Breaking News

Isroil - Saudiya Arabistoni aloqalaridagi normallashuv jarayonining taqdiri nima bo'ladi?


Hamas Isroilga hujum qilishi ortidan Isroil va Saudiya Arabistoni o’rtasida ketayotgan aloqalarni normallashtirish jarayonining kelajagi savol ostida qoldi. Aloqalarni tiklash sa’y-harakatida AQSh faol ishtirok etayotgan edi.

AQShning vositachilik harakatlari haqidagi savolga Davlat kotibi Entoni Blinken Bayden ma'muriyati hozirda bu masalaga e'tibor qaratmayotganini aytdi.

Aloqalarni normallashtirish jarayoni hozir qay nuqtada turibdi?

“Hozir asosiy e’tibor Isroilga zudlik bilan Xamas hujumini bartaraf etishda yordam berishga qaratilgan. Biz aynan shu narsaga e'tibor qaratmoqdamiz ", - dedi Blinken “NBC” telekanalining "Meet the Press" dasturiga bergan intervyusida.

Oq uy Milliy xavfsizlik kengashi matbuot kotibi Jon Kirbi dushanba kuni jurnalistlarga bergan bayonotida ham shu fikrni takrorladi, ammo vositachilikni butunlay to’xtatish haqida o’ylashga hali erta ekanini aytdi.

Kirbi 29-sentabr kungi muloqotida Isroil-Saudiya o‘rtasidagi munosabatlarni normallashtirish yo‘lida muvaffaqiyatlarga erishilganini qayd etgan edi.

Ijobiy o’zgarislarga misol sifatida Ar-Riyodga Isroil hukumati ikki vazirining sentabr oyi oxiri va oktyabr oyi boshida xalqaro konferentsiyalarda ishtirok etish uchun borganini aytish mumkin. Bu Isroil Vazirlar Mahkamasi darajasidagi amaldorlarning Saudiya Arabistoniga birinchi ommaviy tashrifidir.

Eron normallashuv jarayoniga qanday munosabat bildirmoqda?

Tez-tez Isroilni yo'q qilishga chaqiradigan Eron hukumati uzoq vaqtdan beri arab va musulmon xalqlarining yahudiy davlati bilan aloqa o'rnatishiga qarshi bo'lib keladi.

3-oktabr kuni chop etilgan xabarda Eronning davlatga qarashli “Press TV” agentligi oliy rahnamo oyatulloh Ali Xomanaiyning Tehrondagi islom konferensiyasida Isroil bilan munosabatlarni normallashtirishga intilayotgan hukumatlar “xatoga yo‘l qo‘yayotgani va poygada yutqazgan otga pul tikishayotganini” aytgan edi.

Xamanaiyning katta maslahatchisi Ali Akbar Viloyati dushanba kuni “Press TV” tomonidan e’lon qilingan bayonotida yanada qattiqroq ogohlantirdi. U Hamasning Isroilga hujumi muvaffaqiyatli bo‘lganini maqtab, Isroil yo‘lidan yurganlarga nima bo’lishi “mintaqadagi ayrim hukumatlar”ga saboq berishi kerakligini ta’kidladi.

Viloyati va Xomanaiy o’z nutqida Saudiya Arabistoni ismini tilga olmagan. Tehron shu yil boshida Ar-Riyod bilan munosabatlarini normallashtirgan, har ikki tomon ham yetti yillik aloqalardan so‘ng o‘z poytaxtlarida elchixonalarini qayta ochgan edi.

AQSh normallashuvdan nimalarni umid qilmoqda?

Blinken jurnalistlar bilan muloqotda AQSh vositachilik sa'y-harakatlarida hal qilinishi kerak bo'lgan ko'plab "qiyin" muammolarga duch kelayotganini tan oldi.

Unga ko’ra, Isroil-Saudiya o'rtasidagi kelishuv ikkita asosiy foydani berishi mumkin.

Ulardan biri "mintaqa va kelajak uchun yanada barqarorlik, kengroq integratsiya va odamlar hayottini yaxshilash" imkoniyati bo’lsa, ikkinchisi “isroilliklar va falastinliklarning o'zaro kelishmovchiliklarni hal qilish istiqbolini” yaratadi, dedi AQSh davlat kotibi.

Nima uchun Saudiya Arabistoni Isroil bilan aloqalarni yaxshilashga intilmoqda?

Ar-Riyodning ta'kidlashicha, Isroil bilan kelishuv G'azo va G'arbiy Sohilda o'nlab yillar Isroil ishg'oli va Xamas nazorati ostida yashovchi falastinliklarning hayotini yaxshilash choralarini yuzaga chiqaradi va bu kelishuv Xamasning asosiy raqibi, Falastin Prezidenti Mahmud Abbos boshchiligidagi hukumatni ham o'z ichiga olishi kerak.

Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon 20-sentabr kuni “ Fox News” telekanaliga bergan intervyusida “Biz uchun Falastin masalasi juda muhim”, degan edi.

U normallashuv kelishuvi bo'yicha muzokaralarga ishora qilib, "har kuni biz shu maqsadga yaqinlashyapmiz" dedi va bu muzokaralar "falastinliklarning hayotini osonlashtirishiga umid bildirdi.

Agar Eron yadro quroliga ega bo'lsa, nima bo'ladi degan savoliga shahzoda Muhammad "biz ham shunday qurolga ega bo'lishimiz kerak", deb javob berdi. U bu masala AQSh va Isroil bilan davom etayotgan muzokaralarda ham ko’tarilgan yoki ko’tarilmagani haqida aniqlik kiritmadi.

Isroilning arablar bilan aloqalarni yaxshilashdan maqsadi nima?

Yakshanba kuni Isroil normallashuv kelishuviga erishish harakatlarini to'xtatishni istamasligini aytdi.

Isroilning BMTdagi elchisi Gilad Erdan jurnalistlarga bergan intervyusida “Biz bu masala muhokamadan chetda qolishi uchun hech qanday sabab ko‘rmayapmiz”, dedi.

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu 22-sentabr kuni BMT Bosh Assambleyasiga qilgan murojaatida normallashtirish harakatlariga optimistik baho berdi. Uning so'zlariga ko'ra, Isroil Saudiya Arabistoni bilan "yangi Yaqin Sharq"ni yaratadigan tinchlik ustida ishlayapti.

“Bunday tinchlik arab-Isroil mojarosiga barham berish uchun yo'l bo'ladi. Bu boshqa arab davlatlarini Isroil bilan munosabatlarini normallashtirishga undaydi. Bu falastinliklar bilan tinchlik o'rnatish istiqbollarini oshiradi. Bu yahudiylik va islom oʻrtasida kengroq yarashuvga turtki beradi”, - dedi Netanyaxu.

Ammo u “Eronni boshqarayotgan mutaassiblar bu tarixiy tinchlikni buzish uchun qo‘llaridan kelganini qilishlari” haqida ham ogohlantirdi.

Netanyaxu Eronning Hamas kabi Falastindagi guruhlarni uzoq vaqtdan beri qurollantirayotganini ta'kidlab, xalqaro hamjamiyatni "yadroviy Eron tahdidini to'xtatishga va uning fanatizmi va tajovuzkorligini qaytarishga" chaqirdi.

Isroil normallashtirish kelishuvi doirasida falastinliklar uchun yashash sharoitlarini yaxshilash bo’yicha qanday choralar ko'rishi mumkinligi haqida gapirmadi. Isroil hozir Xamasni mag'lub etish uchun urushga e'tibor qaratgan bir paytda uning hukumati ham, muxolif partiyalari ham bunday imtiyozlarni yaqin orada muhokama qilishi kutilmayapti.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG