Breaking News

Trampga qarshi bir necha tergov uzoqqa cho’zilishi mumkin


AQSh sobiq prezidenti Donald Trampga Nyu-York sudida 34 ta punkt bo’yicha jinoiy ayblov qo’yilishi ketidan uning advokatlari ishga kirishmoqda. Bu Trampga qarshi qo’zg’atilgan bir necha tergovdan biri, xolos.

Xalqaro hayot - 10-aprel, 2023-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:11:01 0:00

“Federal tergovchilar, Nyu-York tergovchilari tomonidan nishonga olingan har qanday odam bir oz tushkunlikka tushadi, albatta. Ammo Tramp umumiy manzaraga, tarixiy manzaraga qarab, bu mamlakatimiz uchun salbiy davr ekanini aytmoqda”, - deydi sobiq rahbar advokati Jeyms Trasti.

Tramp 2006-yilda porno aktrisa bilan jinsiy aloqada bo’lganini yashirish uchun 2016-yil saylovidan oldin unga pul to’lashni buyurib, kompaniyasi moliyaviy hujjatlarini soxtalashtirganlikda ayblanmoqda. Biroq u aybsiz ekanini aytib keladi.

Sobiq adliya vaziri Bill Barr prokuror Elvin Bragg olib borayotgan tergov ishini zaif deb biladi.

“Kompaniya hujjatlarini soxtalashtirish firibgarlik sxemasining bir qismi bo’lsagina jinoyat hisoblanadi. Tergov hujjatlarida firib nimadan iborat ekanini ko’rmayapman. Da'vo muddati bilan bog'liq boshqa ko'plab muammolar mavjud. Bragg boshqa jinoyatlarni ham ochib berolmagan”, - deydi sobiq vazir.

Barr nazarida, Tramp Oq uydan ketganidan so’ng maxfiy hujjatlarni shaxsiy uyida saqlagani bilan bog’liq tergov bundan jiddiyroqdir.

“Hukumat o’yinlar qay darajada o’ynalganini, qay darajada to’siq bo’lganini, hukumatdan hujjatlar saqlanganini tergov qilmoqda”, - deydi u.

Advokat Trastining aytishicha, Tramp qo’lida hozir birorta maxfiy hujjat qolgani yo’q.

“Biz bu ishga professional ravishda yondashdik, qoidadan chetga chiqmadik, da'vo arizasiga rioya qilish bilan bog'liq muammolar yo'qligidan ko’nglimiz to’q”, - deydi u.

Tramp barcha ayblovlarni rad etishda davom etarkan, 2020-yil saylovi natijasini bekor qilishga harakat hamda 2021-yil 6-yanvarida Kapitoliyga hujumga aloqadorligi bilan bog’liq da’volar yirik jarima va hatto qamoq jazosiga sabab bo’lishi mumkin, deydi Pensilvaniya universiteti professori Kler Finkelstayn.

“Konstitutsiyada 14-tuzatishning uchinchi bandiga binoan fitnaga gijgijlash yoki isyon Tramp kelajakda federal lavozimlarni egallay olmasligini anglatadi”, - deydi olima.

Huquqshunoslar 2024-yilda bo’ladigan prezident saylovigacha tilga olingan birorta tergov ishi bo’yicha Trampga hukm chiqarilishiga ishonmaydi. Demak, u saylov kampaniyasini hech qanday to’siqsiz olib borishi mumkin.

Amerikaning 45-prezidenti unga qo’yilgan barcha ayblovlar va tergovlar siyosiy maqsadlarni ko’zlayotganini aytarkan, buni keskin tanqidga oldi.

“Bu mamlakatimizga nisbatan haqoratdir. Butun dunyo ustimizdan kulyapti”, - dedi Tramp.

Sobiq rahbarning sudga tortilishi haqida xabar tarqalganidan beri uning tarafdorlari Tramp saylov kampaniyasi jamg’armasiga 12 million dollar xayriya qildi. Ba’zi kuzatuvchilar, sud ishi uning foydasiga yarashi mumkinligini taxmin qilmoqda.

“Bu uni jabrdiyda qilib ko’rsatadi. Respublikachilar oxirgi paytlar buni o’z partiyasi va saylov strategiyasiga xususiyat qilib olgan”, - deydi siyosiy maslahatchi Juli Rojinski.

Trampga ayblov qo’yilishi ketidan ommaviy so’rovlarda peshqadam bo’lgan Tramp va respublikachilardan prezidentlikka yana bir da’vogar, Florida gubernatori Ron Desantis orasida farq yanada kengaydi.

Demokratlardan saylovda kim qatnashishi hozircha ma’lum emas. Agar amaldagi rahbar Jo Bayden qayta saylanishga qaror qilsa, Virjiniya universiteti professori Larri Sabato nazarida, saylovda aynan Bayden g’alaba qozonishi mumkin.

“Bayden millionlab ovozlar olishga qurbi yetadigan nomzod bo’lmasa-da, unga raqibidan to’ygan saylovchilar ovoz beradi”, - deydi mutaxassis.

Tramp ustidan sud jarayoni dekabrda boshlanadi. Aybdor deb topilgan taqdirda ham saylovda g’olib bo’lsa, prezident bo’lishi mumkin, Konstitutsiya buni man qilmaydi.

“Mamlakatni qamoqdan turib boshqaradigan davlat rahbari qanchalik samarali bo’lishini bilmayman”, - deydi Jorj Vashington universitetidan Richard Pirs.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG