Breaking News

Ukraina avtoritar va liberal dunyo orasidagi kurash timsoliga aylangan


Dnepr daryosi, Ukraina, 12-fevral, 2023
Dnepr daryosi, Ukraina, 12-fevral, 2023

Urushning bir yilligiga yaqinlashgan Ukraina ittifoqchilar yordamiga muhtoj ekanini eslatmoqda. Frontdagi vaziyat Kiyev uchun jiddiy keskinlashgan.

Rossiya armiyasi yirik hujumlarni kutilganidek aniq bir hududdan yorib o’tish amaliyoti bilan emas, front bo’ylab muttasil o’tkazishga qaror qilgan.

Frontdagi so’nggi vaziyatni baholayotgan mutaxassislar, jumladan NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg ham shunday fikrda, Rossiya kutilgan yirik hujumlarni boshlagan.

“Agar Ukrainada Putin g’alaba qozonsa, bu barcha avtoritar liderlarga kuch ishlatishning samaradorligiga ishora beradi. Bu dunyoni xavfliroq, bizni esa yanada ojizroq qiladi ”, - degan NATO rahbari.

Stoltenbergga ko’ra, Rossiya qishki yirik hujumlarni boshlar ekan, Ukraina mudofaasi tezlikda zarur qurollar bilan ta’minlanishi o’ta muhim.

NATO bosh kotibining bu bayonoti Ukrainaga ittifoqchi davlatlar mudofaa vazirlarining “Ramshtayn” nomi bilan tanilgan uchrashuvi arafasida qilinmoqda.

So’nggi uchrashuvini yanvar oyida o’tkazgan ittifoqchilar 14-fevral kuni NATO bosh qarorgohida yig’iladi.

Uchrashuv Ukraina urushiga bir til to’layotgani arafasida, frontdagi vaziyat keskinlashayotgan bir paytda tashkil etilgani diqqatli.

Ittifoqchilar avvalgi uchrashuvda kelishilgan harbiy yordam, og’ir texnika - tanklarni tez fursatlarda Ukrainaga yetkazish, shuningdek, harbiy samolyotlar bilan yordam berish imkoniyatini muhokama qilishlari kutilmoqda.

Yanvar oyidagi uchrashuv ortidan ittifoqchi davlatlar umumiy hisobda Ukrainaga yuzlab tanklar, o’rta masofaga otuvchi raketa tizimlari yetkazishga qaror qilishdi, hozircha bu yordam Ukrainaga yetib kelgani yo’q. Rossiya armiyasi front bo’ylab hujumga o’tishi esa yordamga ehtiyojni yanada kuchaytirgan.

Frontdagi so’nggi hafta Rossiya armiyasi Donbass fronti bo’ylab harakatga kelganini, hujum aynan sharqiy hududlar, xususan Donetsk, Lugansk hududlarini to’liq egallash uchun kechishini ko’rsatmoqda.

Rossiya keng miqyosli hujumlarni boshlaganiga oid xabarlardan qat’i nazar shiddatli janglarning asosiy markazi Baxmut bo’lib qolmoqda. Ayni paytda shahar deyarli uch tomondan qurshovga olingani, ukrain armiyasi mudofaani davom ettirayotgani ta’kidlanadi.

Rossiya qo’shini Baxmutga kirishga muvaffaq bo’lgan, janglar bevosita shahar ichiga ko’chgan, ammo Ukraina tomoni bu ma’lumotni tasdiqlagani yo’q.

Ukraina armiyasi uchun Baxmutni tashlab chiqish maqsadga muvofiqligi haqidagi tavsiyalardan qat’i nazar Prezident Volodimir Zelenskiy shahar topshirilmasligi, mudofaa davom etishini bildirgan edi.

Harbiy ekspertlar bu qarorni Baxmut taqdiri nafaqat siyosiy ahamiyat kasb etishi, balki ukrain armiyasiga ajratilgan yordam kechikayotgani rus qo’shinlarini imkon qadar to’qnashuv chizig’ida ushlash, vaqtdan yutishni talab etayotgani bilan ham izohlashadi.

Ta’kidlash lozim, Ukrainaga ko’rsatilgan harbiy yordam nafaqat ittifoqchilar muvofiqlashishi, logistikadan, shuningdek, ukrain harbiylarining NATO standartiga moslashishini ham taqozo etadi.

Ayni paytda Ukraina harbiylari Polshada “Leopard” tanklarida o’quv mashg’uloti o’tkazishmoqda. Qisqartirilgan tartibdagi bu mashg’ulotlar bir oydan oshiq vaqt olishi kutilyapti. Samolyotlar, xususan F-16 boshqaruvini o’rganish esa yanada uzoqroq vaqt oladi.

Harbiy ekspertlar ta'biricha, yaqin vaqt, xususan ittifoqchilar yordami frontga yetib kelgunga qadar Ukraina armiyasi uchun o’ta og’ir kechadi.

24-fevralda Ukraina urushiga bir to’ladi. Jang maydonida ikki tomon Ukraina va Rossiya urishayotganiga qaramasdan, o’tgan bir yil Ukraina urushini avtoritar va liberal dunyo o’rtasidagi kurash timsoliga aylantirdi.

Global xavfsizlikka doir vaziyat muhokamasi bilan tanilgan Myunxen konferensiyasi Ukraina urushi bir yilligi arafasida o’z hisobotini e’lon qildi.

Hisobotning qisqacha xulosasi shuki, Ukraina urushi avtoritar rejimlar va liberal qadriyatlar o’rtasidagi kurashni keskinlashtirgan.

Ekspertlar deydiki, Rossiya va Xitoy avvaldan “xalqaro tizim elementlarini” qayta ko’rib chiqish da’vosida bo’lgan. Rossiyaning Xitoyning sukutdagi rizoligi bilan Ukrainada urush boshlashi so’nggi o’n yilliklar davomida dunyo xavfsizligiga qilingan eng yirik tahdiddir, deydi tahlilchilar.

Global tinchlikka bag’ishlangan Myunxen konferensiyasi 17-fevralda ochiladi. Ukrainaga bosqin ortidan Rossiya ishtirokisiz o’tayotgan bu konferensiyada asosan Ukraina urushining dunyo xavfsizligiga ta’siri, oqibatlari va istiqboli muhokama qilinadi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG