Breaking News

AQSh BMTda Isroilga nisbatan tanqidni quvvatlab chiqdi


Iordan daryosining g'arbiy sohilidagi yangi yahudiy mahallalari, 14-fevral, 2023
Iordan daryosining g'arbiy sohilidagi yangi yahudiy mahallalari, 14-fevral, 2023

BMT Xavfsizlik kengashi 20-fevral kuni Isroilning Falastin o'z yeri deb biladigan hududlarda yangi aholi punktlari qurish rejasini va yana to'qqiz zonani o'ziniki deb qonuniylashtirishini qoralab chiqdi.

Olti yildan oshiq vaqtdan beri Xavfsizlik Kengashi bu masalada og'iz ochmagan, chunki doimiy a'zolardan biri bo'lmish AQSh bunday bayonotlarga veto qo'yib kelar edi. AQSh BMTda Isroil himoyachisi sifatida tanilgan.

Isroil va Falastin orasida qonli to'qnashuvlar tinmaydi, 2023-yil boshlanganidan beri 47 falastinlik va 10 isroillik halok bo'lgan.

“Biz Isroilning munozarali yerlarda minglab yangi xonadonlar qurayotganini keskin qoralaymiz", - deydi AQShning BMTdagi elchisi Linda Tomas-Grinfild.

“Oldinlari Isroil qonunchiligida man etilgan harakatlar qilinayotganiga ham qarshimiz", - deydi Vashington diplomati.

“Bunday o'zboshimcha qadamlar tanglikni oshirib, tomonlar orasida ishonch shakllanishiga yo'l qo'ymaydi. Ikki davlat bo'lishi xususidagi reja amalga oshishini qiyinlashtiradi. Amerika Isroilning hozirgi ishlarini mutlaq quvvatlamaydi”.

Bunday bayonot bilan chiqishdan oldin Amerika Isroil va Falastin rahbariyati bilan muloqot qilib, tomonlarning pozitsiyalarini tinglagan.

“Xavfsizlik Kengashi birdam ekanidan xursandmiz, to'g'ri yo'ldamiz", - deydi Falastin elchisi Riyod Mansur.

“Bu aholi punktlari azaldan bor, yangi joylar emas, - deydi Gilad Erdan, Isroil elchisi. - O'z mamlakatimizda fuqarolarimiz uchun qilayotgan ishimizni qoralash asossiz. Yahudiy bolalari halok bo'layotganiga xalqaro hamjamit ko'z yummoqda".

Xavfsizlik kengashining 2016-yildagi rezolyutsiyasi Isroilning arablar da'vo qilayotgan yerlarda turar joy qurishini tanqid qilib, buni xalqaro qonunlarga zid deb baholagan. Hujjat Isroilni 1967-yildan beri bosib olgan hududlarda yahudiy posyolkalar yaratishni darhol to'xtatishga chaqirgan.

Kechagi bayonotda ham shunga urg'u berilib, bir-birini tan olgan Isroil va Falastin davlatlarini ko'rish istagi olg'a suriladi.

Xavfsizlik kengashi yaqinlashayotgan Ramazon oyida mojaro yanada kengayishi mumkin degan xavotirda. Davlatlar diniy nafratga qarshi targ'ibotni kuchaytirishga bel bo'glagan.

“Bu masalalar ham kengash diqqat markazida ekanidan mamnunmiz", -deydi Lana Nusseyba, Birlashgan Arab Amirliklari diplomati.

Isroil hukumatining Amerika rahbariyatiga bildirishicha, Iordan daryosining g'arbiy sohilida, ya'ni arablar bilan talash yerlarda, biror yangi joy qurilmayapti. Bosh vazir Benyamin Netanyahu so'zlariga ko'ra, maqsad - mavjud aholi punktlarini rivojlantirish.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG