Breaking News

AQSh qonunchilari: Kelajakni Xitoy belgilashiga yo'l qo'ymaymiz


AQSh Kongressi Xitoy bo'yicha tekshiruv boshladi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:15 0:00

AQSh qonunchilari Xitoy bilan strategik raqobatga oid ikki yillik surishtiruv boshladi. Tinglovlarda xitoylik huquq faollari hamda milliy xavfsizlik bo’yicha sobiq rasmiylar qatnashyapti.

AQSh harbiylari Janubiy Karolina qirg'oqlari yaqinida Xitoy kuzatuv sharini urib tushirganidan bir necha hafta o'tgach, qonunchilar ikki davlat o'rtasidagi strategik raqobatni o'rganishni boshladi.

"Bu XXI asrda hayot qanday ko'rinishga ega bo'lishi ustida hayot-mamot kurashi. Eng asosiy erkinliklar xavf ostida. Xitoy Kommunistik partiyasi inson huquqlari partiyaning injiqliklariga bo'ysunadigan texno-totalitar davlatlar bilan gavjum dunyoni ko’rishni istaydi”, - deydi respublikachi qonunchi Mayk Gallaxer.

Gallaxer 24 kishilik qo’mitani boshqarmoqda. Unda har ikki partiyadan vakillar bor.

“Biz tan olishimiz kerak, Xitoy Kommunistik partiyasi bizning ixtiloflarga moyil, tarafkash va noxolis bo'lishimizni xohlaydi. Ular shundan umidvor. Ammo ular tushuna olmaydigan narsa shuki, bizning qarashlarimiz va kelib chiqishimizdagi xilma-xillik Amerika tizimidagi nuqson emas. Bu bizning belgilovchi xususiyatimiz va kuchimizdir”, - deydi demokrat Raja Krishnamurti.

Donald Trampning xavfsizlik bo’yicha sobiq maslahatchilari AQShni faolroq choralar ko’rishga chaqirdi.

"Qo'shma Shtatlar va erkin dunyoning boshqa davlatlari kapital va texnologiyani strategik raqobatchisiga erkin o'tkazish orqali o'zlarining raqobatdosh ustunliklarini yo'qqa chiqardi”, - dedi sobiq rasmiy HR Makkaster.

Joriy yil boshida Prezident Jo Bayden AQSh Xitoy bilan ziddiyatda emas, balki raqobatda ekanini ta'kidladi. Ammo ekspertlarning guvohlik berishicha, Pekin bu fikrda emas.

“Pekinning niyatlari haqida aldanish uchun endi hech qanday bahona yo'q. Si Zinpinning ommaga ochiq bo'lgan bayonotlari ko’lami juda katta va rejim amalga oshirgan xatti-harakatlari noto’g’ri tushunish mumkin bo’lmagan darajada ko’p", - deydi yana bir sobiq maslahatchi Metyu Pottinger.

Qo'mitaning keng ko'lamli tadqiqotlari xavfsizlik bo'yicha yangi tahdidlarni aniqlash imkonini beradi. Kongressmen Den Nyuxaus “Amerika Ovozi” bilan suhbatda AQSh qishloq xoʻjaligi hududlarida Xitoyning yer sotib olishidan xavotirda ekanini bildirdi.

"Bizning oziq-ovqat ta'minotimiz do'stimiz bo'lmagan odam bilan yuzaga kelishi mumkin bo'lgan mojaroda garov ostida qolishidan ko'ra xavfliroq narsani tasavvur qila olasizmi?" – deydi qonunchi.

Qo'mita a'zolarining "Amerika Ovozi"ga aytishicha, kuzatuv shari xavfsizlikka tahdidning kichik bir qismi xolos.

“Tom ma'noda har kuni amerikaliklar telefonlarida shu xavf bilan yuzlashadi va tahdid bu bilan tugamaydi. Xitoy katta harbiy tahdiddir. Ularning dengiz floti Amerikanikidan kattaroq va ko'pchilikning ta'kidlashicha, kuchliroq. Ularda qit’alararo ballistik raketa uchiruvchi qurilmalar AQShnikidan ko‘ra ko‘proq. Imkoniyatlari va gipertovushli qurollari Amerikaning bugungi holatidan ancha ustundir”, - deydi respublikachi Dasti Jonson.

Vakillar palatasining Tashqi ishlar qo‘mitasi ayni paytda Xitoyga tegishli “TikTok” ijtimoiy tarmoq ilovasini AQSh hududida taqiqlash imkonini beruvchi qonun loyihasini ilgari surmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG