Breaking News

Isroil hukumati G’arbiy Sohilda yahudiy aholi punktlarini kengaytirmoqda


Isroil hukumati G’arbiy Sohilda yahudiylar uchun uylar qurish bilan ovora. Xalqaro hamjamiyat uni bu loyihalarni to’xtatishga chaqirmoqda.

Xalqaro hayot - 6-iyul, 2023-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:15 0:00

Qurilishlar yahudiylar va arablar o’rtasida to’qnashuvlarga sabab bo’lmoqda.

Mahalliy yahudiylar G’arbiy Sohilni Yahudiya va Samariya deb ataydi.

“Yahudiya va Samariyada yarim million yahudiy yashaydi. 10 yilda ularning sonini ikki baravar ko’paytiramiz. 20 ming xonadonga mo’ljallangan shahar quramiz”, - deydi Benyamin rayoni hokimi Izrael Gans.

Isroilda olti oy oldin hokimiyatga kelgan millatchi va dindor hukumat G’arbiy Sohilda yahudiy aholi punktlarini kengaytirishga so’z bergan. Hudud aholisining salkam uch millionini falastinliklar tashkil etadi. Ular G’arbiy Sohilni bo’lajak davlatining bir qismi deb ko’radi.

Isroil Moliya vaziri Bezalel Smotrich yahudiylarning noqonuniy deb topilgan uylarini buzish amaliyotini to’xtatib qo’ydi. Milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir esa G’arbiy Sohildagi yahudiylarni falastinliklar hujumlariga javoban istalgan joyda yangi uylar qurishda davom etishga chaqirdi.

"Sizlarni qo’llab-quvvatlaymiz. Kerak bo’lsa, tepaliklarga chiqib, o’sha yerda ham uy soling”, - dedi u.

Xalqaro hamjamiyat yahudiy mahallalarining kengayishi usiz ham beqaror mintaqada ziddiyatlarning kuchayishiga olib keladi degan fikrda.

“Istilodagi G’arbiy Sohilda hamda Sharqiy Quddusda Isroil qurilishlarni to’xtamasdan kengaytirayotganidan chuqur tashvishdaman. Bu zo’ravonliklarga turtki beribgina qolmay, falastinliklarning o’z yerlari va joylariga o’tishiga to’sqinlik qiladi, istilodagi G’arbiy Sohil jug’rofiyasini o’zgartiradi, bo’lajak Falastin davlatining mavjudligiga tahdid soladi”, - deydi BMTning Yaqin Sharq tinchlik jarayoni bo’yicha muvofiqlashtiruvchisi Tor Venneslend.

Yahudiylar bu yerlarni ham o’ziniki deb biladi.

“Ota-bobolarimiz qadam bosgan joylar bu. Isroil zaminining bir qismi. Hayot bor joyda, rivojlanish bo’ladi. Bu yerdagi odamlarning farzandlari bor, hududlarni kengaytirish kerak”, - deydi Binyamin rayoni hokimining o’rinbosari Raful Engel.

Ko’chmanchi yahudiylar Isroildagi hozirgi hukumatni o’ziga eng xayrixoh hukumat deb biladi va uning millatchi siyosati natijasida G’arbiy Sohilni falastinliklarga topshirish g’oyasidan voz kechiladi degan umidda.

Isroil reydi ketidan Jenindagi lager aholisi uyiga qaytdi

Bu o'rtada Isroilning G’arbiy Sohildagi ikki kunlik reydi natijasida 13 falastinlik o’lishi ketidan amaliyot boshida uylarini tark etgan odamlar vayron bo’lgan xonadonlariga qaytdi.

Isroil terrorchilarga qarshi kurashganini da’vo qiladi.

"Jangchilarimiz Jeninda turli tashkilotlardan to’plangan terrorchilar turgan o’nlab joyda bo’ldi. Portlovchi moddalar, o’q-dori, turli xildagi qurollar ishlab chiqaruvchi korxonani ishga tushirishgan ekan”, - deydi Isroil Mudofaa vaziri Yoav Gallant.

Isroil Tashqi ishlar vaziri Eli Koen esa reydlarda tinch aholi o’lmaganini, jami 11 terrorchi yo’q qilinganini aytdi.

Vashingtondagi Yaqin Sharq instituti tahlilchisi Brayan Katulisning aytishicha, Jenin ilgaridan qurollangan falastinlik guruhlar to’planadigan joy bo’lgan.

“Ba’zilarining Falastindagi guruhlarga aloqasi ham yo’q. Ular nafaqat isroilliklarga, balki oddiy falastinliklarga ham tahdiddir. Isroil mana shu tahdidlarni bartaraf etishga qo’l urdi”, - deydi u.

Falastin sog’liqni saqlash vazirasi Isroilni reyd paytida kasalxonalarni nishonga olganlikda aybladi.

"Hujumning eng boshidan bosqinchi kuchlar davlat kasalxonalariga zarba berib, ichkaridagi fuqarolarni jiddiy yaraladi. Bosqinchi kuchlar Al-Amal kasalxonasiga bir necha marta hujum qildi. Ular, shuningdek, ataylab tez yordam mashinalarining yo’lini to’sishga harakat qildi. Butun dunyo bunga guvoh bo’ldi”, - deydi May al-Kayla.

Inson huquqlari va qochqinlar bilan shug’ullanuvchi tashkilotlar Isroil armiyasi va Falastindagi qurolli guruhlarni zo’ravonliklarni bas qilishga chaqirib, Isroilning Jeninda aholi zich yashovchi lageriga havo hujumlarini tashvishli va nomutanosib deb atadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG