AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin O'rta dengizning sharqiy qismiga USS Jerald Ford aviatashuvchi kema yuborilishini buyurgan. Uning bilan birga 5000 dengizchi, bir necha kruzer va qiruvchi samolyotlar ham dunyoning bu qismiga yo'l olgan.
Isroil va XAMAS orasida o'tgan kunlar ichida yangilangan olishuvda 1000 dan oshiq odam o'lgan. Ular orasida o'nlab amerikaliklar ham bor.
AQSh Isroilga XAMAS qurollanishiga yo'l qo'ymaslikda yordamlashadi, deya bildirmoqda Pentagon.
Vashington mojaroning mintaqaviy tus olishini xohlamaydi, bir Isroil hukumati XAMASga har taraflama zarba berish payida.
O'lganlar soni aslida ko'proq bo'lishi mumkin, chunki bedarak ketganlar yoki garovga olingani taxmin qilinayotganlar talay, xususan Isroil va AQSh fuqaroligiga ega shaxslar.
Ford aviatashuvchisi qatorida USS Normandi, USS Tomas Xadner, USS Ramaj, USS Karni, USS Ruzvelt hamda F-35, F-15, F-16, A-10 kabi jangchi samolyotlar ham yuborilmoqda.
“AQSh holatni nazoratga olish uchun zarur kuchga ega”, - deyiladi Mudofaa vaziri Ostin bayonotida.
Oq va Kongress Isroilga nimaiki yordam kerak bo'lsa, beriladi deb eslatib turibdi.
“Pentagon bizning maqsadlarimizni biladi va madadni oshirmoqda", - deydi Senatda demokratlar sardori Chak Shumer.
"Senat Isroilni har yoqlama quvvatlaydi va bilamizki, Bayden ma'muriyati u bilan yaqindan aloqada".
Prezident Jo Bayden Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bilan muntazam muloqotda. Vashington XAMAS ko'plab odamlarni, jumladan oilalarni garovga olganini qoralamoqda.
"Dunyo hamjamiyati bunday yovuzliklarni qoralashi kerak, bu - terrorizm", - deydi Bayden.
Isroilni dushman deb bilgan biror tomon hozirgi vaziyatdan foydalanishga urinmasin, deydi Amerika rahbari, "badali og'ir bo'ladi".
AQSh Saudiya Arabistoni, Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Iordaniya va boshqa hukumatlar bilan maslahatlashib, hammani XAMASga qarshi turishga, unga nisbatan chora ko'rishga chaqirmoqda.
XAMAS tarafdorlari esa jahon bo'ylab namoyishlarda G'arbni adolatsizlik, Falastin xalqi taqdiriga befarqlikda ayblamoqda.
Isroil va uning himoyachilariga ko'ra esa XAMASga qarshi urush Falastin ahliga nisbatan xuruj emas.