Yevropa Komissiyasining prezidenti Ursula fon der Leyen bugun Kiyevda bo’lib, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan ko’rishdi. Ukraina Yevropa Ittifoqiga a’zo bo’lishga intilarkan, tashkilotning ko’p milliard dollarlik harbiy va iqtisodiy yordamiga qaramay, a’zolik masalasi tez hal bo’lmasligi aytilmoqda, korrupsiyaga qarshi kurashni kuchaytirish zarurati urg’ulanmoqda.
3-fevral kuni Ukrainada Yevropa Kengashining rahbari Sharl Mishelni ham kutishyapti.
27 mamlakatdan iborat tashkilot Ukrainaga yordam to’xtamasligini bildirar ekan, qurol ta’minotini tanqid qilayotgan Rossiya mojaro faqat kuchayishini, Moskva chekinmasligini bildirmoqda.
Zelenskiy Yevropa Ittifoqini Rossiyaga qo’shimcha sanksiyalar qo’yishga chaqirdi, ayni paytda ko’rilayotgan yangi jazo choralarini fon der Leyen bilan muhokama qildi.
"Yevropa Ittifoqi sanksiyalarining 10-paketi xususida gaplashdik. Tashkilot oldidagi umumiy vazifa Rossiyaning sanksiyalarni aylanib o’tish imkoniyatlarini cheklashdan iborat. Bu ishga qanchalik tez erishilsa, Rossiya bosqinini shunchalik tez yengamiz. Terrorchi davlat sanksiyalarga moslashishni tezlashtirayotgan bir paytda sanksiyalar sur’ati bir oz sekinlashganini ko’ryapmiz. Vaziyatni tuzatish kerak”, - dedi u.
"Yevropa Ukrainaga urushning birinchi kunidan yordam beryapti, chunki bilamizki, qit’amiz kelajagi shu yerda yozilyapti. Siz yolg’iz o’zingiz uchun kurashmayotganingizni bilamiz. Ozodlik uchun kurash ketyapti. Bu demokratiyalarning avtokratiyalarga qarshi kurashi. Putin Ukraina davlatini yo’q qilmoqchi, ammo Rossiyaning o’zini yo’q qilish xavfi bilan yuzlashyapti. Yevropa Ittifoqi Ukrainani uzoq muddatga qo’llab-quvvatlashga bel bog’lagan. Kiyevga tashrifimiz ham shundan dalolat”, - dedi fon der Leyen.
Uning aytishicha, rus xom nefti narxiga qo’yilgan cheklovlar oqibatida Rossiya har kuni 160 million yevrolik zarar ko’ryapti va 24-fevralgacha tashkilot “Katta Yettilik” guruhi bilan birga Rossiya neft mahsulotlari narxiga qo’shimcha cheklov qo’yishi kutilmoqda.
Ukrainadagi urushda Kiyev Yevropa mamlakatlaridan faol ravishda yordam olmoqda, biroq Rossiya yolg’iz o’zi harakat qilyapti. Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning aytishicha, Moskva Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotidagi ittifoqchilaridan yordam so’ramagan, bunga hojat ham yo’q.
"Hech kimdan yordam so’raganimiz yo’q. Maxsus harbiy amaliyot maqsadlariga erishish va G’arbning Ukrainada davlat to’ntarishini amalga oshirganidan beri Rossiyaga qarshi boshlagan urushiga chek qo’yish uchun hamma narsa yetarli. Butun boshli NATO bizga qarshi urush qilyapti. “Biz urush qilmayapmiz, faqat qurol yetkazyapmiz” degan gaplar kulgili”, - dedi Lavrov.
Unga ko’ra, Ukrainaga berilishi va’da qilingan G’arbning ayrim ilg’or qurollarining ba’zilarini G’arb mutaxassislarisiz qo’llab bo’lmaydi, ukrainaliklar bir necha oy tayyorgarlikdan o’tsa ham ulardan to’g’ri foydalanishni o’rgana olmaydi.
"Demak, bu qurollar Ukrainaga yuborilsa, ularga qo’shib harbiy mutaxassislarni ham safarbar etishadi. Ular harbiy xizmatdan vaqtincha ta’tilga chiqarilib, yollanma askar sifatida yuboriladi”, - deydi Lavrov.
Unga ko’ra, G’arb hozir Moldovani “ikkinchi Ukraina”ga aylantirish ehtimolini ko’rib chiqmoqda.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bugun Volgograd shahridagi xotira marosimida Rossiya Ukrainadagi urushda g’alaba qozonishini ta’kidladi.
“Aql bovar qilmaydi, ammo bu fakt. Bizni Germaniyaning xoch chizilgan “Leopard” tanklari bilan yana qo’rqitishyapti. Gitler va Bandera izdoshlarining qo’li bilan Ukraina tuprog’ida Rossiya bilan yana olishishga hozirlanishyapti. Ammo Rossiya bilan zamonaviy urush boshqacha bo’lishini ular tushunishmayapti. Biz ularning chegarasi tomon tank yubormaganmiz, ammo bunga javob berishga qurbimiz yetadi va yolg’iz zirhli texnika bilan chegaralanib qolmaymiz”, - dedi Putin.
Rossiyada bugun Ikkinchi jahon urushida burilishga sabab bo’lgan Stalingrad uchun janglar yakunining 80 yilligi xotirlanmoqda.
Facebook Forum