AQShni 2017-2021 yillar orasida boshqargan Donald Tramp Florida shtatida federal ayblovlar bilan yuzlashmoqda, xususan davlat xavfsizligi bilan bog'liq maxfiy hujjatlarni Oq uydagi muddati bitganidan keyin ham ravishda saqlaganlikda. Aybdor deb topilsa, 10-20 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.
So'nggi kunlarni Nyu-Jersi shtatida o'tkazgan Tramp 12-iyun kuni Florida shtatiga bordi. Uning prezidentlikdan keyingi rezidensiyasi shu shtatda joylashgan.
Tramp 13-iyun kuni Mayami shahar politsiyasi va federal sud huzurida ayblovlarni eshitadi.
Sobiq prezidentga kamida 37 banddan iborat ayblov qo'yilmoqda. Sudda ko'ringach, Tramp Nyu-Jersi shtatiga qaytib, oqshom tarafdorlariga murojaat qiladi.
Tramp bo'yicha maxsus tergovchi Jek Smit sud jarayoni tezroq kechishini istaydi, ammo bu unga bog'liq emas. Trampning advokatlari jarayon kechikishi va sudning keyingi muhokamalari imkon qadar qoldirilishi uchun harakat qiladi. Yuristlarga ko'ra, sudning kelasi bir yilda o'tmasligi Tramp uchun ayni muddao bo'ladi.
Ommaviy so'rovlarda Tramp respublikachilar orasida prezidentlikka eng ma'qul deb ko'rilayotgan siyosatchi. Partiyaviy saralashda uning g'olib chiqishi va respublikachilardan nomzod bo'lishi taxmin qilinadi, ammo bu bosqich hali boshlanmagan va saylovgacha bir yarim yil vaqt bor.
Amerika tarixida shu paytgacha biror prezident Oq uydan ketgach jinoyatda ayblanmagan. Tramp esa bir emas, bir necha bor sudlanmoqda.
Mart oyida u Nyu-Yorkda 2016-yilgi prezident saylovi paytida sobiq ma'shuqalari Tramp bilan aloqa haqida og'iz ochmasligi uchun pul berib, bu mablag'ni saylov xarajati deb ko'rsatganlikda ayblangan. Sudlov davom etmoqda, keyingi muhokama dekabr oyida. Tramp o'zini aybsiz deb hisoblaydi.
Jorjiya shtatida esa 2020-yilda saylov natijalariga ta'sir qilishga uringanlik gumoni bilan tergov ostida. Bu shtatda Tramp qanday ayblovlar bilan yuzlashadi, hozircha noma'lum.
Sobiq prezident Floridadagi ayblovlarni ham asossiz deb biladi, ammo ishlar jiddiy ekanini ham tan olgan.
"Hech kim sudlanishni xohlamaydi", - deydi u.
Tramp fikricha, Adliya vazirligi unga qarshi uydirma bilan band. Maxsus tergovchi Smit va boshqalarni u nafrat va konspiratsiyada ayblaydi.
Bu ishlar, deydi sobiq prezident, uni Oq uy uchun poygadan chiqara olmaydi.
"Men aslo to'xtamayman", - deydi Tramp Amerika matbuoti bilan muloqotda.
Mayamida uning tarafdorlari namoyishlar boshlagan, shuningdek, unga qarshilar ham plakatlar bilan ko'chada.
Tramp 31 maxfiy hujjatni yashirin olib ketganlikda gumon qilinmoqda. Bu hujjatlarda AQSh va boshqa davlatlarning mudofaa tizimlari va qurollari haqida gap ketgan. Amerika yadroviy arsenali, bu davlat va uning ittifoqchilariga tahdidlar va ularga nisbatan qanday javob berilishi xususidagi hujjatlar Oq uydan Tramp bilan uning Florida shtatidagi hovlisiga ketgan.
Aybnomada yozilishicha, 2021-yilning 20-yanvarida Tramp prezidentlikni tugatib, Vashingtondan chiqib ketganida bu hujjatlarni aslo olib ketmasligi kerak edi.
Mar-a-Lago deb nomlangan rezidensiyada bu hujjatlar solingan qutilar hammom, yotoqxona, tadbirlar zali va omborxonada saqlangan.
Sobiq prezident sifatida Tramp ayrim hujjatlarning nusxasini olish uchun istisno tarzida maxsus ruxsat so'rashi mumkin edi, ammo so'ramagan.
Ayblovga qayd etilishicha, Tramp yaqin xizmatchichi Volt Nota yordamida bu hujjatlarni hatto o'z yuristlaridan yashirgan. Federal qidiruv byurosi tekshirayotgan paytda Tramp va Nota agentlarning ishini qiyinlashtirish uchun turli to'siqlar qo'ygan. Nota ham hozir olti ayblov bilan yuzlashmoqda.
Tramp tergovchilarni aldaganlikda, hujjatlar solingan qutilarning joyini villasida muntazam ravishda o'zgartirganlikda ham ayblanmoqda. Sud hujjatlarida yozilishicha, hujjatlar qayerda ekanini uning eng yaqin advokati ham bilmagan.
Federal qidiruv byurosi agentlari Trampning hovlisidan jami 300 bet maxfiy hujjat topgan.
Facebook Forum