Breaking News

Janubiy Koreya tashqi siyosatida Xitoyga qarshi ohang kuchaymoqda


Janubiy Koreya Prezidenti Yun Sok Yolning tashqi siyosiy qarashlarini aks ettiruvchi Hind-Tinch okeani strategiyasi Xitoy noroziligiga sabab bo’ldi.

42 sahifalik hujjatda Xitoy to‘g‘ridan-to‘g‘ri tanqid qilinmaydi. Unda Pekin "farovonlik va tinchlikka erishish uchun asosiy hamkor" deb tilga olingan.

Shunga qaramay, Janubiy Koreyaning Hind-Tinch okeani strategiyasi e’lon qilinishidan bir kun o’tib, Xitoy Tashqi ishlar vazirligining vakili Seulni "eksklyuziv guruhlar" izlamaslik haqida ogohlantirdi.

Bunga sabab sifatida strategiyadagi bir qator bandlar, nomi tilga olinmagan bo’lsa-da, Xitoyni nishonga olishi aytilmoqda. Masalan, hujjatda kuch ishlatish va majburlash qoralangan. U demokratiya, qonun ustuvorligi va inson huquqlariga asoslangan “qoidalarga asoslangan xalqaro tartib”ni saqlashni qo'llab-quvvatlaydi.

Janubiy Koreyaning rasmiy siyosiy hujjati birinchi marta Tayvan taqdirini Janubiy Koreya va kengroq mintaqa bilan bog'laydi. Bu esa Xitoyning Tayvan mavzusi faqat ichki masala ekanligi haqidagi da'vosiga zid.

Bu, shuningdek, Seulning Qo'shma Shtatlar bilan yanada yaqinlashganini va Xitoyga qarshi jasorati oshganini ko'rsatadi.

Pekinga qarshi siyosat

O'tgan yili prezidentlik lavozimiga kirishishi bilan Yun siyosatida Xitoyga qarshi belgilar paydo bo’la boshladi.

Masalan, Yun Tayvandagi "status-kvoni kuch bilan o'zgartirishga urinishlarni" qoralashini ma’qul qildi. Bu global ahamiyatga ega masala, deya qo‘shimcha qildi Yun.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi Yunni izohlar uchun tanqid qilgach, Seul Xitoy elchisini chaqirib, tushuntirish talab qildi.

Xitoy, shuningdek, Yunning tarixiy raqibi Yaponiya bilan munosabatlarni tiklayotganini xavotir bilan kuzatmoqda. Bu yaqinlik ikki davlatga umumiy tahdidlar bo'yicha Qo'shma Shtatlar bilan yanada yaqinroq hamkorlik qilish uchun yo'l ochib berdi.

AQSh boshchiligidagi tashabbuslar

Yun davrida Janubiy Koreya Xitoyga qarshi qaratilgan bir qator tashabbuslarda ishtirok etdi.

Yaqinda Yun Yaponiyadagi ilg'or demokratik davlatlarning “Katta yettilik” yig'ilishida ishtirok etdi; guruh yig’ilishi yakunida Xitoyga qaratilgan jiddiy bayonot qabul qilindi.

Aslida bular yangilik emas. Yundan avvalgi prezident davrida ham Seul AQSh bilan yaqin bo’lgan. Ammo Yun Xitoyga qarshi qarashlarini ochiqroq ma’lum qilmoqda.

“Menimcha, siyosatda katta o'zgarishlar bo'lgani yo'q. Ammo Yun Xitoyga nisbatan nima qilayotgani haqida Munga qaraganda ochiqroq gapiryapti”, - deydi Londondagi Qirollik kolleji eksperti Pacheko Pardo.

Qadriyatlarga asoslangan hamkorlik

Janubiy Koreya AQSh boshchiligidagi ko'plab mintaqaviy tashabbuslarda nima uchun ishtirok etmoqda, degan savolga Janubiy Koreya Tashqi ishlar vaziri o'rinbosari Choy Yon Sam Seul aslida Pekin bilan ham shunday hamkorlikka ochiq ekanini aytdi.

“Bu faqat AQSh boshchiligidagi mintaqaviy hamkorlik yoki birdamlik emas. Bu umuminsoniy qadriyatlarga asoslangan xalqaro birdamlik, - dedi Choy. - Biz AQSh bilan nafaqat AQSh bo'lgani uchun, balki erkinlik, tinchlik va farovonlik uchun foydali bo'lgani uchun ham hamkorlik qilamiz. Biz Xitoyning ushbu xalqaro sa'y-harakatlarda faolroq ishtirok etishini olqishlaymiz".

Choy Tinch okeanidagi 17 ta davlat rahbarlarini Koreya-Tinch okeani orollari sammitiga qabul qilishga tayyorgarlik ko‘rayotgan chog‘ida “Amerika Ovozi” bilan suhbatlashdi.

O'tgan hafta bo'lib o'tgan sammitdan keyingi qo'shma bayonotda Seul tashqi siyosatining asosini tashkil etishi ta'kidlangan "umumiy umuminsoniy qadriyatlar" muhimligiga urg'u berildi.

Vashington-Seul qarashlaridagi tafovut

Yun Xitoyni tanqid qilishiga va bu masalada Vashington bilan hamkorlik qilishiga qaramay, Janubiy Koreya va Qo'shma Shtatlar o'rtasida tafovutlar saqlanib qolmoqda.

Masalan, Tayvan uchun yuz berishi mumkin bo’lgan ehtimoliy urushda Janubiy Koreya AQShga ittifo qchi sifatida qo’shilishi ma’lum emas. O'tgan yili bergan intervyusida Yun AQSh-Janubiy Koreya ittifoqi, hatto Tayvan bilan bog'liq mojaro yuz bersa ham, asosan, Shimoliy Koreyaga diqqat qaratishi kerakligini aytdi.

Yun Rossiya bosqiniga qarshi kurashayotgan Ukrainaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qurol jo‘natish so‘rovlarini ham rad etdi.

Janubiy Koreya, shuningdek, Xitoyga nisbatan AQSh boshlagan iqtisodiy bosim kampaniyasining barcha jihatlariga qo'shilmadi. Bu ajablanarli emas, chunki Xitoy Janubiy Koreyaning eng yirik savdo sherigi hisoblanadi.

Eng muhimi, Janubiy Koreya, AQSh bosimiga qaramay, Xitoyga foydali yarimo‘tkazgichlar eksportiga cheklovlar qo‘ymadi. O'tgan hafta “Business Korea” tomonidan keltirilgan rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, Janubiy Koreya yarimo'tkazgichlar eksportining 55 foizi o’tgan yili Xitoy hissasiga to’g’ri kelgan.

Xitoyning qarshi javobi

Janubiy Koreya iqtisodiyoti Xitoyga bog’liq bo’lgani uchun Seul Pekin bilan hisoblashishga majbur.

2017-yilda Seul AQShning raketaga qarshi mudofaa tizimini o‘rnatganidan so‘ng, Pekin Janubiy Koreya bizneslariga qarshi iqtisodiy qasos olishning og‘ir kampaniyasini boshladi.

O'tgan oy oxirida Xitoy Janubiy Koreyaning “Naver” xabarlar saytini bloklab qo’ygan. Bundan tashqari, Yunni nishonga olgan Xitoy davlat ommaviy axborot vositalari soni oshib bormoqda.

Agar Xitoy qarshilik choralarini kuchaytirsa, Yunning hozirgi yondashuvni davom ettirishi ancha qiyin bo'ladi, deydi Seuldagi Yonsey universiteti professori Jeffri Robertson.

Robertson fikricha, Janubiy Koreyaning Qo'shma Shtatlar va Xitoyga bo'lgan munosabatini ikki tomonga tebranayotgan taroziga o’xshatish mumkin.

Uning so'zlariga ko'ra, tarozining bir pallasiga Janubiy Koreyaning AQSh bilan yaqin xavfsizlik aloqalari, ikkinchi tomoniga esa Xitoy bilan iqtisodiy aloqalar qo’yilgan.

"Nimadir keskin narsa sodir bo’lmaguncha, bu muvozanat o’zgarmaydi", - dedi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG