Breaking News

Isroil G’azoga qo’shin kiritadimi? Eron XAMASga yordam berdimi?


Isroil G’azoni havodan nishonga olishda davom etarkan, 360 ming isroillik zaxirachi xizmatga chaqirtirilgan. To’rt kunlik ixtilofda har ikki tarafdan kamida 1600 odam o’lgan. XAMAS harakati 150 ga yaqin odamni garovda ushlab turgani aytilmoqda. Guruh so’zlovchisi ularning taqdiri urush tugaganidan so’ng muhokama etilishini bildirdi.

Xalqaro hayot - 10-oktabr, 2023-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:31 0:00


Isroil ikki million odam yashovchi G’azoni qamalga olgan. Isroil Mudofaa vaziri Yoav Gallant uning mamlakati “inson qiyofasidagi hayvonlar” bilan jang qilayotganini aytib, sektorga oziq-ovqat, suv, elektr quvvati ta’minotini to’xtatishni buyurdi.

Bugun qo’shni Misr tomondan hududga gumanitar yukni olib o’tish paytida Isroil “Rafah” chegarasini o’qqa tutib, yuk mashinalarini ortga qaytishga majburladi va G’azoga gumanitar yuk olib kirishga qaratilgan har qanday harakatga barham berilishini bildirdi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining gumanitar masalalar bo’yicha idorasi qamal tinch aholini muhim resurslardan ayirishini ta’kidlab, bunday amaliyotning xalqaro gumanitar qonunga zid ekanini eslatdi. Tashkilotga ko’ra, Isroil G’azoni bombardimon qilishni boshlaganidan beri salkam 200 ming odam G’azodan qochgan.

Isroil XAMASga qarashli inshootlar va harbiy obyektlarni nishonga olayotganini da’vo qilsa-da, ko’plab tinch fuqaro, ayollar va bollar o’lmoqda.

Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti G’azoda tibbiy muassasalarga 13 marotaba hujum qilinganini bildirdi.

BMTning inson huquqlari bo’yicha oliy komissarining so’zlovchisi Ravina Shamdasanining aytishicha, tinch aholiga qarshi harbiy harakatlar urush jinoyatlariga tenglashtiriladi. Isroil hujumlarida 780 dan oshiq, XAMAS hujumlaridan bundan ko’proq odamning o’lgani aytilmoqda.

G’arb davlatlari Isroilga hamdardlik bildirarkan, ayrim mamlakatlarda Isroil va Falastin tarafdorlarining namoyishlari kuzatilmoqda. Fransiya hukumati Falastinga xayrixoh namoyishlarni taqiqlab qo’ydi, faqat Isroilga xayrixoh namoyishlarga ruxsat borligini bildirdi.

Shanbadan beri hududda oltita muxbir o’ldirilgan. Bugun ikkisining dafn marosimi o’tkazildi.

Isroil XAMAS tashkilotini tag-tomiri bilan yo’q qilishga so’z berarkan, jangarilar qo’lga olgan 22 ta mahallani o’z nazoratiga qaytarganini ma’lum qildi.

Kuzatuvchilar Isroil G’azoga qo’shin kiritishga hozirlanayotganini taxmin qilmoqda. Shunday bo’lgan taqdirda XAMASdan ancha kuchliroq hisoblanuvchi Livanning “Hizbulloh” guruhi Isroilga qarshi urush boshlashini ma’lum qilgan.

Isroil shimolida yashovchi aholi bunday ehtimoldan xavotirda. Dushanba kuni “Hizbulloh” Isroilni minomyotdan o’qqa tutdi. Javob hujumida harakatning uch a’zosi yo’q qilindi.

Shuningdek “Islomiy jihod” Isroilga Livandan kirib, bir yahudiy ofitserni o’ldirgan, jangarilaridan esa ikkisi nobud bo’lgan. Bugun ular dafn etildi.

Hududga bir necha harbiy kema, samolyot va qo’shin safarbar etgan Qo’shma Shtatlar turli guruhlar va taraflarni bosiqlikka chaqirmoqda, Eronni ogohlantirmoqda.

AQShdagi ayrim siyosatchilar va qonunchilar Tehronni XAMASni Isroilga qarshi urushga tayyorlaganlikda va moliyaganlikda ayblamoqda, garchi Isroil va AQShning o’zi bunga hozircha dalil ko’rmayotgan bo’lsa-da.

“Eron bir necha yildan beri XAMASga pul, tayyorgarlik, qurol berib keladi. “Hizbulloh”, XAMAS, “Islomiy jihod” va boshqa guruhlar Eron bilan kelishuvsiz bunday urushni boshlamaydi. Ammo bu bilan Eron ularga hujumni boshlashni buyurdi deb bo’lmaydi”, - deydi London universitetida Yaqin Sharq bo’yicha mutaxassis Lina Hatib.

Eron XAMASning Isroilga hujumini olqishladi, uni g’alaba deb atadi, harakatlarini “qarshilik ifodasi” deya ta’rifladi, ammo hujum ortida turganini inkor etmoqda.

Eron Oliy diniy raisi Oyatullo Ali Xomeneiy bugun buni yana bir bor ta’kidladi.

"Falastinliklar qilgan ishni falastinlik bo’lmaganlar qilganini da’vo qilayotgan odamlar Falastin xalqini yaxshi bilmaydi, hukumatini yaxshi bilmaydi. Bu ularning xatosi. Albatta, biz Falastinni, ularning kurashini himoya qilamiz, sionist rejimga qarshi hujumni rejalagan dovyurak va aqlli falastinlik yoshlarning qo’lini o’pamiz, ular bilan faxrlanamiz”, - dedi Xomeneiy.

Isroil Tehronni hujumga homiylik qilganlikda gumon qilsa-da, buni isbotlay olgani yo’q.

“Amaliyotga falastinliklar o’z sabablari uchun qo’l urgan. XAMAS Eron tuzumining agenti yoki yugurdagi emas. Garchi ikki tomon manfaatlari kesishsa-da”, - deydi Vashingtondagi Yaqin Sharq instituti eksperti Xolid Elgindi.

Ayrim kuzatuvchilarga ko’ra, agar bu ish ortida Eron turgan bo’lsa, bundan asosiy maqsad Saudiya Arabistonining AQSh yordamida Isroil bilan diplomatik aloqa o’rnatishiga to’sqinlik qilish bo’lardi.

Muzokaralarda XAMASning ichki raqibi FATX partiyasi yetakchiligidagi Falastin Muxtoriyati ham qatnashgan.

“XAMAS Falastin-Isroil mojarosining yechimi usiz bo’lishini istamagan, chunki Saudiya Arabistoni Falastin Muxtoriyati bilan aloqada bo’lgan, XAMAS esa muzokaralarga taklif etilmagan”, - deydi tahlilchi Hatib.

Yana bir ekspert nazarida, Tehron bu bilan e’tiborni o’ziga qaratmoqchi.

“Tehron mintaqada siyosat yuritayotgan yirik davlatlarga uning rolini jiddiy qabul qilishlari kerakligini bildirmoqchi bo’layotgan bo’lishi ham mumkin”, - deydi Vashingtondagi Arab markazidan Xalil Jahshan.

Isroil G’azoga qo’shin kiritganidan so’ng mojaroga “Hizbulloh” aralashsa, Eron ham harbiy harakatlarni boshlaydimi, yo’q, ma’lum emas, ammo ba’zi kuzatuvchilar fikricha, Tehron katta urushga kirishishga botinmaydi, ayniqsa mintaqada AQSh kuchlari borligi hisobga olinsa.

2020-yilda Isroil bilan diplomatik aloqa o’rnatgan Birlashgan Arab Amirliklari Suriya Prezidenti Bashar Assadni Isroil-Hamas urushiga aralashmaslik yoki Suriya hududidan Isroilga hujum qilishga yo‘l qo‘ymaslik haqida ogohlantirdi. Amirliklar Tashqi ishlar vazirlari XAMASning Isroilga hujumini qoralab chiqgan.

XAMAS jangarilari qo’liga Ukrainaga xorijdan uzatilgan qurollar tushgani haqida xabarlar tarqalishi ketidan Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiyani jang maydonida qo’lga kiritilgan qurollarni Yaqin Sharqga yuborganlikda aybladi.

“Global birlikni zaiflashtirish, tarqoqlik keltirib chiqarish, Yevropa erkinligini izdan chiqarish maqsadida Yaqin Sharqda urushga o’t qo’yish Rossiya manfaatiga javob beradi. Moskvaning eronlik ittifoqchilari Isroilga hujum qilganlarni ochiqchasiga qo’llab-quvvatlayotganini ko’rdik”, - dedi Zelenskiy.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov uning bu da’volarini inkor etib, Isroil-Falastin mojarosi uzoq tarixga ega ekanini, ildizi chuqur ekanini aytdi, Rossiya Isroil va Falastin bilan aloqada ekanini bildirdi.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning aytishicha, so’nggi ixtilof AQSh siyosatining muvaffaqiyatsizligidan dalolat. Unga ko’ra, Vashington Yaqin Sharq tinchligi bo’yicha muzokaralarni monopollashtirib, falastinliklar manfaatlarini inkor etgan, mustaqil Falastin davlatini barpo etish rejasidan qaytgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG