Breaking News

Pelosining Tayvanga tashrifi qanday oqibatlarga olib kelishi mumkin?


AQSh Vakillar palatasining spikeri Nensi Pelosi Janubiy Koreya parlamenti raisi Kim Jin Pyo bilan qo'shma bayonot bermoqda
AQSh Vakillar palatasining spikeri Nensi Pelosi Janubiy Koreya parlamenti raisi Kim Jin Pyo bilan qo'shma bayonot bermoqda

AQSh Vakillar palatasining spikeri Nensi Pelosi Xitoyning asabiylashishiga sabab bo’lgan Tayvanga safari ketidan Janubiy Koreyaga bordi. Asabiylashish navbati bu gal Shimoliy Koreyaga keldi.

Xalqaro hayot - 4-avgust, 2022-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:57 0:00

Pelosi Janubiy Koreya parlamenti raisi Kim Jin Pyo bilan uchrashuv chog’ida Qo’shma Shtatlar Seulning Pxenyanni jilovlash hamda Koreya yarim orolini yadrodan xoli mintaqaga aylantirish harakatlarini qo’llab-quvvatlashini aytdi.

Ikki arbob qo’shma bayonot chiqarib, Shimoliy Koreyaning yadroviy va raketa tahdidlaridan xavotir bildirdi.

Shu bugunoq Pelosi Janubiy va Shimoliy Koreyani ajratuvchi demilitarizatsiya qilingan hududga bordi. 2019-yilda AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp qo’shma xavfsizlik hududi deb ataluvchi bu joyga borib, Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Un bilan uchrashgan edi.

Pelosi Janubiy Koreya Prezidenti Yun Suk Yol bilan uchrashmadi, biroq ikki arbob 40 daqiqa davomida telefon orqali gaplashgan.

Pelosining Osiyo bo’ylab safari Yaponiyaga tashrif bilan yakunlanadi.

Xitoy AQSh siyosatchisining Tayvanga borganini xato derkan, AQSh bilan aloqalarga jiddiy ta’sir qilishi haqida ogohlantirdi.

Xitoy hududda kechadan beri harbiy mashqlar o’tkazyapti, AQShning Xitoydagi elchisi Nikolas Bernsga norozilik notasini topshirgan. Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van Yi esa Pelosining Tayvanga tashrifini Pekinga nisbatan haqorat deb aybdorlar jazolanishini aytdi.

Xitoy Tayvanni o’z hududi deb biladi, Pelosining orolga tashrifini provokatsiya sifatida ko’rmoqda.

“Amerika siyosatida uchinchi raqamli rahbarning Tayvanga safariga Xitoy AQSh tarafidan Tayvan bilan diplomatik aloqalarni jonlantirishga harakat deya qaramoqda. Pekin nazarida, AQSh bu qadami bilan Tayvanga mustaqil davlatdek muomala qilmoqda”, - deydi Vashingtondagi Brukings tahlil institutidan Maykl Oxanlon.

Tayvan Prezidenti Tsay In Ven bilan uchrashuv chog’ida Pelosi Qo’shma Shtatlar Tayvandan yuz o’girmasligini, Xitoyning harbiy do’q-po’pisalariga pand qilmasligini aytdi.

Tahlilchi Oxanlon Pelosining Tayvanga tashrifi qurolli to’qnashuvga yetaklashiga ishonmaydi.

“Xitoy o’z bayonotlari bilan butun dunyo diqqatini o’ziga qaratib, bizni bir necha kunga xavotirda ushlab turgisi keldi. Balki bu bilan kelajakda boshqalarni shunga o’xshash holatdan qaytarishga umid qilayotgandir. Bu narsa katta mojaroga aylanib ketishiga ko’zim yetmaydi”, - deydi u.

Biroq Xitoyning bunday umidlari puchga chiqqan ko’rinadi. Pelosining Tayvanga safarini olqishlagan britan qonunchilari kuzda orolga borib kelmoqchi.

Xitoy bugungi harbiy mashqlar paytida Tayvan suvlari tomon bir necha ballistik raketa otgan. Bu haqda Tayvan Mudofaa vazirligi ma’lum qildi. So’nggi bor Xitoy Tayvan atrofida raketalarini 1996-yilda uchirgan edi.

Tayvan hukumati amaliyotni qamalga qiyoslab, qiruvchi samolyotlarini havoga ko’tarish bilan munosabat bildirdi.

Tayvan Mudofaa vazirligi bugun internetdagi sahifasi hujumga uchraganini ma’lum qildi, bungacha Tayvanda hukumatga tegishli boshqa saytlarga ham zarba berilgan edi.

Janubiy Osiyo davlatlari uyushmasi - ASEAN tashkilotiga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlarining yig’ilishida qatnashish uchun Kambodjaga borgan AQSh Davlat kotibi Entoni Blinkenning aytishicha, Qo’shma Shtatlar Tayvan maqomini o’zgartirishga qaratilgan bir tomonlama harakatlarga qarshi.

"Pozitsiyamiz o’zgarmaganiga urg’u bermoqchiman. Pekin biror mojaroni keltirib chiqarmaydi yoki hozirgi agressiv harbiy harakatlarini kuchaytirishga bahona o’ylab topmaydi degan umiddaman”, - dedi Blinken.

Tayvan harbiy salohiyatini kuchaytirishini, AQSh bilan bu borada hamkorlikni oshirishini bildirdi.

“Katta Yettilik” guruhiga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari Xitoyning Tayvan atrofidagi harbiy mashqlarini tanqid qilishi ketidan ASEAN yig’ilishi uchun Kambodjaga borgan Xitoy tashqi ishlari vaziri yaponiyalik hamkasbi bilan uchrashuvni bekor qildi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG