Breaking News

Moldova rahbari: "Rossiya hukumatimizni ag'darmoqchi"


Moldova Prezidenti Maya Sandu Parijga tashrifi paytidam 21-noyabr, 2022
Moldova Prezidenti Maya Sandu Parijga tashrifi paytidam 21-noyabr, 2022

Moldova rahbarining bayon qilishicha, Moskva maxfiy reja asosida uni hukumatdan ag'darishga urinmoqda.

"Kreml shu tariqa davlatimizning Yevropa Ittifoqiga qo'shilishiga yo'l qo'moqchi emas", - deydi Prezident Maya Sandu 13-fevral kungi murojaatida.

Ukraina hukumati o'tgan hafta Rossiya xavfsizlik kuchlari Moldovaga qarshi operatsiya olib bormoqda, deya ogohlantirgan edi. Buni Moldova razvedkasi ham tasdiqlagan.

"Rossiya harbiylarimiz orasiga o'z kuchlarini kiritishga urinmoqda. Fuqarolarimiz orasida bizga qarshi kayfiyat uyg'otish harakatida. Hukumat inshootlarini nishonga olishi mumkin, hatto odamlarimizni garovga olish payida", - deydi Sandu.

2,6 million aholiga ega Moldova Ukrainada urush boshlanganidan beri uni quvvatlab kelmoqda va G'arb bilan yaqinlashish ilinjida. O'tgan yili Ukraina qatorida Yevropa Ittifoqiga kirish uchun hujjat topshirgan.

Moldovaning yangi Bosh vaziri Dorin Rechan, Kishinyov, 10-fevral, 2023
Moldovaning yangi Bosh vaziri Dorin Rechan, Kishinyov, 10-fevral, 2023

Sandu deydiki, Kreml Kishinyovni bilvosita qo'lga olib, konstitutsion tuzumni yangilab, o'zi xohlagan liderni qo'yib, Moldovani butkul o'ziga bo'ysundirishni ko'zlamoqda.

"Davlatimiz Kremlga bu qora niyatiga erishish uchun aslo yo'l bermaydi", - deydi prezident.

Rossiya hukumati bu da'volarga munosabat bildirmagan.

O'tgan oktabr-dekabr oylarida Moldova politsiyasi va razvedkasi "qator jinoiy elementlarni tutgan" va ular orqali "zo'ravonlik hollari rejalanganini o'rgangan".

Yevropaning eng kambag'al davlatlaridan biri ekan, Moldova energetik inqirozda, inflyatsiya yuqori, qo'shni Ukraina urushi oqibatlaridan aziyat chekmoqda. Ukrainaga otilgan raketalarning qoldiqlari Moldova hududidan tez-tez topilib, aholini xavotirga solmoqda.

Dnestrbo'yi o'lkasida esa Rossiya qariyb 1500 harbiyga ega. Moldova o'z yeri deb hisoblovchi bu hududda yarim millioncha odam yashaydi. 1992-yildan beri u rusparast separatist kuchlar qo'lida.

Moldova anchadan beri energetik inqirozda va bunda Rossiyani ayblaydi
Moldova anchadan beri energetik inqirozda va bunda Rossiyani ayblaydi

Sandu deydiki, Rossiya Moldovadan Ukrainaga qarshi urushda foydalanmoqchi. Biroq hukumat barcha choralarni ko'rib, bu xavfni bartaraf etadi, deydi u.

Prezident parlamentdan razvedka xizmati va prokuraturaga zarur mablag' ajratib, tashqi tahdidlarga qarshi tezkor qadamlar tashlashda quvvatlov so'ramoqda.

Londondan tahlilchi Kostin Chobanu nazarida Kishinyov haqiqatan qattiq bosim ostida. Ukraina hukumati bergan ma'lumotlar ishonchli, deydi u, qolaversa Moldova razvedkasi ham jonbozlik ko'rsatmoqda.

"Prezident Sandu aytayotganidek, Moldovada xavfsizlikni mustahkamlash kerak, zudlik bilan. Rossiya uni ezishga bel bog'laganiga shubha yo'q".

Sandu Moskvaning rejasini fosh etib, Vladimir Putinni to'xtatmoqchi, deydi ekspertlar. Ukraina bo'yicha rejalar ham shunday ochilgan edi, lekin bu Moksvani urushdan to'xtatmagan.

Moldova hukumati xorijga qochgan ikki oligarx - Ilan Shor va Vladimir Plaxotniuchni Rossiya bilan til biriktirganlikda ayblamoqda. Har ikkisi AQSh va Britaniya sanksiyalari ostida.

O'tgan kuzda Shorning partiyasi Rossiyani quvvatlab, namoyishlar o'tkazib, Sandu hukumatini qoralagan.

O'tgan hafta Moldovada kutilmaganda Bosh vazir yangilandi. Nataliya Gavrilitsa o'rniga g'arbparast strateg, mudofaa va xavfsizlik bo'yicha maslahatchi bo'lib ishlagan Dorin Rechan tayinlangan.

AQSh hukumatiga ko'ra ham Moldova Rossiya tahdidi ostida. Amerika rasmiylari deydiki, Moskva turli yo'llar bilan bu mamlakatni ham bosib olish payiga tushgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG