Breaking News

Toshkent Yaqin Sharqda diplomatiyaga undamoqda


G'azo sektori Isroil o'qlari ostida, 9-oktabr, 2023
G'azo sektori Isroil o'qlari ostida, 9-oktabr, 2023

O’zbekiston Yaqin Sharqdagi keskinlikdan jiddiy xavotirda, ziddiyatni diplomatik yo’llar bilan hal qilishga chaqirmoqda. Markaziy Osiyo davlatlari, umuman olganda, shunday pozitsiyada.

O’zbekiston, Qirg’iziston, Tojikiston, ham Yaqin Sharqdagi keskinlikni darhol to’xtatish, ziddiyatni diplomatik yo’llar bilan hal qilish tarafdori.

Qozog’iston hozircha Yaqin Sharqdagi ziddiyat yuzasidan biror rasmiy bayonot bergani yo’q.

Qozog’iston ayni paytda Isroilda bo’lib turgan o’z fuqarolarini lozim taqdirda evakuatsiya qilish harakatida. Isroilda va G’azo sektoridagi qozog’istonliklar soni 400 nafardan oshiq baholanyapti.

Ziddiyat ortidan O’zbekistonning Isroildagi elchixonasi Isroilda bo`lib turgan o’zbekistonliklarni ogohlikka chaqirib, Isroil va O’zbekiston o’rtasidagi aviqatnovlar davom etayotganini bildirgan.

XAMAS hamla qilgan nuqtalardan biri, 7-oktabr, 2023
XAMAS hamla qilgan nuqtalardan biri, 7-oktabr, 2023

Mintaqa davlatlari tashqi ishlar vazirliklari tomonlarni diplomatik muzokaralarga chaqirayotgan bo`lsada, ularning hech qaysi biri ziddiyat sabablari yuzasidan o’z pozitsiyasini bildirmagan.

Turk davlatlar orasidan faqat Turkiya ziddiyat sabablariga ishora qilingan bayonot bilan chiqdi, prezident Tayib Erdag’on mintaqada 1967 yil chegaralariga asoslangan mustaqil Falastin davlati tashkil etilmas ekan beqarorlik davom etishini ta’kidladi.

Isroil va XAMAS o’rtasida 3 kundan buyon davom etayotgan urush tashqi dunyoni asosan diniy mansublikka ko’ra ajratdi, aksariyat musulmon davlatlarida XAMAS olqishlab chiqilgan bo’lsa, G’arbda XAMAS terrorchilikda ayblandi, Isroil shaksiz qo’llab quvvatlab chiqildi.

O´zbekiston, Markaziy Osiyo ham ziddiyatga nisbatan ehtiyotkorona munosabat bildirayotgan musulmon davlatlari qatorida.

Bu matbuotda ham kuzatiladi. Biroq O’zbekistondagi ayrim nashrlar, jumladan Kun.uz, Daryo.uz, Xabar.uz Yaqin Sharq mojarosi xususida tahliliy maqolalar bergan.

Ijtimoiy tarmoqlarda munozaralar qizg’in. XAMASni terror usullarini qo’llashda ayblayotganlar ham, hujumni falastinliklarning ozodlik uchun kurashi sifatida talqin etayotganlar ko’p.

G'azodan raketa tushganidan keyingi manzara, Ashkelon, 9-oktabr, 2023
G'azodan raketa tushganidan keyingi manzara, Ashkelon, 9-oktabr, 2023

Ijtimoiy tarmoqdagi postlar va ekspertlar tomonidan qoldirilayotgan sharhlar Yaqin Sharq ziddiyatiga munosabat jamoatchilikning dindorlik darajasiga bog’liq emasligini ko’rsatadi.

Ziddiyat haqida fikr bildirayotgan dindorlar, hatto demokratlar ham mojaro tarixiga, BMT tomonidan tasdiqlangan chegaralar Isroil tomonidan buzib kelinganiga diqqat qaratadi.

Bu sharhlarda O`zbekistoning rasmiy pozitsiyasi muhokamaga olinmaydi, faqat siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimov Yaqin Sharqdagi ziddiyatni madaniyatlar urushiga qiyoslar ekan, rasmiy Toshkent pozitsiyasi Falastin davlati tashkil topishni qo’llashdan iborat bo`lishi kerakligi, ammo Toshkent ehtikorligicha qolayotganini ta’kidlab o’tadi.

Bu fikrlarga qarshi Falastin ozodligi uchun kurashni terror xurujiga aylantirmaslik lozimligi, ziddiyatga milliy manfaatlardan, geosiyosiy jarayonlardan kelib chiqib baho berish zarurligiga doir mulohazalar ham bor.

7-oktabr kuni XAMAS guruhi Isroilga raketalar bilan hujum qilib, chegaralarni yorib kirdi. Hozirgacha 1000 dan oshiq odam o'lgan.

Isroilda harbiy holat e’lon qilingan. G'azo sektori qamalda. G'arb XAMASni terrorizmda ayblab, Isroilni quvvatlamoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG