Jahon bozorida neft narxi biroz ko'tarilgan, ammo Yaqin Sharqdagi keskinlikdan xavotir kuchli. Qayta ishlanmagan qora oltinning 1 barrelli o'rtacha 88 dollarda turibdi. O'tgan hafta, XAMAS xurujidan oldin, 84-85 dollar orasida edi.
Bir oy oldin esa narx 95 dollarga chiqib ketgan edi. Keyinroq tushganida mintaqadagi nisbiy barqarorlik bunga sabab deya, tahlil qilingan edi.
Isroil va Falastinda neft ishlab chiqarilmaydi, ammo ularning atrofidagi davlatlar tabiiy zaxiralarini sotib, kun ko'radi. Neft ta'minot tizimlari mojaro nuqtalariga yaqin.
Ixtilofda ayni damda Eronning roli bormi degan savol hukmron ekan, neftga boy bu mamlakat bilan savdo qilish yanayam qiyinlashish ehtimoli yuqori.
Tehron XAMASni yonini olishini bildirgan, biroq o'tgan haftadan beri avj olgan konfliktda qo'li yo'qligini da'vo qilmoqda.
XAMAS ham Isroilga qarshi isyon uning o'z ishi ekanini uqtirmoqda.
Ekspertlarga ko'ra, mojaro ko'lami kengaymasa, neft narxi sezilarli darajada o'zgarmaydi.
"BloombergNEF" tahlilchisi Deyvid Doerti deydiki, Yaqin Sharq nefti dunyodagi ta'minotning uchdan biri. Shuningdek, mintaqadan chiqqan yonilg'i o'rta va yuqori tarkibdagi mahsulotning 42 foiziga to'g'ri keladi.
Bunday neftning 22 foizi Rossiyadan chiqar edi, ammo Ukrainadagi urush bois to'siqlar bilan yuzlashgan.
"Sanksiyalarga qaramay Eron nefti ko'proq sotila boshlagan", - deydi Jeyms Koulman, Dallasdan ekspert.
"AQSh astalik bilan buning uchun imkon berayapti deb o'ylaymiz, chunki bu bilan neft narxi pastroq bo'ladi, shuningdek, Vashington Tehronni yumshatib, uni muzokara stoliga kelishini istaydi".
Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari o'tgan yili neft ishlab chiqarishni kamaytirgan. Ularning omborlarida mahsulot yetarli, deydi mutaxassislar.
"Bu siyosat yil oxirigacha o'zgarmasligi tayin. Eronning eng yirik xaridori - Xitoy", - deydi Doerti, jahon bozoridagi omillarni qayd etarkan.
Bu orada Amerika hukumati Rossiya bilan neft biznesida qoidalarga bosh egmayotganlarni jazolashni boshlamoqda. Bayden ma'muriyati bu haqda ogohlantirgan.
Ittifoqchilar Rossiyadan qora oltinning 1 barrelini 60 dollardan qimmatga olmaslikka kelishib olgan, ammo bu tartib buzilayotgani aniq.