Breaking News

Blinkenning fevral oyida qoldirilgan Pekin safari


Fevral oyida Xitoyga safarini qoldirgan AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken bugun Pekinda bu mamlakat prezidenti, tashqi ishlar vaziri va boshqa rasmiylari bilan muloqot qildi. Si Zinpin Blinkenning tashrifi AQSh-Xitoy aloqalarini barqarorlashtirishga ijobiy hissa qo’shishiga umid bildirdi.

Xalqaro hayot - 19-iyun, 2023-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:11:15 0:00

Bu Amerika davlat kotibining Xitoyga 2018-yildan beri birinchi safari. Yil boshida AQSh uzra Xitoy havo sharining uchgani va AQSh uni josuslik aerostati deb urib tushirganidan so’ng Blinken safarni qoldirishga qaror qilgan.

Matbuotdagi xabarlarga ko’ra, Blinken va Xitoy Tashqi ishlar vaziri Tsin Gan olti soatlik muloqoti chog’ida Rossiya-Ukraina urushi, Tayvan masalasi, savdoga qo’yilgan cheklovlar, mintaqaviy xavfsizlik, josuslik, AQSh kema va samolyotlarining Xitoyga yaqin hududlardagi harakatlari bo’yicha fikr almashgan.

Prezident Si bilan uchrashuv yopiq eshiklar ortida yarim soatdan oshmagani aytiladi. Oq uy joriy yilda Prezident Baydenning Xitoy rahbari bilan yuzma-yuz uchrashuvini tashkillashtirishga harakat qilyapti. Blinken tashkiliy masalalar haqida ham gaplashgan bo’lishi mumkin.

Xitoy matbuotiga ko’ra, Si AQSh Xitoyning qonuniy va asosli huquqlari va manfaatlarini hisobga olib, ularga ziyon yetkazmaslikka chaqirgan. Pekin Tayvanni o’z hududi deb biladi va AQShning yarimorolga siyosiy va harbiy yordam uzatilishiga e’tiroz bildirib keladi. AQSh esa o’z navbatida Pekinni Tayvanga hujum qilmaslikka chaqirib keladi, mojaro vujudga kelgudek bo’lsa, Tayvanga yordam berishini ta’kidlaydi.

“Bugun Xitoyda ishlovchi AQSh kompaniyalari vakillari bilan uchrashuvim chog’ida ular yuz tutayotgan muammolar, xususan Amerika kompaniyalariga nisbatan qo’llanilayotgan jazo choralari xususida gaplashdim”, - dedi Blinken.

Unga ko’ra, Vashington Xitoy kompaniyalarining Rossiyani Ukrainadagi urush uchun muhim texnologiyalar bilan ta’minlayotganidan xavotirda va Blinken bu xavotirlarni Xitoy rahbariyatiga yetkazgan.

Davlat kotibi AQSh Xitoy iqtisodiy qudratini tushirishga harakat qilayotgani haqidagi gaplarning haqiqatdan yiroq ekanini, havoda va dengizda to’qnashuv ehtimolining oldini olish muhimligini aytdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG