AQSh rahbari Jo Bayden nazarida o'zini Falastin tayanchi sifatida ko'rsatishga urinayotgan XAMAS aslida "terrorist to'da".
"Bu qonxo'r guruh Falastin xalqi nomidan gapirishga haqli emas, uni aks ettirmaydi. Unga qarshi chora ko'ramiz. Isroil o'zini himoya qilishi uchun unga yordamni oshirayapmiz", - deydi Bayden.
Oq uyga ko'ra, XAMAS tomonidan o'ldirilganlar orasida kamida 14 amerikalik bor.
"Anduhdamiz, ammo irodamizni buka olishmaydi", - deydi prezident bugungi murojaatida.
"Aslo shubha qilmang. Qo'shma Shtatlar Isroilni quvvatlaydi. Yahudiy va demokratik davlat bo'lmish Isroil o'zini bugun ham, ertaga va doimo mudofaa eta olishini ta'minlaymiz".
Prezident Bayden va Vitse-prezident Kamala Harris Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bilan har kuni muloqotda. Vaziyat haqida fikr va ma'lumot almashib turibdi.
Falastinliklar va ularning tarafdorlari qanchalik qoralamasin, AQSh 7-oktabrdan beri avj olgan urushda XAMASni ayblamoqda.
"XAMAS odamlarni qiynoqqa solgan, o'ldirgan, begunoh insonlarning qonini to'kkan va to'kmoqda", - deya bildirmoqda Oq uy.
Bayden ma'muriyati Isroilga bir necha yo'nalishda ko'mak ko'rsatmoqda, oldindan va'da qilgan madadga qo'shimcha ravishda.
Yahudiy va demokratik davlat bo'lmish Isroil o'zini bugun ham, ertaga va doimo mudofaa eta olishini ta'minlaymiz".
Qurol-aslaha, o'q-dori, havo va dengiz kuchlari, ilg'or texnologiya. Pentagonning tasdiqlashicha, ikki kun oldingi buyruqqa asosan yaqin orada yordamning ilk qismi yetib boradi.
AQSh XAMASga zarba berish va uni yer tishlatish uchun nima zarur bo'lsa, qiladi, deydi Prezident Baydenning Milliy xavfsizlik bo'yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan.
Isroil G'azo sektorida XAMASni tinimsiz nishonga olmoqda. Aholi nazarida esa yahudiy hukumat shu bahonada arablarni qirmoqda. Yuzlab insonlarning yostig'i qurigan.
Falastin - dunyoning eng qashshoq hududlaridan biri. Arablar bunda Isroilni ayblaydi, Isroil esa XAMAS va uning nazarida buzg'unchilik bilan mashg'ul boshqa to'dalarni.
G'azo suv, elektr toki, gaz va boshqa zaruratlardan uzilgan. Sektor qamalda.
Qariyb 150 ning aholi boshpanasiz, BMT va boshqa tashkilotlardan najot so'ramoqda.