Breaking News

Ukrain harbiylari Polshada nemis tanklarini boshqarishni o’rganyapti


Polshadagi harbiy trening jarayoni
Polshadagi harbiy trening jarayoni

Ayrim xabarlarga ko’ra, Qo’shma Shtatlar Ukrainaga va’da qilingan qurollar va harbiy texnika yetkazilishi bilan yirik hujum boshlashni tavsiya qilgan. Germaniya “Leopard-2” tanklari Ukrainaga mart oxirida yuborilishini ma’lum qilgan. Ungacha esa ukrainalik tankchilar Germaniya va Polshadagi mashg’ulotlarda qatnashmoqda.

Xalqaro hayot - 16-fevral, 2023-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:04 0:00

Polshaning Sventoshuv harbiy shaharchasidagi bazada 100 dan ortiq ukrainalik mashq qilmoqda. Ularga Kanada, Norvegiya va Polsha mutaxassislari saboq bermoqda.

Donetsk va Lugansk viloyatlaridagi janglarda toblangan tankchilar har kuni 10 soatdan mashq qilmoqda. Ular 3 oyda olinadigan ko’nikmalarni bir oydan ko’proq vaqt ichida o’zlashtirishi kerak bo’ladi.

“Jangchilarimizning jangovar tajribasi bor. Ko’chadan kelishgani yo’q. Tanklarda jang qilishgan. Bu tanklarda jang qilishni o’rganishi ancha tez bo’ladi”, - deydi ukrainalik mayor Vadim Xodak.

Germaniya avvaliga 14 ta tank bermoqchi. Boshqa mamlakatlar ham “Leopard-2” tanklarini Ukrainaga va’da qilgan.

Polsha Prezidenti Andjey Duda dushanba kuni bazada bo’lib, mashqlarni kuzatdi.

“Ukrainaliklar bizni ham mudofaa qilishyapti, Yevropa uchun, rus imperializmiga qarshi jang qilishyapti”, - dedi u.

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy G’arbdan qiruvchi samolyotlar olishni ham umid qilyapti, biroq Qo’shma Shtatlar bunday reja yo’qligini ma’lum qildi. Zelenskiy bugun Norvegiya qonunchilariga virtual murojaat qilib, so’nggi 5 yilda Ukrainaga berilgan 7 milliard dollarlik yordam uchun minnatdorchilik bildirdi.

Ukraina Isroildan ham yordam olishga umid qilyapti. Bugun Isroil Tashqi ishlar vaziri Eli Koen Kiyevga bordi.

Rossiya bilan yaxshi aloqalarga ega Isroil uning Ukrainadagi harbiy harakatlarini ochiq qoralashdan va Rossiyaga qarshi sanksiyalarga qo’shilishdan o’zini tiymoqda. Kiyev yahudiy davlatni pozitsiyasini o’zgartirishga chaqirib, qurollar, jumladan havo mudofaasi tizimini berishni so’ramoqda.

Isroil hozircha gumanitar yordam berish bilangina cheklangan.

“Ukrainaga uning qiyin kunlarida yordam berayotganimizdan faxrlanaman. Kelasi oylarda ham bu yordamimiz davom etadi. Ukrainaga aqlli erta ogohlantirish tizimini rivojlantirishda ko’maklashamiz”, - dedi Koen Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitro Kuleba bilan uchrashuv chog’ida.

Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning bugun xorijiy muxbirlar bilan uch soatdan ortiq davom etgan matbuot anjumanida aytishicha, Yevropa mamlakatlari Ukrainada tinchlik bo’lishini istaydi, biroq AQSh bosimi ostida urush yo’lidan borishga majbur. Lukashenko Belarusga AQSh va Rossiya rahbarlarini taklif etib, tinchlik muzokaralarini tashkillashtirishga tayyor ekanini, ammo Amerika buni istamasligini aytdi, Zelenskiyni Ukrainani vayron qilayotganlikda aybladi.

Unga ko’ra, Belarus qo’shinlari uning hududiga xorijiy qo’shinlar qadam qo’ysagina rus armiyasi bilan bir safda jangga kirishadi.

Bu o'rtada Rossiyaning “Vagner guruhi” xususiy harbiy kompaniyasi asoschisi Yevgeniy Prigojin Donetsk viloyatining Baxmut shahri mart yoki aprel oyida halqaga olinishini aytdi. Prigojin Baxmut uchun janglarni Kulikovo, Borodino va Stalingrad janglariga qiyosladi.

Rus qo’shinlari strategik hisoblangan Baxmutni o’tgan yil avgustidan beri ishg’ol qilishga urinmoqda. Ukrainalik harbiylar qattiq qarshilik ko’rsatmoqda.

Prigojinga ko’ra, davlat idoralaridagi qog’ozbozlik askarlarga tezroq harakatlanishga halaqit bermoqda.

Ukrain qo’shinlari ruslarning Baxmut hamda Donetsk, Lugansk va Xarkov viloyatlaridagi hujumlarini qaytarganini da’vo qilmoqda.

“Ko’p askar yuborishyapti. Talafotlari katta. Bunaqada hujumlari uzoqqa yetmaydi”, - deydi ukrainalik jangchilardan biri.

Baxmut ruslar qo’liga o’tsa, Kramatorsk va Slavyanskka yo’l ochilib, Baxmutdan kattaroq bo’lgan bu shaharlar ta’minot tizimidan uzilishi aytilmoqda.

Rossiya bugun Ukraina tomon o’nlab raketa otgan. Kremenchugdagi yirik neftni qayta ishlab chiqarish zavodi zarar ko’rgani ma’lum.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG