AQSh Markaziy Razvedka Boshqarmasi rahbari Uilyam Byornsning Amerika matbuotiga bildirishicha, 2027-yilgacha Xitoy Tayvanni bosib olishni rejalagan, ammo Rossiyaning Ukrainadagi mag'lubiyatlari va Kremlga qarshi global munosabat Pekinni jiddiy o'ylantirib qo'ygan.
Prezident Si Zinpin, deydi Byorns, o'zini mustaqil orol-davlat deb biluvchi Tayvanni jilovlashga bel bog'lagan, ammo buni harbiy amaliyot orqali qilmasligi ham mumkin. Vashington Tayvanga yordam berishga tayyor turishi lozim, deydi Amerika rasmiysi.
“Biz Xitoy rahbarining qanday ko'rsatmalar berganini bilamiz, ammo Tayvanga nisbatan belgilangan siyosat qanday amalga oshiriladi, buni vaqt ko'rsatadi", - deydi Byorns.
“Bizning tahlilimizcha, Prezident Si va Xitoy qurolli kuchlari bosqinchilik bilan ish bitmasligini anglayotgandek".
Tayvan 1949-yilda Xitoydan ajralib, o'z hukumatini tuzgan. BMT va biror yirik davlat uni tan olmagan. Ammo Tayvan demokratiyasi va kapitalistik tuzumi xalqaro miqyosda olqishlanadi va G'arb tomonidan quvvatlanadi.
AQSh ham Tayvanni mustaqil mamlakat deb rasman e'tirof etmagan, ammo uning eng yirik tayanchidir. Kongress unga hamkor deb qaraydi va har yili moliyaviy va harbiy yordam ajratiladi.
Xitoy uchun esa Tayvan hamon uning ajralmas qismidir va buni anglatish uchun harbiy choralar ko'rishga tayyor ekanini Pekin yillardan beri qayd etib keladi.
Prezident Jo Bayden so'zlariga ko'ra, Tayvan nishonga olinsa, Amerika uga o'zini himoya qilish uchun ko'maklashadi.
Oq uy Pekin va Taypey ziddiyatlarni diplomatik yo'l bilan hal qilishini istaydi.
G'arbning Ukrainaning madadkori sifatida birlashib, Kiyevga muntazam yordam berayotgani, qolaversa Rossiyaga qarshi tinimsiz va keng ko'lamli sanksiyalar qo'yayotgani Pekin uchun saboq, deydi Byorns.
“Nazarimda, Xitoy Putinning ahvoliga qarayapti va o'zi ham shunday agressiv yo'ldan borsa, qanday oqibatlar bilan yuzlashishi mumkinligi haqida o'ylanib qolgan. Biroq Pekinning Tayvanga nisbatan kuch ishlatish ehtimoli pasaymasa kerak, - deya taxmin qiladi razvedka rahbari. - Biz uning xatti-harakatlarini sergaklik bilan kuzatib turibmiz”.