Breaking News

Blinken shu yil Xitoyga borishni umid qilmoqda


AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken
AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Xitoyning Amerika harbiylari tomonidan urib tushirilgan josuslik shari bilan bog’liq mojaro tufayli fevral oyida Pekinga rejalashtirilgan safarini qoldirgan edi. U shu yil Xitoyga tashrifi amalga oshishidan umidvor ekanini bildirdi.

Blinkenning soʻzlari AQSh-Xitoy munosabatlaridagi iliqlik belgilari sifatida koʻrilayotgan so’nggi voqealar, jumladan, Pekinda Amerika va Xitoy rasmiylari oʻrtasida boʻlib oʻtgan yuqori darajadagi uchrashuv hamda shu yil yozda AQSh Oziq-ovqat va farmasevtika maʼmuriyati Xitoyda tekshiruvlarni qayta boshlashni rejalayotgani haqidagi xabarlar fonida yangradi.

“Washington Post” gazetasi bilan muloqotda AQSh bosh diplomatining ta'kidlashicha, Qo'shma Shtatlar va Xitoy "barcha darajalarda va hukumatlar bo'ylab muntazam aloqa liniyalarini tiklashi" muhim.

"Bizda bu munosabatlar ostida zamin bo'lishi kerak. Bizda qandaydir himoya to'siqlari bo'lishi kerak. Buning yo'li esa aloqa o’rnatishdir", - dedi Blinken.

Chorshanba kuni Davlat departamenti matbuot kotibi o'rinbosari Vedant Patel jurnalistlarga Blinkenning Xitoyga safari qachon bo'lishi haqida aniq ma’lumot bera olmasligini aytdi.

Bir kun oldin AQShning Xitoydagi elchisi Nikolas Berns yuqori martabali amaldorlar bilan uchrashish imkoni yo'qligidan norozilik bildirgan edi.

“Biz gaplashishga tayyormiz, - dedi Berns. - Bizga haqiqatan ham hukumatlar darajasida muloqot kerak va Qo'shma Shtatlar bunga tayyor."

Uning qo‘shimcha qilishicha, AQSh Prezidenti Jo Bayden ma’muriyati hech qachon AQSh-Xitoy munosabatlarining sovuqlashishini yoqlamagan.

Kongressdagi tanqidchilar AQSh rasmiylarini faqat gaplashish bilan cheklanib qolmaslikka chaqirdi.

"Men ko'rishni yomon ko'radigan narsa bu Xitoy Kommunistik partiyasi bizga talablar qo'yadigan vaziyatga tushib qolish va bu talablarga qandaydir tarzda bo’yin egishimizdir”, - dedi Tennessi shtatidan respublikachi senator Bill Xeygerti.

"Biz har bir bosqichda ularga bosim o'tkazishimiz kerak", deb qo'shimcha qildi Xeygerti Senatning Sharqiy Osiyo, Tinch okeani va xalqaro kiberxavfsizlik siyosati bo'yicha tashqi aloqalar quyi qo'mitasining tinglovida.

Aloqalardagi iliqlashuv belgilari

Berns 20-aprel kuni XKP Markaziy Qo'mitasining xalqaro bo'limi a’zosi vazir Lyu Jianchao bilan uchrashdi.

“Biz AQSh-Xitoy munosabatlaridagi ko‘plab muammolarni muhokama qildik”, - dedi Berns “Twitter” orqali.

AQSh Markaziy razvedka boshqarmasining sobiq bosh xitoy tahlilchisi, hozirda Jorjtaun universitetining osiyoshunoslik kafedrasi dotsenti Dennis Uaylderning aytishicha, "ikki tomonlama aloqalarning keskin ahvolini hisobga olsak", Xitoy rahbari Si Zinpin Berns va Lyu o’rtasida bo’lgan uchrashuvni shaxsan ma'qullagan bo’lishi kerak.

Uchrashuv Blinkenning fevral oyida Myunxen Xavfsizlik konferensiyasi doirasida xitoylik diplomat Van Yi bilan o’tkazgan muzokaralaridan keyin Amerika va Xitoy rasmiylari o’rtasida Pekinda bo’lib o’tgan eng yuqori darajadagi muloqot bo'ldi.

AQSh Oziq-ovqat va farmasevtika idorasi Xitoyda COVID-19 pandemiyasi sababli 2020-yil martidan keyinga qoldirilgan tekshiruvlarini qaytadan boshlashga tayyorlanmoqda. AQShga eksport qilinadigan oziq-ovqat korxonalari va tibbiy jihozlarni tekshirish shu yilning yozida boshlanishi mumkin.

Blinken, shuningdek, Si Zinpin va Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘rtasidagi telefon qo‘ng‘irog‘ini “ijobiy narsa” deb ta’rifladi.

Xitoyning Ukraina urushini tugatishda vositachilik qilish taklifi haqida so'ralganda, Blinken shunday dedi:

"Albatta, Xitoy bu harakatda rol o'ynashi ehtimoli bor va bu juda foydali bo'lishi mumkin".

G‘arb Xitoyning Ukrainada keskinlikni pasaytirish va yakunda o‘t ochishni to‘xtatishga chaqiruvchi 12 banddan iborat rejasini rad etib kelmoqda. Chunki, ularga ko’ra, bu reja Rossiyaning hududiy yutuqlarini, jumladan, 2014-yilda noqonuniy qo’shib olingan Qrim yarimorolini hamda Sharqiy Ukrainada 2022-yil fevralidan beri qo’lga kiritilgan hududlarni e’tiborni chetda qoldirgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG