Breaking News

"Madonna qo’lidagi qurol" - mem targ'ibot


“O'tgan yili taxminan 3 million Kanada dollarini xayriya qildik. AQSh dollarida 2,5 million”, - deydi Kristian Boris
“O'tgan yili taxminan 3 million Kanada dollarini xayriya qildik. AQSh dollarida 2,5 million”, - deydi Kristian Boris

Rossiya bosqinidan biroz avval, Ukrainada ishlagan kanadalik jurnalist Kristian Boris “Saint Javelin” nomli sahifaga asos solgan. Maqsadi bosqinga uchrash arafasida turgan Ukraina uchun 500 dollarlik yordam yig’ish edi. Loyiha mamlakat harbiy ehtiyojlari uchun mablag’ to'plashda kuchli vositaga aylangan.

“Avliyo Javelin” - kanadalik jurnalist Kristian Boris tomonidan Ukrainaga yordam yig'ishdan boshlangan loyiha edi. U amerikalik rassom Kris Shou tomonidan yaratilgan Madonna qo’liga tankka qarshi qurol - “Javelin”ni ko’tarib turgan oddiy memdan boshlangan.

“Rossiya ko’zlagan ishini qilishiga ishonchim komil edi, shuning uchun yordam yig'moqchi edim. Taxminan 500 dollarcha to'plasam kerak deganman. Stikerlarni chop etib, Instagramda joylashtirdim va “Kimgadir kerakmi? Bahosi 10 dollar,"- dedim. Tinimsiz xabarlar kela boshladi. So’ngra veb-saytni ishga tushirdim”, - deydi Boris.

Bir necha hafta ichida “Avliyo Javelin” memdan Ukraina qarshiligining timsoliga aylandi.

“O'tgan yili taxminan 3 million Kanada dollarini xayriya qildik. AQSh dollarida 2,5 million”, - deydi Boris.

Bugungi kunda “Avliyo Javelin” minglab buyumlarda - krujkalar, emblema-yu stikerlar va bayroqlarda o’z aksini topgan. Hatto prezident Zelenskiy futbolkasida.

Loyihaning asosiy maqsadlaridan biri Ukrainadagi harbiy ehtiyojlar uchun mablag' to'plash.

“Adashmasam, 10 ga yaqin yuk mashinasi sotib oldik. Yana ehtiyojmand odamlar bizga murojaat qilishmoqda…”, - deydi Boris.

Tashkilot faoliyatini yuz minglab odamlar ijtimoiy tarmoqlar orqali kuzatadi. Boris va uning jamoasi esa Ukrainadagi so'nggi yangiliklar bilan odamlarni xabardor qilib boradi.

Boris mamlakatdagi jamoa vakillari bilan uchrashish uchun Ukrainaga muntazam qatnaydi. Tashriflarim, deydi u, diqqatim muhim masalalarda bo’lishi uchun muhim.

“Safarlarim chindan ham muhim, chunki ular natijaga erishishga yordam beradi. Sara g'oyalar paydo bo’ladi”, - deydi Boris.

Jamoa mahalliy biznesni qo’llash uchun 2023-yilda ishlab chiqarishning yarmini Ukrainaga ko’chirmoqchi.

“Ukraina bo'ylab paypoq, futbolka ishlab chiqaradigan fabrikalarni topdik. Biroz avval Ukraina qurolli kuchlariga o’zimiz to’qigan 500 ga yaqin issiq kurtkalarimizni hadya qildik”, - deydi.

Yaqinda Boris Nyu-Yorkda ukrainalik fotograf Sasha Maslovning urush manzaralari aks ettirilgan "Avliyolar" kitobi taqdimotini o'tkazdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG