Breaking News

Riyod va Tehron Xitoy vositachiligida aloqalarini tikladi


Eron va Saudiya Arabistoni ko’p yillik kelishmovchiliklarni chetga surib, diplomatik aloqalarni tiklashga, kelasi ikki oy ichida elchixonalarini qayta ochishga kelishib oldi.

AQShning Yaqin Sharq mintaqasida mavqeyi pasayib borayotgani haqidagi qarashlar fonida, Pekinda imzolangan bu kelishuv Xitoy uchun katta diplomatik g’alaba deya ko’rilmoqda.

Oq uy Yamandagi urushni tugatish, mintaqadagi keskinlikni yumshatishga qaratilgan Xitoy sa’y-harakatlarini olqishlashini bildirdi.

“Qanday manfaatlar ko’zda tutilayotgani va kim muzokara stoliga o’tirganidan qat’i nazar, agar kelishuv ish bersa, Yamanda urush tugatilsa, xusiylarning Saudiya Arabistoniga hujumlariga chek qo’yilsa, biz buni qo’llab-quvvatlaymiz”, - deydi Oq uy milliy xavfsizlik kengashi matbuot kotibi Jon Kirbi.

Eron kelishuvga rioya qiladimi, yo’qmi, buni vaqt ko’rsatadi, deydi u. Kirbining tasdiqlashicha, Vashington muzokaralarda ishtirok etmagan.

Eron ommaviy axborot vositalari Xitoyda o’tgan muzokaralardan tasvirlar va videolarni havola etdi. Ularda Eron Milliy xavfsizlik oliy kengashi kotibi Ali Shamxoniy, Saudiya Arabistoni milliy xavfsizlik maslahatchisi Musad bin Muhammad al-Ayban va Xitoy bosh diplomati Van Yini ko’rish mumkin.

Eron televideniyesiga ko’ra, ikki davlat tashqi ishlar vazirlari elchilarni tayinlashga tayyorgarlik ko’rish uchun uchrashishi kutilmoqda. Muzokaralar to’rt kun davom etgan.

Xitoy diplomati Van Yi Tehron va Riyodni “dono qarori” uchun tabriklab, Xitoy kelishuvni qo’llab-quvvatlashini bildirmoqda.

Siyosatshunos Robert Deyli nazdida bu Tehron, Riyod va Pekin uchun katta diplomatik yutuqdir.

“Agar Qo’shma Shtatlar jahon poytaxtlarida, global forumlarda kamnamo bo’lishda davom etsa, faqat o’zini ayblashi kerak. Eron-Saudiya kelishuvi Xitoyning qandaydir hiyla-nayrangi emas, bu maqsadga erishish uchun u bir necha yil mehnat qildi”, - deydi Deyli.

Fevralda Eron prezidenti Xitoyga tashrif buyurgan edi. Xitoy - Saudiya Arabistoni neftining yirik xaridorlaridan biri. Uchinchi besh yillik muddatni qo’lga kiritgan Prezident Si Zinpin 2022-yilning dekabrida Riyodga borib, neft ta’minoti uchun muhim bo’lgan Fors ko’rfazi davlatlari bilan uchrashuvlarda qatnashgan.

Eron rasmiysi Ali Shamxoniyga ko’ra, muzokaralar “shaffof va konstruktiv” o’tgan.

“Tushunmovchiliklarga barham berish, Tehron-Riyod aloqalarini kelajakka qarab yo’naltirish mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlikni yaxshilashga, shuningdek, Fors ko’rfazi davlatlari va islom dunyosi o’rtasidagi muammolarni hal qilish uchun hamkorlikni kuchaytirishga xizmat qiladi”, - deydi u.

Mintaqaviy raqiblar o’rtasidagi munosabatlar tarang edi. Saudiya Arabistonining Erondagi diplomatik idoralariga namoyishchilar bostirib kirishi ortidan qirollik 2016-yilda aloqalarni uzgan. Undan bir necha kun oldin Riyod taniqli shia ulamosini qatl etgani norozilik namoyishlariga turtki bergan.

Valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon Eron oliy rahnamosi Oyatulla Ali Xomeneiyni Adolf Gitlerga qiyoslab, Eronga zarba berish bilan tahdid ham qilgan.

AQSh 2018-yilda Eronning yadroviy dasturi bo’yicha xalqaro kelishuvidan chiqqanidan so’ng Yaqin sharqda keskinlik yanada oshdi. Eron qator hujumlarda, jumladan 2019-yilda Saudiyaning neft inshootiga hujumda ayblangan.

Eron va Saudiya mintaqadagi mojaro zonalarida raqib tomonlarni qo’llab-quvvatlaydi, jumladan Yamanda. 2014-yilda Eron qo’llab-quvvatlagan xusiylar Yaman poytaxtini bosib olgach, hukumat a’zolari Saudiyaga qochgan. Saudiya Yamanning surgundagi hukumatini yoqlab, urushga kirgan.

Diplomatik sa’y-harakatlarga qaramasdan, Yamanda olti oylik sulh o’tgan yil oxirida nihoyasiga yetdi, urush yana avj olishi mumkin degan xavotirlar bor. Urush 150 mingdan ziyod odamning yostig’ini quritgan.

Tinchlik muzokaralari bir necha oydan buyon davom etmoqda, xususan Ummonda. Bu mamlakat Vashington va Tehron o’rtasida vositachilik qilib keladi. Ramazon oyi boshlanishi oldidan kelishuv imzolanishiga umid bor. So’nggi yillarda Eron va Saudiya o’rtasida bir necha bor muzokaralar bo’lib o’tgan.

AQSh harbiy-dengiz kuchlari va ittifoqchi davlatlar so’nggi oylarda Erondan Yamanga yo’nalayotgani aytilgan qurollarni musodara qilgan. Tehron xusiylarni qurol bilan ta’minlayotganini inkor etadi. BMT bu guruhga qurol-yarog’ uzatishni man etadi.

Yaqin Sharq instituti tahlilchisi Aleks Vatankaga ko’ra, Xitoy vositachiligidagi kelishuv Riyodning strategik hisob-kitobiga asoslanadi va Saudiya Arabistoni Vashington o’rniga Pekinni tanlayotganini anglatmaydi.

Saudiya iqtisodiy islohotlar yo’lidan borar ekan, deydi u, Yaman mojarosi xorijiy investorlarni jalb qilishni qiyinlashtirmoqda.

“Saudiya Arabistoniga Yaman urushini tugatishga kim yordam bera oladi? Qo’shma Shtatlar emas, chunki uning Eronga so’zi o’tmaydi. Eronning eng yirik savdo sherigi Xitoy bu ishni uddalay oladi”, - deydi Vatanka.

Uning tahlilicha, kelishuv Saudiya va Fors ko’rfazi davlatlarining Vashington bilan munosabatlariga ta’sir qilishi ehtimoli past. Ular xavfsizlik uchun hamon AQShga tayanadi, deydi Vatanka.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG