Breaking News

Trampga yangi jinoiy ayblov e'lon qilinishi mumkin


AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp
AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp

AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp unga nisbatan yana ayblov e’lon qilinishi arafasida ekanini aytdi.

Tramp oʻzining “Truth Social” ijtimoiy tarmog’ida yozishicha, maxsus tergovchi Jek Smit uning 2021-yil 6-yanvar kuni AQSh Kongressi binosida boʻlib oʻtgan gʻalayon boʻyicha davom etayotgan tergov nishoni ekani haqida xabar bergan.

Huquqiy ekspertlarga ko’ra, Trampga nisbatan bir necha oy davom etgan maxsus tergov yaqin orada ayblov xulosasi bilan yakunlanishi kutilyapti.

Bu Trampga nisbatan bir necha oy ichida ikkinchi marta federal ayblov e’lon qilinishi bo’ladi.

O'tgan oy u 2021-yilda Oq uyni tark etganidan keyin maxfiy hujjatlarni noto'g'ri ishlatganlikda ayblanib, federal ayblovlarga duch kelgan birinchi AQSh sobiq prezidenti bo'lgan edi. Tramp o’ziga qo’yilgan aybni tan olmadi va maxsus tergovchi tekshiruvini “saylovga aralashish” deb baholadi.

Hujjatlar bo'yicha ayblov e'lon qilinishidan taxminan 20 kun oldin Trampga hozirgidek ma’lumot jo’natilgan edi. Huquqiy ekspertlarning aytishicha, so’nggi xabar ortidan sobiq prezidentga nisbatan ikkinchi federal ayblov e'lon qilinishi oydinlashdi.

Maxsus tergovchi nimani tekshiryapti?

Trampga nisbatan boshlangan tekshiruv Adliya vazirligi 2021-yil 6-yanvarda Tramp tarafdorlari tomonidan Kapitoliyga uyushtirilgan hujumga oid olib borayotgan keng koʻlamli tekshiruvga borib taqaladi.

Dastlab tartibsizliklarda bevosita ishtirok etganlarni ovlashga e'tibor qaratgan tergovchilar keyinchalik Tramp va uning sheriklarin 2020 yilgi prezidentlik saylovi natijalarini noqonuniy o’zgartirishga qanchalik uringani mavzusini o’rganishga kirishdi.

Adliya vaziri Merrik Garlend o‘tgan yili noyabr oyida Smitni maxsus tergovchi etib tayinlaganidan keyin tergov tezlashdi.

Smit Trampga nisbatan ikkita masalani tekshirdi. Birinchisi, Trampning maxfiy hujjatlarga noto'g'ri munosabatda bo'lishi bilan bog'liq bo'lib, buning natijasida o'tgan oy ayblov e'lon qilindi. Ikkinchisi Trampning 6-yanvargacha bo'lgan voqealardagi rolini ko'rib chiqmoqda.

Tergov nimaga qaratilgan?

Smit o'z tergovini maxfiy saqlab, uni faktlar va qonunlarga asoslangan holda "tezkor va puxtalik bilan" olib borishga va'da berdi.

Ammo shu paytagcha e’lon qilingan hisobotlardan ish bir necha yo’nalishda davom etayotganini ko’rish mumkin.

Ulardan biri Trump va sheriklarining Bayden g'alaba qozongan yettita muhim shtatda soxta saylovchilar jadvallarini yaratishga qaratilgan sa'y-harakatlarini o'z ichiga oladi. Bir guruh elektorat vakillari Tramp o‘sha shtatlarda g‘alaba qozonganligi haqidagi soxta guvohnomalarga imzo chekkan va bu rasmiy natijalarga ziddir. Michigan shtati prokuraturasi ham 2020-yilda "soxta elektorlar" sifatida xizmat qilgan 16 nafar respublikachiga qarshi ayblov e'lon qildi.

Tergovning ikkinchi bosqichi Tramp va boshqalarning oʻsha paytdagi vitse-prezident Mayk Pensga Kongressning Bayden gʻalabasini tasdiqlashiga toʻsqinlik qilishga undash kampaniyasiga qaratilgan. Pens saylovchilar kollegiyasi natijalarini o'zgartirishga qodir emasligini va uning jarayondagi roli faqat ramziy ekanligini aytib, ularning talabini rad etgan.

Uchinchi yo’nalish Trampning saylovdan keyingi mablag‘ yig‘ish ishlariga qaratilgan. 6-yanvar qoʻmitasining aniqlashicha, Trampning saylovoldi kampaniyasi va Respublikachilar milliy qoʻmitasi saylovlar oʻgʻirlangani va firibgarlikka qarshi kurashish uchun pul kerakligi haqida yolgʻon daʼvo qilib, 250 million dollardan ortiq yul yiqqan.

Trampga qanday ayblov qo’yilishi mumkin?

“Donald Trampning 6-yanvardagi faoliyatiga oid mavzular shunchalik ko‘pki, prokuror qaysi mavzuni tanlashga qaror qilganini aniq bashorat qilish qiyin”, — deydi sobiq federal prokuror Pol Rozenzveyg.

Shunga qaramay, maxsus tergovchining maktubidan ba’zi ehtimoliy ayblovlar haqida xulosa qilish mumkin.

Maktubda Trampning tergoviga oid uchta jinoiy qonun tilga olingan. Bular AQSh hukumatini aldashni yoki qonun buzishni qasd qilish, o'z mansab vakolatlarini suiiste'mol qilish hamda dalillarni yoki guvohlik berishni soxtalashtirishni o’z ichiga oladi.

"Bila turib soxta saylovchilarni oldinga olib chiqish va Kongressda ovoz berishni hech bo'lmaganda kechiktirish yoki uni izdan chiqarish uchun sxema o'ylab topishga qaratilgan harakatga asosiy e’tibor qaratilsa kerak", - deydi Kolumbiya universiteti huquq professori va sobiq federal prokuror Daniel Richman.

Vakillar palatasining 6-yanvar kungi hujumni tekshirgan qo‘mitasi yakuniy hisobotida Adliya vazirligiga Trampni qo‘zg‘olon qo‘zg‘atish, Qo‘shma Shtatlarni aldash maqsadida fitna uyushtirish va rasmiy jarayonga to‘sqinlik qilishda ayblashni tavsiya qildi.

Yana kimlar javobgarlikka tortilishi mumkin?

Smit Trump ishi bo’yicha boshqalarni ham javobgarlikka tortish masalasini ko’rib chiqayotgani haqida ma’lumotlar yo’q. Sobiq prezidentning ittifoqchilaridan hech biri bu ish bo'yicha xat olmagan.

Ammo bu kelgusi kunlar va haftalarda o'zgarishi mumkin. Agar Trampga ayblov qo’yilsa, boshqalar ham bu ishga tortilishi mumkin, deydi Kroll moliyaviy va risklar bo'yicha konsalting firmasi boshqaruvchi direktori va sobiq federal prokuror Jordan Strauss.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG