ammo shunday burilish yaqin vaqtda kutilayotganiga doir aniq ishoralarni yuzaga chiqardi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG