Breaking News

Tahlil: G'arb bir yil oldin Ukraina mag'lub bo'ladi deb hisoblagan


Liman, Donetsk, Ukraina, 5-oktabr, 2022
Liman, Donetsk, Ukraina, 5-oktabr, 2022

Yaqinda Kiyevda so'zlar ekan, Amerika rahbari Jo Bayden Ukraina davlat va demokratiya sifatida barhayot, deya bong urdi.

Biroq bir yil oldin Rossiya bu mamlakatga bostirib kirgan paytda Vashington kelajak haqida ancha boshqacha qarashga ega edi.

"Rossiya harbiy jihatdan bag'oyat qudratli, Ukraina esa juda zaif deb hisoblashgan, - deydi Eliot Koen, Jons Hopkins universiteti professori. - Amerika Ukrainaga yordam berishga shoshmayotgan edi, chunki baribir qulaydi degan taxminlar bor edi".

Britaniyadan tahlilchi Taras Kuzio nazarida ham G'arb Ukrainaning Rossiyaga qarshi turib berishiga ishonmagan. Shu bois, deydi u, harbiy yordam bekorga isrof bo'ladi, deya maslahat berayotganlar talay edi.

"G'arb davlatlari Kiyevning salohiyatini past baholashgan. Tezda mag'lub bo'ladi deb o'ylashgan".

Biroq Rossiya 2022-yilning 24-fevralidan Ukrainaga o'z armiyasini safarbar etganidan bir necha kun o'tiboq, uning qo'shinlari chekina boshladi. Ukraina ularni ortga qaytishga majbur qildi. Mana shu voqea, deydi ekspertlar, Kiyevga nisbatan ishonch va madadni oshirdi.

G'arbdagi uquvsizlik, loqaydlik

"Rossiyani izchil biladiganlar G'arbda juda oz, - deydi Aleksandr Vindman, bir paytlar Oq uyda Milliy xavfsizlik kengashida ishlagan mutaxassis. - Ukraina haqidagi bilim esa undan ham kam".

Bu mamlakat aslida Rossiya bilan 2014-yildan beri urushda ekani va o'zini himoya qilish uchun qattiq kurashga bel bog'laganini Amerika va uning hamkorlari boshida chuqur anglamadi, deydi Vindman.

Yana bir jiddiy xato, deydi tahlilchi, Rossiyani faqat sobiq sovet tarixidan kelib chiqib tahlil qilish va bu analizda uning atrofidagi xalqlar va davlatlarning o'rni va bugungi siyosatini pisand qilmaslik.

Kiyev, Ukraina, 20-avgust, 2022
Kiyev, Ukraina, 20-avgust, 2022

"G'arb tayanadigan maslahatchilar asosan Rossiyada yashaydigan va ishlaydigan odamlar. Ular esa o'zini nafaqat Rossiya, balki butun sobiq sovet mamlakatlari bo'yicha ekspert qilib ko'rsatadi. Bu o'taketgan aqlsizlik. Dunyoning boshqa biror qismida bunday emas. Masalan, Argentina bo'yicha ekspertga biz Braziliya yoki Meksikaning eksperti deb qaramaymiz. Lekin sobiq SSSR hududiga shunday yondashamiz", - deydi Vindman.

"Ukraina Rossiyaga o'xshaydi, faqat undan kuchsizroq, yanayam korrupsiyalashgan va beqaror deb baholashdi", - deydi Orisiya Lutsevich, Londondan yana bir ekspert.

"Ukraina biror jihatdan mukammal bo'lmasa-da, ancha zamonaviy qarashga ega. Rossiya singari markazlashmagan va avtoritar tuzumda yashamaydi".

G'arb Ukraina armiyasi o'tgan sakkiz yilda tub islohotlar ichida bo'lganini ham hisobga olmagan. Umuman bu mamlakatdagi islohotlar nima samara bergani analiz qilinmagan, deya kuzatadi Jorj Barros, Vashingtondan harbiy tahlilchi.

Kuzio qayd etishicha esa aynan Rossiyadan olingan tahlil sharq va g'arb orasidagi ziddiyatni bo'rttirib ko'rsatgan va Ukrainani o'ta nimjon sistema deb tasvirlagan.

Koen fikricha ham Rossiya katta va qudratli, Ukraina esa uning soyasidagi kichikroq xalq va davlat sifatida uzoqqa bora olmaydi, degan qarash G'arb pozitsiyasiga ta'sir qilgan.

"Haqiqatan ham G'arb siyosiy doiralari Rossiya o'tgan 30 yildan beri olib borayotgan mana shunday targ'ibotlarga o'zi anglamagan holda tayangan", - deydi Oksana Markarova, Ukrainaning AQShdagi elchisi.

Rossiya bu qo'shnisini har jihatdan ezib tashlaydi, Kiyev nega Moskva bilan o'chakishyapti, degan fikrlar keng edi, xuddi Ukrainaning bechora aholisi Rossiya armiyasini xush kelibsiz deb kutib oladigandek, deya ta'kidlaydi elchi.

Markarova fikricha, Afg'onistondagi mag'lubiyat ham Vashington strategiyasiga ta'sir qilgan, ya'ni Ukraina hukumati parchalanadi, rahbarlari qochadi, degan taxmin ham bo'lgan. Lekin Prezident Volodimir Zelenskiy va uning ma'muruyati Kiyevdan qimirlamadi. Uning qanday kurashayotgani G'arb va butun dunyoning ko'zini ochdi, deydi diplomat.

Bucha, Ukraina, 6-aprel, 2022
Bucha, Ukraina, 6-aprel, 2022

Harbiy salohiyat tahlili

G'arb, xususan NATOga a'zo davlatlar, Rossiya harbiy salohiyatini yuksak darajada deb bilgan. Ukraina armiyasi bilan qiyoslaganda, rus qurolli kuchlari son va saviya jihatdan bir necha katta yuqorida, deya tahlil qilingan.

Ekspert Barros deydiki, hukumatlar sonlarga qarab adashgan. Harbiy, texnologik, siyosiy va iqtisodiy omillarga qarab qiyoslanganida ham ular Rossiyani juda yuqori, Ukrainani esa juda past baholashgan.

Barros ishlaydigan Urush tadqiqotlari instituti bashorat qilishga shoshmagan. Lekin, deydi olim, "biz Kiyev qulamaydi deya taxmin qilganmiz".

"Rossiya qurolli kuchlari qay ahvolda ekani, axborot tizimi, boshqaruv va nazorat, razvedka, jangovarlik darajasi va boshqa jihatlar ko'rib chiqilganida, qudratli bir tizimdek ko'rinmayotgan edi".

Vindman AQShning Rossiyadagi elchixonasida ishlagan.

"Uch yil mobaynida Moskvada bu davlat armiyasi faoliyatini kuzatib, tahlil qilganman. Muammolar shu qadar ko'p ediki, men shaxsan bu kuch Ukrainani ishg'ol qilishiga aslo ishonmaganman", - deydi u.

Kuzio deydiki, G'arb Rossiyada har soha, xususan, harbiy tizim ham naqadar korrupsiyalashganiga e'tibor bermagan.

"Rossiya agar uyushgan jinoyatchilikka asoslangan tuzum bo'lsa, qurolli kuchlar bu tuzumning ajralmas qismi".

Avdiivka, Donetsk, Ukraine, 26-dekabr, 2022
Avdiivka, Donetsk, Ukraine, 26-dekabr, 2022

Urushni bashorat qilish mumkin emas

"Harbiy analizga taqdirning bashorati deb qaramaslik kerak", - deydi Maykl Kofman, AQSh Dengiz kuchlari tahlil markazida Rossiya bo'yicha bosh ekspert.

Kofman Ukrainaga hujum Rossiyaga qimmatga tushadi deb taxmin qilgan, ammo Ukrainaning bu qadar qattiq kurasha olishini tasavvur qilmagan. Uning nazarida G'arb Kreml qoqilishini boshidan bilgan.

"Lekin Ukraina frontda unga harbiy jihatdan bas kela olmaydi deb o'ylaganmiz. Biroq bosib olganda ham Rossiya uzoq tura olmaydi, deb ham hisoblaganmiz. Ukrainadagi ko'plab ekspertlar ham shunday fikrda edi".

Kofman tahlilicha, Amerika va uning ittifoqchilari ancha pragmatik yondashgan. Ukrainaga yordam berilishi aniq edi, uning zaif jihatlari ma'lum edi, ammo Rossiyaga G'arbning biror hukumati yengib bo'lmas kuch deb qaramagan, deya ta'kidlaydi u.

Rossiya ketma-ket qudratli zarbalar bilan kirib keladi, degan tasavvur keng edi. Ukraina ularga munosib javob qaytara olishi uchun na texnika, na yetarlicha qo'shinga ega edi. Lekin Rossiya bunday amaliyotlar qila olmadi, harakatda adashdi va muqobil yo'llar ustida o'ylanmagani ayon bo'ldi, deya izohlaydi Kofman.

U yana bir omilga e'tibor qaratadi: Rossiya maxfiy xizmatlari Ukraina xalqini bo'lish, aholini bir-biriga qarshi qayrash, ichki ziddiyatlar chiqarish uchun keng qamrovli propaganda olib bordi, ammo bu ish bermadi. Ukraina urushda yanada birdam va hamjihat jamiyatga aylandi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG