Breaking News

Amerikaliklar Trampning sudlanishi haqida qanday fikrda?


Donald Tramp tarafdorlari oldida, Florida shtati, 4-aprel, 2023
Donald Tramp tarafdorlari oldida, Florida shtati, 4-aprel, 2023

Donald Trampning jinoyatda ayblanishi, Amerika sobiq prezidentining hibsga olinib, sud huzuriga olib borilishi mamlakat bo'ylab uning tarafdorlari va unga qarshilarni bir-biridan yanada uzoqlashtirgan.

Respublikachilar nazarida Tramp siyosiy nishonda, demokratlar esa hech kim qonundan ustun emas, deydi.

2024-yilda Oq uyni ko'zlayotgan respublikachilar ham, ya'ni Trampning raqiblari uni yoqlab chiqqan.

Sobiq prezident 2016-yilgi saylov kampaniyasi paytida o'tmishdagi ishqiy munosabatlarini yashirish uchun ikki ayolga katta miqdorda pul bergani va bu mablag' keyin hujjatlarda yuridik xizmat deya qayd etilgani Nyu-York prokuraturasiga ko'ra, jinoyat. Tramp 34 modda bilan ayblanmoqda. Har bir moddada bu ishning bir tarafi keltiriladi.

Tramp sudga: "Aybsizman"
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:12 0:00

Florida shtati gubernatori Ron Desantis hali poygaga kirmagan, ammo reytinglarda Trampdan keyingi, ikkinchi o'rinda ketmoqda. Uning fikricha, Nyu-York prokurori Alvin Bregg Trampni ataylab, saylov oldidan sudlashga bel bog'lagan.

Tramp sudga o'z xohishi bilan bordi. Ayblovlarni tingladi. Ularni tan olmadi. Floridaga qaytdi. Keyingi tinglov 4-dekabrda.

Suddan keyingi nutqida sobiq prezident saylov kampaniyasini davom ettirib, "dushmanlar naqadar nohaq ekanini ko'rsatish uchun kurashdamiz", - deya bong urdi.

Oq uy uchun kurashga allaqachon kirishga respublikachi Nikki Heyli deydiki, Trampning sudlanishi "demokratlarning qasos olishga harakatidir, adolat emas".

Tramp bilan prezidentlik uchun kurashishi mumkin bo'lgan yana bir arbob, sobiq davlat kotibi Mayk Pompeo ham Trampni demokratik hamla qurboni sifatida tasvirlaydi.

Janubiy Karolina shtati senatori Tim Skott "Nyu-Yorkda qabih jinoyatlarni amalga oshirganlar bemalol yuribdi, lekin tizim siyosiy raqiblardan o'ch olish bilan ovora", - deya tanqid qilmoqda.

Trampga qarshilar va Tramp tarafdorlari yuzma-yuz, Nyu-York, 4-aprel, 2023
Trampga qarshilar va Tramp tarafdorlari yuzma-yuz, Nyu-York, 4-aprel, 2023

Demokratlar esa buning aksini aytadi. Vakillar palatasining sobiq spikeri Nensi Pelosi Trampga qo'yilayotgan ayblovlar kuchli isbot-dalillar bilan asoslanganini aytadi.

"Tizim faktlar va qonunga tayanadi. Hech kim qonunlarimizdan ustun emas. Aybsiz bo'lsangiz, bu sudda ayon bo'lishi kerak", - deydi Pelosi.

Senatda demokratlar sardori Chack Shumer deydiki, Tramp ham barcha amerikaliklar singari javobgarlikka tutiladi.

"Qilmishi egri deb topilgan bo'lsa, qonun oldida javob berishi shart bo'lsa, demak, tizimga bosh egadi. Bu siyosat emas, qonun ustuvor tizim. Hech kim aralasha olmaydi. Trampning tarafdorlari davlatimiz va qadriyatlarimizni bilishi kerak".

Oddiy amerikaliklar nima deydi?

“Nihoyat sudlashmoqda Trampni... Allaqachon shunday qilishlari kerak edi", - deydi Karolin ismli nyu-yorklik.

Trampning buguni va kelajagi, Daryo.uz - "Amerika Ovozi"
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:23:31 0:00

O'zini Oskar deb tanishtirgan yigit ta'biricha esa bu ish Trampga yordam beradi.

"U shuni istaydi, uning kampaniyasi uchun bu ayni muddao. Tekin targ'ibot. Oqlanib chiqsa, yanayam katta yutuq. "Men begunohni sudlashdi, ovoz bering menga", deb jar soladi".

Konnektikut shtatidan Jeyms deydiki, bu ayblov tizimga ishonchni oshiradi.

“Bu ish bizning jamiyatimizni qonunlar boshqarishini ko'rsatadi. Hech kim javobgarlikdan qocha olmaydi. Jinoyat qilgan bo'lsa, isbotlanishi kerak va jazolanishi shart”.

Chikagodan Stiv fikricha Tramp yuzlashayotgan ayblovlar kulgili.

“Tomosha bu. Amerika vaqtini shunday narsalarga sarflab, jiddiy muammolardan chalg'iydi. Tramo aslida bu yurt uchun ko'p ezgu ishlar qilgan odam".

AP axborotiga ham tayanildi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG