Rossiya dezinformatsiyasiga qarshi kurashayotgan faollar o’zlarini elflar deb atamoqda. Chunki Kreml trollariga qarshi faqat elflar kurashadi, deydi ular.
Litva va boltiqbo’yining boshqa mamlakatlarida minglab odamlar ijtimoiy tarmoqlarda soxta xabarlarni fosh qilish bilan shug’ullanmoqda.
Harakat asoschisi Richardas Savukinas.
“Odamlar Rossiya propagandachilarini trollar deb ataydi. Rossiya propagandasiga qarshi kim kurashadi? Albatta, elflar. Elflar nomini shu tariqa ishlata boshladik”, - deydi harakat asoschisi.
Ukraina inqilob ortidan Yevropa ittifoqiga yaqinlashib, 2014-yil voqealari yuz bergach, guruh yanada faollashdi. A’zolarning aksariyati shu kungacha bir-birini tanimaydi.
Elflar harakati faqat Ukraina bilan cheklanmagan. Vilnyus universiteti professori va Rossiya propagandasi bo’yicha ekspert Viktor Denisenkoning aytishicha, Kreml boltiqbo’yi davlatlari matbuotiga ta’sir o’tkazishga urinmoqda.
“10-20 kishilik kichik guruh Litva, Latviya, Estoniya, Finlandiya va boshqa mamlakatlarga yoyilgan harakatga aylandi”, - deydi u.
Litvalik qonunchi Yurgita Siyonine koronavirus pandemiyasi davrida elflar harakatiga qo’shildi.
Harakat a’zolari Rossiya trollariga aloqador soxta ma’lumotlarni qidiradi. Shunday ma’lumot aniqlangan taqdirda, ijtimoiy tarmoq yoki sayt egasiga bu haqda xabar jo’natib, ma’lumotni internetdan o’chirtirishadi.
Kasbi shifokor bo’lgan Siyonine ishni vaksinalarga oid dezinformatsiyaga qarshi kurashdan boshladi. Ukrainada urush boshlangach, uning vazifasi ham kengaydi.
“Rossiya Ukrainani ozod qilayotgani, Ukrainada natsizm urchigani kabi mavzular, xususan, inson huquqlari bo’yicha ishlaymiz”, - deydi u.
Savukinasning aytishicha, 2021-yilning ikkinchi yarmidan boshlab Litvada Rossiya dezinformatsiyasi kuchaygan va bu Ukraina bosqiniga tayyorgarlik bilan bog’liq bo’lishi mumkin. Bugun Kreml da’volariga ishonadigan odamlar ancha kamaydi, deydi u.
“Buchadagi ommaviy qotillik, zo’rlash va bolalarni qiynash kabi haqiqiy narsalarni ko’rganingizdan keyin Rossiya propagandasining yolg’on ekanini tushunasiz”, - deydi u.
Ukraina ishg’oli ikkinchi yilga kirar ekan, elflar harakati qoshida, ekspertlarga ko’ra, 22 ming odam Rossiya propagandasiga qarshi kurash olib bormoqda.
Facebook Forum