XAMAS guruhining 7-oktabr tongida Isroilga qarshi amalga oshirgan so’nggi yillardagi eng yirik hujumida Isroil tomonida kamida 200 odam o’lgan, 1100 ga yaqini jarohatlangan.
G'azo sektoridan Isroilga qarata 5000 dan ziyod raketa otilgan va hujumlar hamon davom etmoqda. XAMAS jangchilari bu hujumlar barobarida G’azodan Isroilga o’tib, o’nlab kishini garovga olgani, harbiy texnikani qo'lga kiritgani xabar qilinmoqda.
Isroilning bir necha mahallarida otishmalar ro’y bergan, yuzlab odamlar jarohatlangan.
Isroil armiyasi havo hujumlari bilan javob qaytardi. Falastin Sog’liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko’ra, G’azo sektorida kamida 230 kishi halok bo’lgan, 1700 ga yaqini jarohatlangan.
Qiruvchi samolyotlar G’azo shahri markazida XAMAS radiostansiyalari joylashgan 11 qavatli binoni vayron qildi.
Bosh vazir Benyamin Netanyaxu Isroil "urush holatida" ekanini ta'kidladi.
“Bugun tongda XAMAS Isroil davlati va uning fuqarolariga qarshi kutilmagan qotillik hujumini uyushtirdi”, - deydi u.
Bu Isroil-Falastin mojarosida so’nggi yillardagi eng yirik eskalatsiya deya tilga olinmoqda. XAMAS jangarilari G’azo va Isroil o’rtasidagi chegara devorini buzishda portlovchi moddalardan foydalangan, so’ngra quruqlikdan, suv orqali hamda paraplanlar orqali Isroil hududiga o’tgan.
So’nggi voqealar Isroil va XAMAS o’rtasida yana bir qonli urushning boshlanishidir, degan xavotirlar bor. Ga'zoda hukmron guruhga ko'ra, bu hali hujumlarning boshlanishi.
Havo sirenalari yangrar ekan, Isroil armiyasi “terrorchilar” Isroil hududiga bir necha nuqtadan kirganini bildirdi. XAMAS garovga olgan 50 dan ziyod isroilliklar orasida harbiylar ham, oddiy fuqarolar ham bor. Ayrimlari G’azoga olib ketilgan.
Xalqaro munosabat
BMTning Yaqin Sharq tinchligi bo’yicha elchisi Tor Venneslend vaziyat xavfli nuqtada ekanini qayd etib, tomonlarni bosiqlikka chaqirmoqda.
Falastin rahbari Mahmud Abbos uning xalqi o’zini “okkupatsion kuchlardan himoya qilishga haqli” ekanini aytdi.
“ISNA” axborot agentligiga ko’ra, Eron oliy rahnamosi Ali Xomenei falastinlik jangchilarni tabriklagan. Televideniyeda Eron parlamentida qonunchilar o’rnidan turib, “Isroilga o’lim” deya hayqirgani ko’rsatilgan.
Rossiya Tashqi ishlar vaziri muovini Mixail Bogdanov uning mamlakati Isroil, Falastin va Arab davlatlari bilan aloqada ekanini aytib, tomonlarni zudlik bilan sulh tuzishga undadi.
Yevropa rahbarlari XAMAS hujumini qoralab, Isroil bilan birdamligini bildirmoqda. Turkiya, Misr, Qatar, Birlashgan Arab Amirliklari va Yaponiya tomonlarni zo’ravonlikni bas qilishga chaqirmoqda.
BMT Xavfsizlik Kengashi Yaqindagi vaziyat bo'yicha bugun favqulodda majlis o'tkazadi.