Breaking News

Praymerizda Trampni yenga oladigan nomzod bormi?


Election 2024 Trump
Election 2024 Trump

AQShda prezidentlikka da’vogarlar saylov kampaniyasini boshlab yuborgan. Sobiq prezident Donald Tramp Oq uyga qaytishga umid qilmoqda. Biroq buning uchun u avval Respublikachilar partiyasidagi saralash bosqichidan o’tishi, prezidentlikka nomzodini qo’ygan 10 nafar partiyadoshini mag’lub etishi zarur.

Praymerizda Trampni yenga oladigan nomzod bormi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:25 0:00

Qizig’i shundaki, aksariyati sobiq prezidentni tanqid qilishdan o’zini tiyib turibdi.

Donald Tramp so’rovlarda Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka o’zidan tashqari asosiy nomzodlar Florida gubernatori Ron Desantis va sobiq vitse-prezident Mayk Pensdan ancha oldinda ketmoqda.

AQSh tarixida federal ayblovga yuz tutgan ilk prezident bo’lishiga qaramay, Oq uyga qaytishga ahd qilgan Tramp astoydil harakat qilmoqda.

“Ron Desanktimonius va uning reytingi tosh kabi tushib ketyapti”, - dedi Tramp

Trampning so’rovlardagi peshqadamligi so’nggi besh saylovda respublikachilar kampaniyasida qatnashgan siyosiy strateg Stuart Stivensni ajablantirgani yo’q.

“Bu Trampning partiyasi. U yuzlashayotgan huquqiy muammolarning vaziyatni o’zgartira olishiga biror sabab ko’rmayapman. Nazarimda, ko’p jihatdan bu uning partiyadagi pozitsiyasini kuchaytirmoqda. U o’zini qurbon qilib ko’rsatishga muvaffaq bo’ldi”, - deydi Stivens.

Poygaga yaqinda qo’shilgan texaslik sobiq kongressmen Uill Xyord Trampni keskin tanqid qildi.

“Donald Tramp kabi qonunni pisand qilmaydigan, egoist, Vakillar palatasi, Senat va Oq uy uchun saylovlarni boy bergan siyosatchini yagona nomzod deb tanlasak, Jo Bayden yana g’alaba qozonadi”, - dedi u.

Aksariyat respublikachi nomzodlar Trampni tanqid qilishdan o’zini tiymoqda. Nyu-Jersi shtatining sobiq gubernatori Kris Kristi esa bundan tap tortgani yo’q.

“Donald Tramp bizni yanada bo’lib, kichraytirib qo’ydi”, - deydi u.

Nomzodlarning ba’zilari partiyaviy poygada g’alaba qilishiga ishonmasa-da, bu yilgi kampaniya ular uchun 2028-yilgi saylovga tayyorgarlik yoki Trampga asosiy saylovda sherik bo’lishga imtihon vazifasini o’tamoqda.

Mayami meri Frensis Suares Prezident Bayden va demokratlarni nishonga olmoqda, Trampga esa tashlangani yo’q.

“Hozirgi ma’muriyat ostida Amerika yana o’zidan shubhalana boshladi”, - dedi u.

Stuart Stivensning aytishicha, aksariyat nomzodlar Trampga kelganda turli sabablarga ko’ra ehtiyotkorlik bilan qadam qo’ymoqda.

“Agar sizni Jo Baydenga qarshi deb ko’rishayotgan bo’lishsa, bu respublikachilar tanlovida yaxshi narsa. Tarixdan shuni yaxshi bilamizki, Donald Trampga hujum qilsangiz, u ancha qattiq javob beradi. Nazarimda, Kris Kristidan tashqari boshqalar Donald Tramp bilan qattiq olishishni istamaydi”, - deydi strateg.

23-avgust kuni Respublikachilar partiyasidan nomzodlar praymerizning birinchi televizion debatida yuzlashadi. Ana shunda saylovchilarda ularni baholashga ilk fursat bo’ladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG