Breaking News

Blinken Turkiyada: NATO kengayishi va harbiy yordam muhokamada


AQSh davlat kotibi Entoni Blinken
AQSh davlat kotibi Entoni Blinken

Turkiyaga safar qilgan AQSh Davlat kotibi Entoni Blinkenga ko'ra, bu davlatga F-16 rusumidagi jangchi samolyotlar sotilishi rejalangan. Amerika Turkiyani Shvetsiya va Finlandiyaning NATOga kirishini ma'qullashga undamoqda.

AQSh Kongressi F-16 savdosiga doir 20 milliard dollarlik kelishuvni tasdiqlashi kerak. Turkiya 40 samolyot va qariyb 80 quti harbiy texnika so'ragan. Ular, deydi Anqara rasmiylari, Turkiya qurolli kuchlarini zamonaviylashtiradi.

Blinken Kongress qachon ma'qullashi mumkinligini bilmaydi, ammo Bayden ma'muriyati bu kelishuv tarafdori ekanini aytadi.

“NATO doirasidagi hamkorligimizning bir qismi va albatta, AQSh xavfsizligini ham ko'zlaydi", - deydi Blinken.

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mevlut Cavuso'g'li deydiki, F-16 savdosi NATO kengayishiga bog'lanmasligi kerak. Harbiy alyans a'zosi sifatida Turkiya hali Shvetsiya va Finlandiya kirishini quvvatlab chiqmagan.

Blinken esa bu boradagi qaror imkon qadar tezroq qabul qilinishi va bu davlatlar blokka kirishi kerak.

"NATO ularni yaqin orada qabul qiladi deb ishonamiz, chunki bu har bir a'zoning tinchligi uchun muhim qadam, jumladan AQSh va Turkiyaning", - deydi Blinken Chavusho'g'li bilan Anqarada o'tkazgan matbuot anjumanida.

Anqara, 20-fevral, 2023
Anqara, 20-fevral, 2023

Turkiya Shvetsiyaga shubha bilan qaraydi, chunki u Anqara terror tashkiloti deb hisoblovchi guruhlarga "mehribonlik qilib kelgan".

Chavusho'g'li ta'kidlashicha, Shvetsiya NATOni terrorizm nima ekanini tushunishiga ishontirishi kerak. Turkiyaga ko'ra, unga qarshi to'dalar Shvetsiyada moliyalanmoqda, u yerdan turib kengaymoqda va targ'ibot olib bormoqda. Stokgolm bu da'volar va xavotirlarni asossiz, deb biladi.

NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg Turkiyani masalani cho'zmaslikka chaqirgan.

Blinken 20-fevral kuni Anqarada Prezident Rajab Toyyip Erdo'g'an bilan yopiq eshiklar ortida so'zlashgan.

Tomonlar Ukraina xususida fikr almashgan, unga yordam masalasi muhokama qilingan.

Vashington Turkiyada bu oydagi zilzila jabrdiydalariga madadni oshirish va hududlarni qayta tiklashda ko'maklashishga bel bog'lagan.

Blinken AQShning Turkiya va Suriya aholisi uchun 100 million dollarlik insonparvarlik paketini e'lon qilgan. Zilzilada 44 mingdan ziyod odam nobud bo'lgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG