Florida shtatida federal sud hay'atiga ko'ra, AQSh sobiq rahbari Donald Trampni davlatning maxfiy ma'lumotlari bitilgan hujjatlarni Oq uydagi muddati bitgach ham saqlaganlikda ayblash uchun asos bor.
Adliya vazirligi Trampni bu borada boxabar qilgan va uni Mayami shahrida 13-iyun kungi sud majlisiga chaqirgan. Bu borada sobiq prezidentning o'zi ijtimoiy tarmoqlarda bayon qildi.
Trampni bir necha ayblov kutmoqda. Ular kelasi hafta sudda o'qib eshittiriladi. Hozircha mutasaddilar bu borada lom-mim demaydi.
O'tgan yili sobiq rahbarning Floridadagi uyini tintuv qilgan federal agentlar kamida qator qonunbuzarliklar bo'lgan, deb xulosa qilgan edi.
Birinchidan, degan rasmiylar, milliy mudofaa bilan bog'liq hujjatlar u yerda saqlangan. Ikkinchidan, bu hujjatlarning ayrimlari yo'q qilinib, tekshirishga to'siqlar qo'yilgan.
Shu ikki qilmishda aybdor deb topilgan shaxs 10-20 yilga ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.
Mart oyida Nyu-York sud huzuriga borgan Tramp 2016-yilgi prezident kampaniyasi paytida ikki ayolga jinsiy aloqalarini yashirish uchun pul berib, bu mablag'ni rasmiy hujjatlarda saylov xarajati deb qayd ettirganlikda ayblanmoqda.
Trampning advokatlari "Amerika Ovozi" savollariga javob berishdan bosh tortdi.
Adliya vazirligi sobiq prezidentni davlat sirlari yozilgan qog'ozlarni Oq uydan olib ketganlikda gumon qilib, anchadan beri tekshirayotgan edi.
Mar-a-Lago villasidan 100 ortiq maxfiy hujjatlar topilgan.
Tergov natijalariga ko'ra, 300 dan ziyod shunday ashyolar, xususan "o'ta maxfiy" deb belgilangan dokumentlar Tramp qo'lida bo'lgan.
Tramp o'tgan yilning noyabr oyida 2024-yilda Oq uyga qayta saylanish uchun kampaniya boshlagan. Bu paytda u allaqachon Adliya vazirligi surishtiruvi ostida edi.
Sobiq prezident butun tizimni uni qulatishga urinayotganlikda, birgalikda unga qarshi uydirmada ayblaydi.
Trampning aytishicha, u olib ketgan materiallar prezidentlik paytida maxfiy emas deb belgilanishi buyurilgan hujjatlardir.
2021-yilda qayd etilgan audioda Tramp buni o'zi inkor etadi. Yozuvda siyosatchi Pentagon faoliyatiga doir maxfiy dokument uning qo'lida ekanini aytadi.
Trampni kelasi hafta kutayotgan ayblovlar ham Oq uy uchun poygadan chiqara olmaydi.
Sudlangan taqdirda ham u jarayonni davom ettirishi mumkin.
Amerika fuqarolari qamoqda o'tirib ham siyosiy mansab uchun nomzodini qo'yishi mumkin.
2002-yilda sobiq kongressmen, korrupsiyada aybdor deb topilgan Jim Trafikant panjara ortidan qonunchi sifatida qayta saylanish uchun kurashgan. Trafikant saylana olmagan. Yetti yilga ozodlikda mahrum qilingan.
Facebook Forum