AQSh matbuoti Davlat kotibi Entoni Blinkenning Xitoyga safarini izohlarkan, ikki mamlakat aloqalari o’ta past darajada ekaniga, yuqori martabali rasmiylar o’rtasida muloqot yoq’ligiga ishora qiladi.
“Nyu-York Tayms” gazetasi Blinken Pekin aeroportida quruq kutib olinganiga, Xitoy rasmiylaridan birining Blinken bilan suratga tushayotganida yuzini tosh qilib qo’l siqishiga, Prezident Si Zinpin bilan uchrashuv chog’ida esa AQSh delegatsiyasi yon tarafda, Xitoy rahbari stolning boshida o’tirganiga e’tibor qaratadi.
“Vashington Post” esa Sining Blinken bilan uchrashuvi muloqotdan 45 daqiqa oldin e’lon qilingani AQSh-Xitoy aloqalaridagi sovuqlikka bir isbot ekanini bildiradi. Blinkenga ushbu uchrashuv uchun atigi 35 daqiqa ajratildi.
Amerika rasmiylari so’nggi bor Xitoyda 2018-yilda bo’lgan.
Blinkenning o’zi uchrashuvlarini ijobiy baholadi.
“Ochiq, chuqur, ba’zan konstruktiv gaplashdik. Ayrim yo’nalishlarda ko’p ish qilishimiz kerak”, - dedi u.
Ayniqsa muloqotni yo’lga qo’yishda.
Xitoy Mudofaa vazirligi AQSh bilan harbiy aloqa kanallarini o’rnatishdan bosh tortmoqda. Vashington buning mojarolarning oldini olish uchun muhimligini ta’kidlaydi.
Oy boshida Xitoy harbiy kemasi Tayvan bo’g’ozida Amerika kemasiga 140 metrga yaqinlashganini Vashington “xavfli yuzlashuv” deb atadi.
Pekin Tayvanni va bo’g’ozni o’ziniki deb bilarkan, AQSh kemalarining hududda harakatlanishiga e’tiroz bildiradi.
AQSh Xitoydan Tayvan atrofidagi harbiy faollikni pasaytirishni so’ramoqda.
“Yarimorolning kuch bilan bosib olinishi salkam butun dunyoga ta’sir qiluvchi iqtisodiy inqirozga olib keladi”, - dedi Blinken.
Dunyo bo’ylab tijoriy yukning 50 foizi Tayvan bo’g’ozi orqali o’tadi, yarimo’tkazgichlarning 70 foizi Tayvanda ishlab chiqariladi.
Davlat kotibi AQShning Xitoy bilan nizolashish niyati yo’qligini aytdi.
Blinkenga ko’ra, Xitoy rahbarlari Rossiyaga harbiy yordam uzatmayotganini yana bir bor ta’kidlagan.
Ayrim kuzatuvchilarning aytishicha, Ukraina va Yevropaga Rossiyaga qarshi ixtilofda ko’maklashayotgan AQShning ikkita frontda jang qilishga holi yo’q.
Yaqin orada Xitoyga AQSh moliya va savdo vazirlari Janet Yellen va Jina Raymondo hamda Oq uyning iqlim bo’yicha maxsus vakili Jon Kerri borishi kutilmoqda. Noyabr oyida esa Osiyo va Tinch okeani iqtisodiy hamkorlik tashkilotining sammitida Prezident Bayden Xitoy rahbari bilan ko’rishib qolishi mumkin.
Facebook Forum