Breaking News

Tramp yangi ayblovlarning barchasini rad etdi


AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp payshanba kuni poytaxt Vashingtondagi sudda unga qo’yilgan yangi ayblovlarning barchasini rad etib, o‘zining aybsiz ekanini aytdi.

Xalqaro hayot - 4-avgust, 2023-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:55 0:00

Sud Trampning 2020-yil prezident saylovi natijasini o’zgartirishga harakatda va tarafdorlarini Kapitoliyga hujum qilishga gijgijlashda aybdor deb topsa, sobiq rahbar 50 yilga qamalishi mumkin.

Sud majlisidan keyin uyushtirilgan matbuot anjumanida Tramp saylov yuzasidan noroziligi va xavotirlarini erkin bildirishga haqli ekanini aytdi.

"Siyosiy raqibni ta’qib etish bu. Amerikada bunga umuman yo’l qo’yilmasligi kerak”, - dedi Tramp.

Tramp bilan Oq uyda yonma-yon ishlagan sobiq vitse-prezident sud jarayonida guvohlik berishi kutilmoqda.

“Amerika xalqi shuni bilsinki, menda saylov natijasini o’zgartirishga vakolat yo’q edi va o’sha kuni Prezident Tramp o’zini Konstitutsiyadan ustun qo’yishni so’radi. Biroq men Konstitutsiyani ustun qo’ydim”, - deydi Mayk Pens.

2024-yil prezident sayloviga hozirlik ko’rayotgan Tramp hibsga olinmadi, bir necha oydan so’ng sudga tortiladi. Ungacha esa so’rovlarda peshqadam.

“Vaziyat o’ta mavhum. Trampga ayblov qo’yilgan bo’lsa-da, u saylov kampaniyasini davom ettirishi mumkin. Axir uning aybi isbotlanmagan. Unga ayblov qo’yildi xolos. Kelasi yilgacha vaziyat oydinlashmaydi, hatto saylov o’tib bo’lguncha ham”, - deydi Vashingtondagi Brukings tahlil institutidan Ileyn Kamark.

Tramp bungacha Nyu-York va Florida sudlarida ham jinoiy ayblovga yuz tutgan. Floridada sud jarayoni mayda boshlanadi, Vashingtondagi ish bo’yicha esa sud kuni hali belgilanmagan.

Trampning Kongressdagi safdoshlari nazarida, unga qarshi tergovlar va sud ishlarini jamoatchilik diqqatini Prezident Jo Baydenning o’g’li Xanter Baydenga tegishli tergovdan chalg’itish uchun tezlashtirishmoqda.

Vakillar palatasidagi respublikachi qonunchilar Adliya vazirligi Xanter Baydenga taklif etgan kelishuvni o’rganib chiqishga kirishdi. Unga ko’ra, davlat rahbarining o’g’li sudda soliq to’lamaganiga iqror bo’lib, qurolga noqonuniy egalik qilishga doir boshqa ish bo’yicha jazodan xoli bo’lishi kerak edi, biroq sudya kelishuvni qabul qilmadi va unga tuzatish kiritishni talab qildi.

“Adliya tizimi barcha amerikaliklar uchun bir xilmi yoki Baydenlar oilasi uchun boshqami? Shuni aniqlashimiz kerak”, - deydi Vakillar palatasining spikeri Kevin Makkarti.

Respublikachi qonunchilar Prezident Bayden o’g’lining xorijdagi biznesiga aralashib, undan moddiy foyda ko’rgani aniqlansa, impichment jarayonini boshlamoqchi.

Bayden ularning bu harakatini masxara qildi.

“Balki inflyatsiyani tushirganimiz uchun menga impichment e’lon qilishar”, - dedi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG