Breaking News

Falastinda zo'ravonlik nega yana avj oldi?


Isroil Livan va G‘azo sektoriga havo zarbalari uyushtirishi ortidan falastinliklar amalga oshirgan qarshi hujumda uch kishi halok bo'ldi va kamida olti kishi yaralandi.

Isroil hukumatining xabar berishicha, Isroilning savdo markazi bo’lgan Tel-Aviv shahrida bir avtomobil sayyohlar ustiga bostirib borishi oqibatida bir italiyalik halok bo‘lgan, yana besh nafar Italiya va Britaniya fuqarolari jarohat olgan.

Isroil bosqini ostidagi G'arbiy Sohilda yuz bergan otishmada esa Britaniya va Isroil fuqarolari bo’lgan ikki nafar ayol halok bo’lgan.

Zo’ravonliklarning so’nggi to’lqini Isroil va G'arbiy Sohilda musulmonlarning muqaddas Ramazon oyi, yahudiylarning Fisih bayrami va nasroniylarning Pasxa festivali bo’lib o’tayotgan paytga to’g’ri keldi.

Bosh vazir Benyamin Netanyaxu Isroil chegara politsiyasidagi barcha zaxira kuchlarini hamda Falastindagi tartibsizliklarni bostirish uchun joylashtirilgan harbiylashtirilgan guruhlarni “terror hujumlariga qarshi turish uchun” safarbar qildi.

Qo'shimcha chegara politsiyasi yakshanba kuni faollashtirilishi va Quddus hamda Isroilning markaziy qismidagi yahudiy va falastinliklar aralashgan Lod shaharchasiga joylashtirilishi kutilmoqda.

Isroil juma kuni ertalab Livanga havo hujumlarini uyushtirib, G'azo sektorini bombardimon qilgan edi.

Isroil politsiyasi hafta boshida musulmonlar uchun uchinchi eng muqaddas dargoh bo’lgan Al-Aqso masjidiga reyd uyushtirganidan so‘ng zo‘ravonliklar avj oldi. Masjidga uyushtirilgan hujum musulmonlar dunyosini larzaga soldi. Falastinliklar payshanba kuni Livan janubidan Isroilga qarata raketa zarbalari yo’llagan. Bu 2006-yilda Isroil va Livanning “Hizbulloh” jangarilari o’rtasida yuz bergan urush ortidan ro’y bergan eng katta to’qnashuv ekani aytilmoqda.

Politsiyaga ko’ra, Tel-Avivda juma kuni kechki payt falastinlik boshqargani aytilgan avtomashina dengiz bo'yidagi mashhur park yaqinida bir guruh sayyohlar ustiga yurgan. Hujumda 30 yoshli italiyalik erkak halok bo‘lgan, yana besh nafar britaniyalik va italiyalik sayyohlar, jumladan, 74 yoshli erkak va 17 yoshli qiz yengil va o‘rtacha og‘irlikda jarohat olgan.

Politsiya mashina haydovchisini otib o'ldirgan. Rasmiylarning da’vo qilishicha, haydovchi Isroilning 45 yoshli arab fuqarosi bo’lgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda avtomashinaning piyodalar yo‘lagi bo‘ylab bir necha yuz metr yurib borib, so’ng boshqaruvni yo’qotgani aks etgan.

G'arbiy Sohildagi otishmada 20 yoshlardagi ikki opa-singil halok bo'lgan va ularning 45 yoshli onasi og'ir yaralangan, deyiladi Isroil va Britaniya rasmiylari bergan ma’lumotda. Bu oila asli britaniyalik bo’lib, Falastinning Baytlahm shahri yaqinidagi Efrat aholi punktida istiqomat qilgan.

Har ikki hujum uchun javobgarlikni hech qaysi guruh o‘z zimmasiga olmadi. Ammo G‘azoni boshqarayotgan Hamas guruhi bu ikki hodisani Al-Aqso masjidiga Isroilning shu hafta boshida uyushtirgan reydlari uchun o‘ch deb baholadi. Seshanba kuni politsiya u yerda yuzlab falastinliklarni hibsga olib, kaltaklagan edi. Falastinliklar ularga tosh va boshqa buyumlarni otish bilan javob bergan.

Isroil Livanga uyushtirgan havo hujumlari oqibatida jiddiy qurbonlar haqida ma’lumot yo‘q, biroq Livan janubidagi Qalili shahrida bir necha kishi, jumladan, suriyalik qochqinlar yengil yaralanganini haqida xabarlar bor.

“Associated Press” fotomuxbiriga ko‘ra, Isroil raketalari Falastin qochqinlar lageri Rashidiya yaqinidagi dalaga kelib tushishi oqibatida bir suruv qo‘y nobud bo‘lgan. Boshqa raketalar yaqin atrofdagi Maaliya shahrida ko‘prik va quvvat transformatoriga urilgan hamda sug‘orish tizimiga zarar yetkazgan.

G'azo sektorida Isroil harbiylari Hamasning qurol ishlab chiqarish maydonchalari va yer osti tunnellariga zarba berganini da’vo qildi. Falastin Sog'liqni saqlash vazirligi ma'lumotlariga ko'ra, zarar ko'rgan joylar orasida G'azo shahridagi bolalar kasalxonasi bor.

Livan va G'azo chegaralarida zaif bo’lsa-da, tinchlik hukm surmoqda. Ammo G'arbiy Sohil beqarorligicha qolmoqda. So'nggi oylarda u yerda zo'ravonlik yangi cho'qqilarga chiqqan. Falastin sog'liqni saqlash rasmiylari 2023-yil falastinliklar uchun so’nggi yigirma yil ichida eng halokatli yil bo'lishini bashorat qilmoqda.

Isroil-Falastin ixtilofi yana avj olmoqda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:12 0:00

“Associated Press” ma'lumotlariga ko'ra, yil boshidan beri G'arbiy Sohilda isroilliklar uyushtirgan hujumlarda 90 ga yaqin falastinlik halok bo'ldi; ularning kamida yarmi jangari guruhlarga aloqador ekani aytiladi. Bu vaqt ichida falastinliklarning isroilliklarga uyushtirgan hujumlarida 17 kishi halok bo'lgan, ularning 16 tasi tinch aholi vakillari.

Al-Aqso masjidi uzoq vaqtdan beri Isroil-Falastin mojarosining markazida bo’lib kelmoqda. Bu hafta muqaddas majmuada falastinlik namozxonlar va Isroil politsiyasi o'rtasidagi to'qnashuvlar ziddiyatga yangi moy sepgandek bo’ldi. Masjid musulmonlar va yahudiylar uchun muqaddas bo'lgan tepalik ustida joylashgan. 2021-yil u yerda boshlangan to‘qnashuvlar Isroil va G‘azoning Xamas guruhi o‘rtasida 11 kunlik urushga aylanib ketgan edi.

Isroil hukumati masjidga kirishni nazorat qiladi, biroq bino musulmonlar va Iordaniya rasmiylari tomonidan boshqariladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG