Breaking News

AQSh-Xitoy: Muzokaralar ortidan "aloqa kanallarini ochishga" kelishib olindi


AQSh va Xitoy o’rtasida bir necha raundli muzokaralar ortidan Davlat kotibi Entoni Blinken yaqin haftalarda Pekinga boradigan bo’ldi. Ekspertlarga ko’ra, ikki qudratli davlat mojarolarning oldini olishga qaratilgan rejaga kelishib olishi kerak.

Muzokaralar 2023-yilning fevralida Xitoy havo shari AQSh osmonida urib tushirilganidan keyin to’xtab qolgan edi. Hukumatlar “aloqa kanallarini ochishga” kelishib olgan.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Van Venbinning aytishicha, “ikki tomonlama munosabatlarni yaxshilash va kelishmovchiliklarni bartaraf etish bo’yicha” muloqot bo’lib o’tgan.

May oyida AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi rahbari Vilyam Berns va Oq uy maslahatchisi Jeyk Sallivan Xitoyga tashrif buyurgan edi.

“Vashington va Pekin o’rtasidagi tushunmovchilik va strategik raqobat mojaroga olib bormasligi kerak. Munosabatlarni boshqarishning bir yo’lini topish zarur”, - deydi sobiq diplomat Evans Reviye.

Qator masalalarda til topisha olmayotgan ikki davlat bir-birining talablarini o’z milliy manfaatlariga putur yetkazishga urinish deb biladi.

Vashington, jumladan, Xitoydagi inson huquqlari ahvolini va savdo amaliyotini muntazam tanqid qilib keladi, Tayvan bo’g’ozidan o’tish huquqini himoya qiladi.

Pekin nazarida esa AQSh qonun ustuvorligini bahona qilib uning suverenitetiga putur yetkazmoqda, inson huquqlarini bahona qilib uning ichki ishlariga aralashmoqda. Xitoy o’zini o’zi boshqaruvchi Tayvan orolini o’ziniki deb biladi va AQShning mintaqadagi harbiy harakatlarini provokatsiya deb baholaydi.

Yon berish yo’q

Global masalalar bo’yicha professor Xal Brends tahlilicha, ikki davlat kelishmovchiliklar mojaroga olib borishini istamaydi, lekin hech biri yon berishni ham xohlamaydi.

“Raqobat chegarasini belgilash sabablari bor. Hech bir tomon urush istamaydi. Ammo o’zi uchun muhim deb bilgan masalalarda chekinishga ham ular tayyor emas”, - deydi Brends.

Uning fikricha, kelgusi bir yilda AQSh-Xitoy munosabatlari sezilarli darajada yaxshilanishini kutmaslik kerak, chunki texnologiya, Tayvan, savdo kabi mavzular bo’yicha tafovutlar saqlanib qolmoqda.

Diplomatlar va razvedka rasmiylari uchrashgan bo’lsa-da, harbiy dialog tiklanmagan. Xitoy Mudofaa vaziri Li Shanfuning ta’kidlashicha, “Xitoy va AQSh o’rtasida jiddiy mojaro yoki qarama-qarshilik chidab bo’lmas falokatga” olib kelishi mumkin, shuning uchun ular til topishishi lozim.

Shanfu bu haqda yaqinda Singapurda o’tgan forumda so’zladi. Unda qatnashgan AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostinga ko’ra, mojarolarni boshqarish bo’yicha dialog taklifiga Pekinning o’zi ko’nmayapti.

Ekspertlar deydiki, demokratiya va qonun ustuvorligi kabi fundamental qadriyatlar borasidagi tafovutlar munosabatlarni taranglashtirayotgan omillardan.

“O’rtadagi mafkuraviy farq katta va kengayib bormoqda. Si Zinpin boshqaruvi ostida Xitoy avtoritarizm, aksil-liberalizm va markazlashish tomon qadam tashlamoqda”, - deydi Reviye.

“Shu bilan birga, Xitoyning harbiy jihatdan misli ko’rilmagan dajarada kuchayishi va Tinch okeanining g’arbiy qismida hukmron kuchga aylanish istagi AQShning mintaqadagi yirik kuch sifatidagi uzoq muddatli roli bilan to’qnash kelmoqda”.

Oq uy Xavfsizlik kengashi sobiq maslahatchisi Zak Kuperga ko’ra:

“Ikkala tomonning qarashlari tubdan farq qiladi. AQSh ham, Xitoy ham ikki tomonlama aloqalarni ijobiylashtirish ehtimolini past baholaydi, ammo uchinchi tomonlarga ular harakat qilayotganini ko’rsatish zarur deb hisoblaydi”.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG