Xitoy yetakchisi Si Zinpin payshanba kuni Isroil-Xamas mojarosi haqida ilk bor izoh berib, tomonlarni o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirdi va ikki davlatchilik rejasi asosida “mustaqil Falastin davlati”ni barpo etish mojaroning asosiy yechimi ekanini ta’kidladi.
“Birinchi ustuvor vazifa – janglarni imkon qadar tezroq toʻxtatish, mojaro tarqalishi yoki hatto nazoratdan chiqib ketishi va ogʻir gumanitar inqirozga olib kelishining oldini olish”, - dedi Si Zinpin Pekinda Misr Bosh vaziri Mustafo Madbuli bilan uchrashuv paytida.
Si Zinpin, shuningdek, Misrning vaziyatni yumshatishga qaratilgan sa’y-harakatlarini yuqori baholadi hamda Pekin “Misr va boshqa arab davlatlari bilan muvofiqlashtirish ishlarini kuchaytirishga tayyor” ekanligini aytdi.
Mojaro Falastinning XAMAS jangari guruhi 7-oktabr kuni Isroilga kutilmagan hujum uyushtirib, kamida 1400 kishini o‘ldirishi va 200 ga yaqin Isroil fuqarosini G‘azoga o‘g‘irlab ketishi ortidan avj oldi. Isroil G'azo bo'ylab amalga oshirgan raketa hujumlarida kamida 3500 falastinlik halok bo’ldi.
Xitoy XAMASni ochiq tanqid qilishdan tiyilmoqda
Xitoy Isroilga hujumi uchun XAMASni ochiqchasiga qoralashni istamadi. Isroil harbiylari G‘azoga qarshi havo hujumlarini kuchaytirar ekan, Pekin, aksincha, Isroil tanqidini kuchaytirib, mamlakat haddidan oshib, o‘zini himoya qilish doirasidan tashqariga chiqqanini aytdi.
Ayrim ekspertlar fikricha, Pekinning XAMASni qoralashdan tiyilishi uning Yaqin Sharqdagi boshqa davlatlar bilan chuqurlashgan munosabatlariga putur yetkazmaslikni xohlashi tufaylidir.
Xitoy so‘nggi oylarda o‘zini Yaqin Sharqda vositachi sifatida ko‘rsatishga harakat qilmoqda. Mart oyida u Saudiya Arabistoni va Eron oʻrtasida diplomatik munosabatlarni tiklash va elchixonalarni qayta ochishga olib kelgan kelishuvga vositachilik qildi.
Shuningdek, aprel oyida Xitoyning sobiq tashqi ishlar vaziri Tsin Gang isroillik va falastinlik hamkasblariga Pekin ikki tomon oʻrtasida tinchlik muzokaralarini osonlashtirishga yordam berishga tayyorligini aytdi.
Isroil G'azoga qarshi havo hujumlarini kuchaytirganidan beri Xitoy va Rossiya bir necha bor otishmani to'xtatishga chaqirdi, lekin XAMASni qoralashdan tiyildi.