AQShning Florida shtati gubernatori Ron DeSantis kelasi yili bo’ladigan prezident saylovlarida ishtirok etish istagini rasman e’lon qildi.
DeSantis Demokratik partiyadan nomzod Jo Bayden bilan yuzlashishdan avval ommaviy so’rovlarda birinchi o’rinda ketayotgan sobiq prezident Donald Trampni partiyaviy saylovda mag’lub etishi zarur.
Siyosiy bashoratchilar ekzit-pol natijalariga tayanmaslikka chaqiradi.
“Ekzit-pollar foydali, chunki poyganing muayyan qismidagi vaziyatni ko’rsatadi”, - deydi “Amerika tadbirkorlik instituti”dan Daniel Koks.
Bir necha oy oldin DeSantis ijtimoiy so’rovlarda birinchi o’rinda edi, ammo Ukraina va Rossiya o’rtasidagi urushni hududiy nizo deya ta’riflashi ketidan reytingi tushdi, boy homiylar va saylovchilar e’tiborini qozonish ehtimoli pasaydi.
Trampning unga sodiq konservativ elektorati sobiq rahbardan yuz o’girmoqchi emas. Ayniqsa oliy ma’lumoti yo’q, ko’p pul topmaydigan saylovchilari. Florida gubernatori esa respublikachilarning boshqa qatlami orasida obro’ qozonmoqda.
“Trampni oq tanli, injilchi nasroniylar yaxshi ko’radi. Biroq ijtimoiy so’rov natijalari ular DeSantisni ham birday yaxshi ko’rishini ko’rsatmoqda”, - deydi Koks.
Tramp DeSantis ko’zga ilinmaydigan kongressmendan ikki muddatli gubernatorga aylanishida hissasi borligini aytadi. Gubernatorlikka saylovda Tramp uning nomzodini qo’llab-quvvatlagan, tarafdorlarini unga ovoz berishga chaqirgan.
Tramp DeSantisni prezidentlikka nomzodini qo’ymaslikka ko’ndirishga harakat qildi. DeSantis quloq solmadi. Tramp poygada uni ayamasligini aytib ogohlantirdi. Sobiq prezidentning bellashish uslubi 2016-yilgi partiyaviy saylovda boshqa respublikachi nomzodlar va asosiy saylovda demokratlardan nomzod Xillari Klintonni mag’lub etishga yordam berdi.
DeSantis ham bo’sh kelmasligini ko’rsatmoqda. Trampni mag’lub qilish uchun u asosiy raqibiga hujumni kuchaytirishi kerak, deydi Vashingtondagi Brukings tahlil institutidan Uilyam Galston.
“DeSantis Donald Trampni aylanib o’tolmaydi, uni yorib o’tishi kerak. Tramp DeSantisga nisbatan qanchalik shijoat va kuch namoyish etayotgan bo’lsa, DeSantis ham Trampga nisbatan shunchalik shijoat va kuch ko’rsatishi kerak”, - deydi ekspert.
DeSantis jamoasi respublikachi saylovchilar gubernatorning Floridadagi ishiga qarab ham uning tarafiga o’tishiga umid qilmoqda. Masalan, hokim olti haftadan katta homilani oldirishni man qilib qo’ydi, geylar va transgenderlarning huquqlarini chekladi, Floridani mashhur qilgan “Disney korporatsiyasi” bilan olishmoqda. Biroq prezidentlik uchun poygada DeSantis Mikki Mausni emas, Donald Trampni mag’lub etishi kerak bo’ladi.
Facebook Forum